Polène – yangi it-bag
Zamonaviy must-have
Shunday narsalar borki, ular shunchaki aksessuar emas, balki uslub va nafislik ramziga aylanadi. Polène sumkalari aynan shunday. Ularning taniqli minimalistik dizayni butun dunyo moda ixlosmandlarining qalbini zabt etdi. Oddiy, ammo nafis shakllar mavjud hashamatga yaqinlashgan fransuz jozibasini ifodalaydi.
Parijdan sevgi ila
Polène – 2016-yilda moda sanoatidagi ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladigan aka-uka va opa-singil Mutronlar tomonidan yaratilgan oilaviy brend. Ularning katta bobosi Leon Legalle telnyashkalari bilan mashhur bo‘lgan fransuz Saint James brendiga asos solgan.
Polène’ni yaratish qarori 2014-yilda Mote ismli o‘rtancha aka Madriddagi Hermès ustaxonasiga tashrif buyurganida kelgan. Sumka yaratish jarayonini kuzatib, u detallar va qo‘l mehnati qanchalik muhimligini anglagan – shu paytdan boshlab Mutron oilasi o‘z brendi ustida ishlay boshlagan. Asosiy g‘oya hashamatli brendlarning mashhur modellariga taqlid qilmasdan yuqori sifat, original dizayn va arzon narxni birlashtirgan sumkalar yaratish edi.
Dizayn va sifat: Polène sumkalarini nima o‘ziga xos qiladi
Polène sumkalari mashhurlar va inflyuenserlar orasida tezda ommalashdi. “ Emili Parijda” seriali bosh qahramoni va Keyt Middltonning obrazlarida paydo bo‘lishi tufayli Polène sumkalari ijtimoiy tarmoqlarda “virusga aylandi” – bu ularning ommalashuvida hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Shuni ta’kidlash joizki, brend yuqori sifat va arzon narx o‘rtasidagi muvozanatga erishdi, bu esa uni keng auditoriya uchun jozibador qildi. Sumkalarning narxi 400 dan 650 yevrogacha. Shu bilan birga, har bir model Ispaniyada qo‘lda tayyorlanadi, bu esa mahsulotlarning o‘ziga xosligi va a’lo sifatini ta’minlaydi. Polène’ning nafis, ammo amaliy dizayni aksessuarni har qanday kiyim va vaziyatlarga oson moslashtirish imkonini beradi.
Polène sumkalarining mashhur modellari
Mashhur Polène modellari orasida Numéro Un – mukammal nisbatlarga, vazmin dizaynga va qulay o‘lchamga ega brend ramzini ajratib ko‘rsatish mumkin. Cyme, o‘z navbatida, har qanday vazifani uddalaydi: unga nafaqat noutbuk, balki butun kun uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar sig‘adi. Numéro Dix o‘zining qat’iyligi va geometrik shakli bilan ajralib turadi. Bu sumkalar fransuz nafosati va benuqson sifatning timsoli bo‘lgan brend muxlislari orasida haqiqiy must-have hisoblanadi.
Polène’lar osonlik bilan zamonaviy obrazning asosiga aylanadi va har safar sizni mamnun qiladi.