Skandinaviya uslubi: xarakterli minimalizm

Ongli tanlov uchun ilhomlanish

Foto: SPOTLIGHT

Shvetsiya, Norvegiya va Daniyani o‘z ichiga olgan Skandinaviya yuqori hayot sifati va minimalistik dizaynga sodiqligi bilan mashhur. Bu qadriyatlar mintaqa chegaralaridan tashqariga chiqib, zamonaviy modaga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan skandinav uslubida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ganni, Filippa K va Acne Studios kabi brendlar nafaqat zamonaning talablariga javob beradigan, balki yangi tendensiyalarni belgilaydigan kolleksiyalarni taqdim etish orqali sanoatda yangi mezonlarni o‘rnatmoqda. Skandinaviya uslubining asosiy xususiyatlari - soddalik, amaliylik va ekologik yondoshuv - ongli iste’mol va minimalizmni o‘z ichiga olgan zamonaviy qadriyatlarni mujassamlashtiradi.

Foto: SPOTLIGHT

Minimallikni saqlagan holda

Hayot va buyumlarga amaliy yondashishi bilan tanilgan Skandinaviya mamlakatlarini tilga olishda birinchi bo‘lib minimalizm xayolimizga keladi. Skandinaviya uslubi tarixan minimalizmga asoslangan bo‘lib, u toza chiziqlar, sodda shakllar va funksional dizaynda o‘z aksini topadi. Bu qulaylik material va bichim sifatiga e’tibor qaratish imkonini beradi, natijada buyumlar chidamli va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi. Misol uchun, Bite Studios brendi o‘zining sifat va chidamlilikni aks ettiruvchi vazmin dizayni bilan mashhur. Daniyaliklar va shvedlar o‘zlarining kamtarona va sodda hayot tarziga sodiqliklarini ko‘rsatadigan aniq va lo‘nda obrazlarni afzal ko‘radilar.

Foto: SPOTLIGHT / Bite Studios

Ammo bu minimalizm orasida o‘yinqaroqlik va ranglar bilan tajribalar o‘tkazish orqali o‘z-o‘zini namoyon qilish uchun makon ham mavjud. Skandinaviya modasining maksimalistik jihati guldor naqshlar, kontrastli bezaklar va an’anaviy to‘qimachilik mahsulotlarida, masalan, Stine Goya kolleksiyalarida namoyon bo‘ladi. Bu elementlar uslubga qiziqarlilik va o‘ziga xoslik qo‘shib, uni yanada jonli va harakatchan qiladi.

Foto: SPOTLIGHT / Stine Goya

Iqlimga moslashish yoki funksional nafislik

Skandinaviya kiyim uslubida funksionallik asosiy o‘rinni egallaydi, unda qulaylik va ixchamlikka urg‘u beriladi. Asosiy diqqat-e’tibor sifatli materiallar, puxta o‘ylangan bichim va universal ko‘rinishga qaratilgan bo‘lib, bu har bir buyumni nafaqat zamonaviy, balki kundalik kiyinishda qulay qiladi. Ushbu falsafa uzoq muddat xizmat qiladigan va turli iqlim sharoitlariga yaxshi moslashadigan mahsulotlarni yaratishni ko‘zda tutadi, bu ayniqsa shimoliy kengliklar uchun ulkan ahamiyatga ega.

Foto: SPOTLIGHT

Ko‘p qatlamlilik tamoyili Skandinaviya modasining asosiy jihatlaridan biri bo‘lib, harorat o‘zgarishlariga moslashish imkonini beradi. Masalan, Acne Studios va Norse Projects brendlari asosiy qatlamlarning xilma-xilligini taklif qiladi. Bu qatlamlar ustki kiyim bilan oson uyg‘unlashadi va ob-havo sharoitiga mos keladi.Bunday to‘plamlarda yengil sviterlar, termotexnika buyumlari va ko‘p xususiyatli kurtkalarni uchratish mumkin.

Foto: SPOTLIGHT / Acne Studios

Mustahkamlik

Skandinaviyalik dizaynerlar turg‘un moda nafaqat jozibali, balki dolzarb ekanligini isbotladilar. Ularning ekologik nuqtayi nazardan anglangan yechimlari dizayn falsafasining ajralmas qismiga aylandi. Ganni va Filippa K kabi brendlar qayta ishlangan materiallar va tabiiy tolalardan faol foydalanib, nafaqat zamonaviy ko‘rinishga ega, balki barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadigan kiyimlarni taklif etmoqda. Chunonchi, Ganni qayta ishlangan matolardan o‘z kolleksiyalarini yaratadi, Filippa K esa qayta ishlash uchun eski kiyimlarni qaytarish dasturlarini ishlab chiqadi.

Foto: SPOTLIGHT / Filippa K

Dizaynerlar uzoq vaqt xizmat qiladigan va shu bilan sanoatda chiqindilar miqdorini kamaytiradigan narsalarni yaratishga intiladilar. Ular ongli ravishda iste’mol qilish va qayta ishlashga undovchi targ‘ibot ishlarida ham faol ishtirok etadilar. Skandinaviya uslubi shunchaki modaga aylanib qolmay, balki odamlarni modada ongliroq tanlov qilishga ilhomlantiradigan harakatga aylanmoqda.

Foto: SPOTLIGHT / Ganni

O‘zbek qizlari uchun Skandinaviya ilhomnomasi

Skandinaviya uslubi, ayniqsa qish mavsumi boshlanishi bilan, moda obrazlari uchun tobora aktual ilhom manbai bo‘lib bormoqda. Skandinaviyaliklar namoyish etgan ko‘p qatlamli kiyinish va ustki kiyimlarni birlashtirish mahorati har bir kompozitsiyani san’at asariga aylantiradi. Kamtarona va zamonaviy kiyinishga intiluvchi o‘zbek qizlari uchun Skandinaviya nafosati ko‘plab qulayliklarni taqdim etadi.

Foto: SPOTLIGHT

Mo‘tadil siluetlar, qulay matolar va sodda yondashuv bu uslubni kamtarona moda tamoyillariga mos keladigan zamonaviy ko‘rinishlarni yaratish uchun ajoyib tanlovga aylantiradi. Skandinaviya dizaynida ustuvor bo‘lgan barqarorlik g‘oyasi kishilarni ongliroq iste’molga undaydi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin