Vivienne Westwood: kelinlik liboslaridagi metamorfozalar
2027-yilgi Couture va Made-to-Order kolleksiyalarida korsetlar, to‘r va qiyofasini o‘zgartiruvchi liboslar
Britaniyaning Vivienne Westwood modalar uyi Bridal 2027 kelinlik kolleksiyalarini ikki yo‘nalishda — Couture va Made-to-Order’da taqdim etdi. Brendga xos korsetlar va drapirovkalar to‘r, hajmdor etaklar hamda yengil tyul fatasi bilan uyg‘unlashgan. Qiyofani o‘zgartirish g‘oyasi esa kelinlik garderobining bir qismiga aylangan.

Couture asosida metamorfoza g‘oyasi yotadi. O‘n bir obraz kapalak timsoli va kelinning nikoh marosimidan bayram tantanasiga o‘tishini aks ettiradi. Yechib olinadigan shleyflar, almashtiriladigan detallar va etakni yig‘ib ko‘tarish tizimlari bitta libosni turlicha talqin qilish imkonini beradi. Uning silueti kun davomida kelinning kayfiyatiga mos ravishda o‘zgarishi mumkin.


Made-to-Order o‘zgarish mavzusini xotira va o‘zini ifoda etish orqali davom ettiradi: modalar uyi kelinlik libosiga tarixi to‘ydan keyin ham davom etishi mumkin bo‘lgan kiyim sifatida qaraydi. Taniqli korset konstruksiyasi va puxta ishlangan drapirovkalar siluetni belgilasa, to‘rning yangi turlari unga o‘ziga xos faktura bag‘ishlaydi.


Kampaniya suratlarida keng etakli tantanavor liboslar bilan bir qatorda qomatga mos to‘r ko‘ylaklar va kichik bant bilan bezatilgan kalta model ham bor. Ochiq yelkalar, korsetlarning uzaytirilgan chiziqlari, hajmdor yenglar va shaffof qatlamlar kelinlik obrazining turli talqinlarini yaratadi. Ularni uzun qo‘lqoplar, marvarid taqinchoqlar va vualli ifodali bosh bezaklari to‘ldiradi.


Suratga olish ishlari Syon House’ning tarixiy interyerlari, bog‘lari va Viktoriya davriga mansub Great Conservatory oranjeriyasida o‘tkazildi. Kitob javonlari, marmar ustunlar, haykallar va shisha gumbaz kolleksiyalarning teatrona ruhini ta’kidlaydi. Bu fonda Westwood’ga xos jihatlar yaqqol namoyon bo‘ladi: tarixiy liboslarga e’tibor, proporsiyalar bilan dadil ishlash va to‘y kunini o‘z istagiga ko‘ra tashkil etish erkinligi.


