2025-yilgi to‘y manikyuri yangiliklari

Klassikadan tortib dadil uslublargacha – kelinlar uchun eng sara g‘oyalar

10 Fev 2025
fotо: freepik

To‘y manikyuri allaqachon klassik fransuz qoplamasi va tabiiy ranglardan ancha ilgarilab ketgan. 2025-yilda kelinlar nafosat, zamonaviy tendensiyalar va shaxsiy didni uyg‘unlashtirgan betakror dizaynlarni tanlaydigan bo‘lishadi. ELLE O‘zbekiston to‘y muharriri siz uchun kelgusi mavsumda kelinlarning e’tiborini tortadigan 8 ta zamonaviy tirnoq pardozlarini jamladi.

Yaltiroq soddalik

Chiziqlarning aniqligi, tabiiy ranglar va shishadek jilo – mo‘tadil nafosatni qadrlaydigan kelinlar orasida eng sevimli uslub. Yarim shaffof laklar, qaymoqrang va mayin pushti rangli yupqa yaltiroq qoplamalar sog‘lom, parvarishlangan tirnoqlar taassurotini uyg‘otib, nafis ko‘rinishni mukammal to‘ldiradi.

fotо: instagram \ @amberjhnails

Metall jilolanishlar

Oltin, kumush, platina va marvarid tovlanishlari tirnoqlarda yorqin jilolanishga aylanadi. Nozik oltin chiziqlari, oynasimon zarqog‘ozli qo‘shimchalar yoki metall tuslanishi nafislikni yo‘qotmagan holda zamonaviylik ohangini qo‘shadi.

fotо: instagram \ @thehotblend

 Gullar mavzusi

Nozik gullar, nafis novdalar va akvarel yaproqlar tasviri hamon urfda. 2025-yilda 3D ko‘rinishidagi gullar bezagi – geldan yasalgan hajmdor gulbarglar yoki shudringga o‘xshash mayda munchoqlar ommalashmoqda.

fotо: instagram \ @thehotblend

Ombra va tutunsimon o‘zgarishlar 

Tirnoqlardagi asta-sekin o‘zgaruvchan rang effekti klassik mayin jilolanishlardan tortib shaftoli bilan lavanda yoki qaymoqrang bilan tillakor jilva singari dadilroq uyg‘unlikkacha. Bunday manikyur yangicha va nafis ko‘rinadi.

fotо: instagram \ @amberjhnails

O‘zgacha fransuz uslubi

An’anaviy uslub yo‘qolmaydi, lekin yangi qirralarga ega bo‘ladi. 2025-yilda fransuz manikyuri rangli uchlar, yaltiroq bezaklar yoki sodda naqshlar bilan boyitiladi. Ayniqsa, nozik chiziqli bezaklar va yumshoq chegarali “baby French” uslubi dolzarb bo‘ladi.

fotо: instagram \ @thehotblend

Marvaridsimon jilva

“Marvarid” tirnoqlar uslubining qayta urf bo‘lishi manikyurni nafis va bejirim qiladi. Tabiiy marvarid jilvasini eslatuvchi mayin yaltiroqlik to‘y libosining har qanday rangi bilan ajoyib uyg‘unlashadi va nozik hashamat taassurotini uyg‘otadi.

fotо: instagram \ @basecoatstories

Kristallar

Manikyuriga tantanavorlik qo‘shmoqchi bo‘lgan kelinlar uchun mayda toshchalar, golografik bezaklar va nozik payetkalar dolzarb. Asosiy qoida – muvozanat: bezak ko‘rinishni ortiqcha bo‘rttirmasligi, balki ta’kidlashi lozim.

fotо: instagram \ @basecoatstories

Maqolani baham ko'ring

Related articles