Ranglar psixologiyasi

Kiyim javonimizdagi ranglar biz haqimizda nimalar deydi?

Fotо: Spotlight

Psixologlarning ta’kidlashicha, kundalik hayotimizda bizni o‘rab turgan ranglar har birimizning his-tuyg‘ularimizga va idrokimizga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq kiyim-kechak haqida so‘z borganda, ularning ahamiyati yanada chuqurlashadi. Yorqin ranglardan tortib to mayin tuslargacha, har bir rang o‘ziga xos ma’no va kayfiyatni ifodalaydi.

Stilistlarning aytishicha, tashqi ko‘rinishdagi to‘g‘ri tanlangan ranglar ichki uyg‘unlikni his qilish va atrofdagilarga o‘zingiz haqingizda to‘g‘ri ma’lumot berish imkonini yaratadi.

Oq 

Ushbu rang poklik, soddalik, begʻuborlik sifatlari bilan yodga olinadi. U fikrlarning tiniq va sof bo‘lishiga ko‘maklashadi. Ushbu rangni, asosan, tartibli, dangal hamda rostgoʻy insonlar tanlaydilar. Oʻzining ixchamligi va oddiyligi bilan bu rangdagi kiyim boshqa ranglar bilan osongina uyg‘unlashadi. Oq rang ham kundalik hayotda, ham tadbirlar uchun moʻljallangan obrazlarni mukammal ravishda toʻldirib turadi.

Fotо: Spotlight

Qora 

Rasmiylik va ishonch, nazokat va nafislik rangi. Qora rang libosda oʻziga boʻlgan ishonchni, kuch hamda qat’iyatni tasvirlaydi. Ammo boshqa tomondan, bu rangning haddan ortiq ishlatilishi yopiqlik va sirlilikni ifodalaydi. Muhimi – ichki tuyg‘u va muvozanatni saqlashdir.   

Fotо: Spotlight

Qizil 

Bir tarafdan, ushbu rang muhabbat  va kuch-quvvatni bildirsa, boshqa tarafdan keskinlik va barqarorlikni aks ettiradi. Qizil rangni kuchli fe’l-atvorga ega, oʻziga ishongan va o‘zini ko‘rsatishga tayyor odamlar kiyishadi. Qizil rangdagi obrazda sizni aniq payqaydilar va eshitadilar.  

Fotо: Spotlight

Kulrang

Bu rang neytral rang boʻlib, muvozanat rangi hisoblanadi. Kulrang xotirjamlik, mo‘tadillik, xavfsizlik va yetuklikni ifodalaydi. Bunday rang ishga oid va rasmiy muhit uchun juda mos keladi.

Fotо: Spotlight

To‘q sariq 

To‘q sariq – mardlik, kirishimlilik, muvaffaqiyat rangi. Bu rang kundalik hayotingizga shodlik hamda bayram shukuhini bagʻishlaydi. Ushbu rangni har qanday vaziyatga turli nuqtayi nazardan qarashga qodir boʻlgan ijodkor insonlar tanlaydilar. Ular xushchaqchaq va ko‘tarinki ruhdagi odamlar. Shuningdek, to‘q sariq rangining ishqibozlari juda impulsiv bo‘lishlari mumkin.

Fotо: Spotlight

Sariq

 Optimistlik, ichki xotirjamlikka ega va tashqi olam bilan uyg‘un munosabatda bo‘lgan insonlar sariq ranglarni afzal ko‘rishadi. Bu rangni erkin fikrli, xushchaqchaq odamlar tanlaydi. Psixologlar barcha insonlarga, ayniqsa, kuz-qish mavsumida, kundalik hayotga yorqinlik qo‘shish uchun kiyim javonlariga sariq rangdagi narsalarni kiritishni tavsiya etadilar.

Fotо: Spotlight

Pushti

U koʻpincha “ayollik” bilan timsollanadi, hattoki “qizlar” rangi deb ham ataladi. Pushti rangi – ziyraklik, iffat  hamda gʻamxoʻrlikni ifoda etadi. Bunday turdagi insonlar tez muloqotga kirishadigan, mehribon, samimiy va nozik koʻngilli hisoblanadi. Tashqi ko‘rinishdagi «qizlar» rangi kayfiyatni romantik va quvnoq qilib ko‘rsatadi.

Фото: Spotlight

Koʻk

Koʻk rangining barcha tuslari: toʻyingan toʻq ranglardan tortib, yumshoq ranglarigacha – ishonch, sokinlik va sodiqlikni bildiradi. Psixologlarning taʼkidlashicha, ushbu rangdagi kiyimlarni, yuqori darajadagi shaxsiy intizomga hamda mas’uliyatga ega boʻlgan insonlar tanlaydi. Qolaversa, koʻk kiyimdagi insonlar samimiy, jonkuyar, mehribon sanaladilar. 

Fotо: Spotlight

Yashil 

Tabiat rangi boʻlib, yashil rang garderobda yangilanish hamda hayot sifatini yaxshilashga sabab boʻladi. Bu – barqaror, aqlan teran, dunyoga ochiq insonlarning rangi. Toʻgʻri tanlangan yashil rang obrazingizga yangilik va ishonch baxsh etadi.

Fotо: Spotlight

Agar siz yuqorida tavsiflangan xususiyatlardan biriga ega bo‘lishni istasangiz, turli ranglar ifoda etadigan ma’nolarni inobatga olgan holda kiyim-kechagingizga yangi ranglarni qo‘shishni boshlang. Tajribalarga ochiq bo‘ling, ongingiz chegaralarini kengaytiring va yangiliklarni yuqori ishtiyoq bilan sinab ko‘ring!

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin