Sovuq mavsumdagi qaynoq sho‘rvalar
Issiq harorat va shinamlik baxsh etadigan uchta mazali sho‘rva
Qish yaqin va biz ba’zida issiq joyga sakrab o‘tib, xushbo‘y va tutunli taomlar bilan isinishni xohlaymiz. Issiq sho‘rvalar bunday holatlar uchun ajoyib variantdir. Sovuq ob-havo uchun juda mos keladigan bir nechta issiq sho‘rva retseptlari:
Vengriya gulyash sho‘rvasi
Zarur masalliqlar:
Mol go‘shti - 600 g
Bulg‘or qalampiri - 3 dona
Piyoz - 1 dona.
Sabzi - 1 dona.
Kartoshka - 4 dona.
Ko‘k piyoz - xohishga ko‘ra
O‘simlik yog‘i - 2 osh qoshiq
O‘z sharbatidagi pomidorlar - 400 ml
Paprika - 1 osh qoshiq
Sarimsoqpiyoz - 4 tishcha
Yangi petrushka
Tuz - taʼbga ko‘ra
Maydalangan qora murch - taʼbga ko‘ra
IX asrda paydo bo‘lgan bu xushta’m taom nomi “Cho‘pon” degan maʼnoni anglatadi. Cho‘ponlar go‘shtni suyuqligi yo‘qolib ketguncha dimlab, keyin oftobda quritib, “tanovul istagi uyg‘onganda biroz suv solib isitishgan”.
Bu venger taomi anʼanaviy ravishda piyoz, bulg‘or qalampiri, ildizmevalar, turli ziravorlar va baʼzan pomidor bilan to‘yingan bulonda pishirilgan mol go‘shtidan tayyorlanadi. Gulyash Vengriyadan tashqarida ham mashhur taom. Ko‘pgina mamlakatlarda bu so‘z quyuq raguga sinonim bo‘lsa, Vengriyada gulyash asosan sho‘rvaga o‘xshash taomdir.
Uni tayyorlash uchun bizga mol go‘shti kerak bo‘ladi. Uni yaxshilab yuvish, quritish va o‘rtacha kattalikdagi to‘rtburchak shaklida kesish kerak.
Mayda to‘g‘ralgan piyoz sariyog‘da (eritilgani maʼqulroq) oltin rangga kirgunicha qovuriladi. So‘ngra paprika qo‘shiladi va har tomoniga tekguncha yaxshilab aralashtiriladi.
Piyoz va paprikali tovaga go‘sht, tuz va taʼbga ko‘ra ziravorlar solinadi. Go‘sht qattiq olovda qizarguncha qovuriladi. Shundan so‘ng ozgina suv qo‘shib, bir soat dimlab qo‘yiladi.
Shu bilan birga, taomning qolgan tarkibiy qismlarini tayyorlash kerak. Sabzi va shirin qalampirni ixtiyoriy shaklda to‘g‘rash kerak. Sarimsoq tozalanib, maydalanadi, pomidor to‘rtburchak shaklda to‘g‘raladi. Agar idishda pomidor po‘stlog‘ining bo‘lishini istamasangiz, ular oldindan qaynab turgan suvga besh daqiqaga tushiriladi, keyin sovuq suvga solinadi. Buning uchun pomidor po‘stlog‘ida kesik hosil qilish kerak. Bu kabi tartibdan keyin terini osongina olib tashlash mumkin.
Go‘sht tayyor bo‘lgach, unga to‘g‘ralgan sabzavotlar va ozgina issiq suv qo‘shiladi. 15 daqiqa o‘tgach olovni o‘chiring. Bu vaqtda kartoshkani tozalash va to‘rtburchak qilib to‘g‘rash kerak. Kartoshka eng oxirida solinadi. Idish qopqog‘ini yopib, kartoshka tayyor bo‘lishini kutamiz. Shundan keyin olovni o‘chirib, gulyashga dam berish kerak. Paprika va pomidor tufayli gulyash jozibali boy rangga ega bo‘ladi.
“Minestrone” vegetarian sho‘rvasi
“Minestrone” so‘zi sabzavotlardan tayyorlangan quyuq sho‘rva degan maʼnoni anglatadi. Hammamiz ham mazali va shu bilan birga foydali ovqatlanishni istaymiz. Taqdim etilgan retsept bunday yondashuvning yorqin namunasidir. Bu italyan sho‘rvasidagi taʼmlar uyg‘unligi kishini hayratga soladi. Minestrone oila yoki do‘stlar davrasida bayramona kechki ovqatga ajoyib qo‘shimcha bo‘la oladi.
Zarur masalliqlar:
Zaytun yog‘i - 2 osh qoshiq
Piyoz (to‘g‘ralgan) - 1/4 stakan
Sabzi (to‘g‘ralgan) - 1/4 stakan
Selderey (to‘g‘ralgan) - 1/4 stakan
Pomidor pastasi/pyure - 1/2 stakan
Kesilgan mavsumiy sabzavotlar (kartoshka, qovoq, qovoqcha, loviya yoki no‘xat) - 1 stakan
Sarimsoqpiyoz (maydalangan) - 3-4 stakan
Quruq oregano - 1 choy qoshiq
Quruq timyan - 1 choy qoshiq
Pomidor (kesilgan) - 1/4 stakan
1 osh qoshiq qaynatilgan sariyog‘
Sabzavotli sho‘rva - 2 stakan
Tuz - taʼbga ko‘ra
Lavr yaprog‘i - 1
Qizil paprika kukuni - 1/2 choy qoshiq (xohishga ko‘ra)
Murch - taʼbga ko‘ra
Yaxlit donli yoki har qanday makaron - 1/2 stakan
Loviya (pishirilgan) - 1/2 stakan
Yosh ismaloq/karam/bargli karam (kesilgan) - 1/2 stakan
Limon sharbati – 1- 2 choy qoshiq
Pishloq (maydalangan) - bezak uchun (xohishga ko‘ra)
Dastlab bir osh qoshiq moyni idishda qizdirish kerak. So‘ngra to‘g‘ralgan piyoz, sabzi, selderey, pomidor pastasi va ozroq tuz qo‘shing. Sabzavotlar yumshagunicha, piyoz esa yarim shaffof tusga kirguncha vaqti-vaqti bilan aralashtirib dimlab turish zarur. Bu jarayon taxminan 7-10 daqiqa davom etadi. Shundan so‘ng, mavsumiy sabzavotlar, sarimsoqpiyoz, oregano va timyan qo‘shing. Sabzavotlar xushbo‘y hidga ega bo‘lguncha pishirishni davom ettiring, muntazam ravishda taxminan ikki daqiqa davomida aralashtiring.
So‘ngra, to‘rtburchak qilib to‘g‘ralgan pomidor, bulon va bir stakan suv qo‘shing. Tuz, lavr yaprog‘i va qizil qalampir bo‘lakchalarini seping. Yangi tuyilgan qora murch bilan ziravorlar soling.
So‘ngra qizdirishni o‘rtacha darajagacha oshirish va aralashmani qaynashgacha yetkazish kerak. Shundan so‘ng idish qopqog‘ini yarim yopib, bug‘ chiqishi uchun 2,5 santimetrga yaqin oraliq qoldiriladi. Zarur bo‘lsa olovni kamaytiring va 15 daqiqa qaynating.
Belgilangan vaqt o‘tgach, idishdan qopqoqni olib, makaron, loviya va ko‘katlarni qo‘shing. O‘rtacha olovda qopqog‘isiz 20 daqiqa davomida yoki makaron tayyor bo‘lguncha va ko‘katlar yumshaguncha pishirishni davom ettiramiz.
Idishni olovdan olgandan so‘ng, lavr yaprog‘ini sho‘rvadan olib tashlang.
So‘ng limon sharbati va zaytun moyidan bir osh qoshiq qo‘shing. Zarur bo‘lsa, ziravorlar miqdorini taʼbga qarab o‘zgartiring.
Sho‘rvani likopchalarga solib, qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq bilan bezang va issiq holda torting.
Minestrone isteʼmolga tayyor. Yoqimli ishtaha!
Qovoq sho‘rva
Masalliqlar:
1 kg qovoq (taʼbingizdagi turidan)
1 bosh piyoz
2 ta sarimsoqpiyoz tishchasi
3 stakan sabzavotli yoki tovuq sho‘rva
1 stakan suv
Tuz va murch
1/2 stakan qaymoq
3/4 sut
Qovoqning tabiiy taʼmi shunchalik mazaliki, chiroyli, qaymoqli, xushbo‘y sho‘rva tayyorlash uchun sizga juda oz narsa kerak bo‘ladi.
Taqdim etilgan retsept sizga sevimli oshqovoq sho‘rva tayyorlash imkonini beradi. Yangi oshqovoqdan tayyorlangan bu quyuq va mayin sho‘rva o‘ziga xos taʼmga ega va juda tez tayyor bo‘ladi. Sho‘rvani qarsildoq non bilan tortish tavsiya etiladi (yana-da yorqinroq variant uchun pishloqli non ishlatilishi mumkin).
Qovoqli sho‘rvani mazali qilish uchun sirli masalliqlar – piyoz va sarimsoqpiyoz!
Qovoqni tozalab, yirik bo‘laklarga bo‘lamiz.
Idishga piyozni sarimsoqpiyoz bilan birga solib, ustidan bulon va suv quying. Qovoqni kuchli olovda to‘liq pishiramiz.
Bir xil konsistensiyaga erishish uchun immersion blenderdan foydalanish yoki tarkibni statsionar blenderga quyish tavsiya etiladi.
Tuz va murch miqdorini taʼbga qarab sozlagandan so‘ng, o‘z xohishingizga qarab sut yoki qaymoq qo‘shing. Qovoqli sho‘rvani dasturxonga tortish mumkin!
Ushbu quyuq va mayin sho‘rva o‘zining boy ifori bilan sizni xursand qiladi. Qovoqning shirin taʼmi bilan bulyon, sarimsoqpiyoz va piyozning achchiq taʼmlarining uyg‘unligi betakror taʼm yaratadi. Siz, albatta, ushbu mazali sho‘rvaning so‘nggi tomchisigacha ichishni xohlab qolasiz! Qovoq ishtirok etgan boshqa retseplar bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.