Villi Chavarria Kendrik Lamar bilan hamkorlikni e’lon qildi
To‘plam “Super Bowl-2025” munosabati bilan chiqariladi
Amerikalik modelyer, WILLY CHAVARRIA brendi egasi va Calvin Klein vitse-prezidenti Villi Chavarria Kendrik Lamar bilan yangi to‘plam ustida ish boshlayotganini ma’lum qildi. “Super Bowl-2025” munosabati bilan tayyorlanadigan kapsul to‘plamga bomber, futbolka, sport shortigi va svitshot kiradi.
Dizayner kiyim sotuvidan tushadigan mablag‘ni Los-Anjelesdagi yong‘inlardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlarga yo‘naltirishini ta’kidladi. To‘plamni yaratishda Milliy futbol ligasi va Lamar hamda uning do‘sti Deyv Fri tomonidan asos solingan ko‘p yo‘nalishli ijodiy kommunikatsiya kompaniyasi pgLang ham hamkorlik qilmoqda.
“Kendrik bilan ishlash ikkalamiz uchun muhim madaniy voqea. Xalqimiz haqida gap ketganda, ikkalamizning ham ovozimiz qat’iydir”, – dedi Chavarria.
Kendrik Lamarning dinamik ijodkorligini Villi Chavarrianing noyob dizayni bilan uyg‘unlashtirib, NFL ushbu eksklyuziv to‘plamni taqdim etishdan faxrlanadi. Bu to‘plam taqdimot ruhini va uni o‘rab turgan madaniyatni aks ettiradi.