Kinoda zargarlik san’atining o‘rni

Taqinchoqlar qanday qilib hikoyaning bir bo‘lagiga aylanadi

foto: roxycinemanewyork

Kinoda obrazning har bir jihati ma’noga ega, taqinchoqlar ham bundan mustasno emas. Ular shunchaki bezak emas, balki qahramonning maqomi, ichki dunyosi yoki yashirin istaklarini aks ettiruvchi vositaga aylanishi mumkin. Ba’zan taqinchoq syujetdagi burilish nuqtasini bashorat qiluvchi yoki uning hissiy teranligini ta’kidlovchi asosiy ramzga aylanadi.

Yarqiroqlik va yolg‘izlik

“Tiffanidagi nonushta” (1961) filmidagi Xolli Golightli (Odri Xepbern) shunchaki uslub timsoli emas, balki taqinchoqlar hayotida muhim o‘rin tutadigan, uning ichki dunyosini aks ettiruvchi qahramondir. Film boshida tomoshabin qahramonni kino tarixidagi eng mashhur obrazlardan birida ko‘radi: uzun qora Givenchy ko‘ylagi, baland atlas qo‘lqoplar, yirik ziraklar, quyosh ko‘zoynaklari va shoda-shoda marvarid marjon. Bu obraz aslzodalikning timsoli, ayni paytda uning yolg‘izligini yashiradigan, puxta ishlangan niqob hamdir.

U taqib yurgan marvarid nafislik va go‘zal hayotga intilishni, shuningdek, himoyalanganlik xomxayolini anglatadi. Xollining Tiffany & Co. do‘koniga bo‘lgan ishtiyoqi faqat qimmatbaho buyumlarga muhabbatdan iborat emas. U o‘z e’tiroficha, u yerga tashvishli damlarida keladi, chunki hashamat va tartib muhiti dunyoda hech qanday yomonlik yo‘qdek his uyg‘otadi. Tiffany’s uning uchun mukammal hayot ramzi bo‘lib, u bu hayotga erishish uchun jon-jahdi bilan intiladi.

foto: FILMICMAG

“Tiffanidagi nonushta” filmidagi taqinchoqlarning ramziy ma’nosi finalga kelib ochiladi: hayoti qochishlar va sarob ustiga qurilgan Xolli hech qanday marvarid va olmoslar ichki bo‘shliqni to‘ldira olmasligini anglaydi. Ular niqobning bir qismi edi, biroq u izlagan narsani – haqiqiy mehr va mansublik tuyg‘usini bera olmadi.

Hokimiyat uzugi

“Cho‘qintirgan ota” (1972) filmidagi Don Vito Korleone obrazining asosiy elementlaridan biri ulkan muhr-uzukdir. Bu aksessuar uning ta’sirini ta’kidlab, hokimiyatning ko‘zga ko‘rinarli belgisiga aylanadi. Mafiya madaniyatida bunday taqinchoqlar yuqori doiraga mansublik, vorisiylik va vaziyat ustidan mutlaq nazoratni anglatgan. Filmda uzuk xuddi shunday vazifani bajaradi – bu e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan obro‘ belgisi.

Uzukning ahamiyati, ayniqsa, Maykl Korleone (Al Pachino) oilada hokimiyatni qo‘lga olgan sahnada yaqqol namoyon bo‘ladi. Otasining uzugini taqib, u o‘zining oldingi hayotidan butunlay voz kechadi va yangi Donga aylanadi. Bu ichki o‘zgarish lahzasi bo‘lib, undan so‘ng u avvalgidek emas. Bu olamda aksessuarlar shunchaki tashqi ko‘rinish unsuri emas, balki taqdirni belgilovchi ramzlardir.

foto: FILMICMAG

Film chiqqandan so‘ng, “Cho‘qintirgan ota” estetikasi nafaqat kinoga, balki modaga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ilgari faqat jinoyat olami bilan bog‘liq bo‘lgan jimjiloq uzuklari yangi maqom kasb etdi – ular e’tiborni tortuvchi aksessuar sifatida taqila boshlandi.

Hashamat – qulash darakchisi

Sofiya Koppolaning “Mariya-Antuanetta” (2006) filmida taqinchoqlar vizual hikoyaning ajralmas qismiga aylanadi. Yosh qirolichaga (Kirsten Danst) in’om etilgan qimmatbaho buyumlar uning fojiali yakunga olib keladigan hashamatga o‘ylamasdan berilib ketishining ramzidir.

Olmos marjonlar, ulkan bilaguzuklar va qimmatbaho to‘g‘nag‘ichlar bilan to‘ldirilgan sahnalar Mariya-Antuanetta yashaydigan dabdabali muhitni ta’kidlaydi. Bu taqinchoqlar tashqi go‘zallik va yarqiroqlik ortida yashiringan, kuchayib borayotgan keskinlik va monarxiyaning yaqinlashib kelayotgan qulashini aks ettiruvchi xayoliy dunyoning timsoli. Fransiya inqilob arafasida turgan bir paytda Versaldagi hashamat bilan real hayot o‘rtasidagi tafovut ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi.

foto: roxycinemanewyork

Sofiya Koppolaning filmida zargarlik hashamatini yaratish uchun liboslar bo‘yicha rassom Milena Kanonero afsonaviy Fred Leyton uyiga murojaat qildi. U 4 million dollarlik zargarlik buyumlarini taqdim etdi – bular har bir kadrni qirollik hashamati bilan bezadi. Taqinchoqlarning rang gammasi liboslarning nozik ohangiga mos kelardi: toza oq brilliantlar, to‘q moviy ranglar va qandday pushti toshlar hayoti fojiali yakunga mahkum bo‘lgan ertakmonand yosh qirolicha qiyofasini ta’kidlardi.

Kinodagi taqinchoqlar libos detallaridan ham muhimroq

Ular rejissyorlarga yashirin ma’nolarni yetkazishda, xarakterlarni ochishda va syujet burilishlarini oldindan ko‘rsatishda yordam beradi. Qahramonlarning maqomi, his-tuyg‘ulari yoki taqdirini aks ettirish orqali ular film vizual tilining muhim qismiga aylanadi. Keyingi safar film tomosha qilayotganingizda, tafsilotlarga e’tibor bering: ehtimol, aynan taqinchoqlar sizga qahramon haqida uning so‘zlaridan ko‘ra ko‘proq ma’lumot beradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles