Mukammal uslub: 2025-yil kelinlari uchun asosiy aksessuarlar

Bekam-u ko‘st qiyofa siri

22 Fev 2025
fotо: spotlight \ sareh nouri

Kelinlar, tayyorlanib qo‘ying: 2025-yilgi to‘y modasi odatiy chegaralardan tashqariga chiqib, sizning qiyofangizni yanada go‘zallashtiruvchi yangi urg‘ularni taqdim etmoqda. To‘y an’analari allaqachon shakllangandek tuyulsa-da, aynan aksessuarlar klassik liboslarni qayta talqin qilish va ularga o‘ziga xoslik baxsh etish imkonini beradi. Nafis taqinchoqlardan tortib zamonaviy detallargacha – ELLE O‘zbekiston to‘y muharriri esda qolarli qiyofa yaratishga yordam beradigan eng dolzarb yo‘nalishlarni jamladi.

Vintaj tuldan vual

Klassik vual hamon to‘y libosining muhim elementi bo‘lib qolmoqda, biroq 2025-yilda u vintaj ko‘rinishga ega bo‘ladi. Yengil qadimiy tusli yupqa tul, ehtimol kashta yoki bezak unsurlar bilan, qiyofaga romantiklik va teranlik qo‘shadi. Bunday aksessuar nafaqat retro-uslub muxlislariga, balki qiyofasiga nafislik va sirlilik baxsh etmoqchi bo‘lganlarga ham mos keladi.

fotо: spotlight \ alexandra grecco

Qo‘lqoplar

Qo‘lqoplar to‘yning asosiy aksessuari maqomini ishonch bilan mustahkamlamoqda. 2025-yilda kelinlar qo‘llarning nozikligini ta’kidlovchi nafis to‘r modellarini yoki qiyofaga oliyjanoblik va nafislik qo‘shuvchi silliq atlas variantlarini tanlaydilar. Bunday qo‘lqoplar, ayniqsa, minimalistik liboslar bilan uyg‘unlikda juda ta’sirli ko‘rinadi.

fotо: spotlight \ Arodaky

Sharf-choker

Kelinlar uchun dadil va kutilmagan aksessuar – bo‘yinni nafis o‘rab turadigan ingichka to‘y ro‘molchasi yoki choker. U nozik ipak, organza yoki kristallar bilan bezatilgan bo‘lishi mumkin. Bu unsur to‘y uslubiga fransuzcha nafislik ohangini olib kiradi va ochiq yoqa hamda sodda liboslar bilan ajoyib uyg‘unlashadi.

fotо: spotlight \ arodaky

Marvarid

Marvarid abadiy klassika bo‘lib qolmoqda, ammo bu mavsumda undan foydalanish an’anaviy bezaklardan tashqariga chiqadi. Marjon, zirak, bilaguzuk, marvarid bilan bezatilgan liboslar yoki hatto to‘y aksessuarlarining bezaklari – bu unsur nafislik va oliyjanoblik qo‘shadi. Asosiy qoida – marvarid qiyofani ortiqcha bo‘rttiramasligi, faqat uning nafisligini ta’kidlashi lozim.

fotо: spotlight \ berta

Aksentli ziraklar

Bu mavsumda ziraklar shunchaki qo‘shimcha emas, balki qiyofaning markaziy unsuriga aylanadi. Kristallar, floristik motivlar yoki g‘ayrioddiy shakllarga ega yirik modellarni tanlang. Bunday ziraklar boshqa taqinchoqlar o‘rnini bosishi va kelinlarga o‘zgacha joziba baxsh etishi mumkin.

fotо: spotlight \ lihi hod

Ixcham sumkacha

Minimalizm va nafislik to‘y sumkachasini tanlash uchun kalit so‘zlardir. U kichik va ixcham, qiyofaga juda mos keladigan yoki kashtali, strazlar bilan bezatilgan va g‘ayrioddiy dizaynga ega bo‘lgan urg‘uli bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, bu aksessuar umumiy uslubga uyg‘un bo‘lishi kerak.

fotо: spotlight \ erdem

Qulay, ammo zamonaviy tufli

Qulaylik birinchi o‘ringa chiqmoqda. Bu mavsumda nafaqat klassik tuflilari, balki nostandart poshnali modellar – geometrik shakllar, shaffof qo‘shimchalar yoki bezak unsurlari bilan ham mashhur. Qulay qolip va barqaror poshna muhim kundan hech qanday noqulayliksiz bahramand bo‘lish imkonini beradi.

fotо: spotlight \ tamara ralph

Maqolani baham ko'ring

Related articles