Bvlgari Hindistonda ranglar sehrini kashf etadi
Rang-barang go‘zallik marosimi

Shunday lahzalar bo‘ladiki, zargarlik sanʼati shunchaki zeb-ziynatlar doirasidan chiqib, haqiqiy alkimyoga aylanadi. Qimmatbaho toshning jilvasiga bir boqishning o‘zida dunyo yangi ranglarga bo‘yalgandek bo‘ladi. Ayni shu lahzadan Bvlgari tarixida yangi bob boshlanadi. Bu davr bizni bu gal ham ilhom manbai bo‘lgan Hindiston yuragiga qaytaradi.
May oyida zargarlik uyi Polychroma to‘plamini taqdim etgandi. Bu oddiy to‘plam emas, balki ranglar va ularning cheksiz hissiy qirralariga bag‘ishlangan qasidaning o‘zginasi edi. Ammo chinakam sehr ilk eskiz dizayner stolida paydo bo‘lishidan ancha oldin tug‘ilgandi. Bu jodu Jaypurda, ko‘chalarda shafaq ranglari aks etuvchi, har bir tosh o‘z afsonasini so‘zlovchi “Pushti shahar”da yaralgandi. Aynan shu yerda Bvlgari kreativ direktori Luchiya Silvestri yana bir karra qimmatbaho toshlar tilini tushunadiganlar orasiga tushib qoldi.
Silvestri faoliyati davomida Jaypurga aylanib qaytaveradi. Zero u 40 martadan ziyod kelgan bu shahar Silvestri uchun bitmas-tuganmas ilhom manbaidir. Uning uchun har bir rubellit yoki zumrad tabiatning jonli nafasi bo‘lib, “qachon meni tinglashar ekan”, - deya kutib turgandek bo‘ladi. “Munosib toshni ko‘rishim bilan orzular tomon uchib ketaman”, - tan oladi u. Va mana shu orzu keyin bo‘lajak durdonaning yurak zarbiga aylanad
Sayohatning yorqin nuqtasi — Bvlgari‘ning global elchisi, tarjimai holi qit’alar va madaniyatlarni bog‘laydigan ayol, Priyanka Chopra Jonasning ishtiroki bo‘ldi. Priyanka uchun bu ildizlarga qaytish edi: u hunarmandchilik an’analari asrlar osha davom etadigan, zargarlarning qo‘llari esa oddiy toshni haqiqiy mo‘jizaga aylantiradigan shahar bilan uchrashdi. Priyanka va Luchiya toshni qirralovchi ustalar asbobining har bir zarbi vaqt va materiya o‘rtasidagi suhbatga aylanuvchi sirli ustaxonalarni ko‘zdan kechirishdi.
Jaypur jahon zargarlik sanoatida qimmatbaho rangli toshlarning poytaxti, o‘ziga xos ranglar ibodatxonasi sifatida tanilgani hech kimga sir emas. Bu yerda rang bilan ishlash ilmi madaniyat darajasiga ko‘tarilgan, turmalin va zangori yoqut ohanglari esa musiqadek yangraydi. Keyinchalik Rimga qaytib, Luchiya Silvestri toshlarning cheksiz kombinatsiyalari bilan tajriba o‘tkazib ajoyib uyg‘unlik yaratishni boshlaydi.
Polychroma toshning saralashdan tortib, Rim ustaxonalarigacha bo‘lgan yo‘lini ochib beradi. Toki zeb-ziynat bor go‘zalligi bilan jilo sochmagunicha har bir bosqich - eskizlar, zargarlar mehnati, nozik detallar - bularning bari yangi qirra baxsh etaveradi. Har bir asarda ranglarning jo‘shqinligi, ustalarning mahorati va shakllarning nafis uyg‘unligi jonlangandek bo‘ladi.
Bvlgari uchun rang — bu to‘plamning xarakteri. U kayfiyatni belgilaydi, obrazlarni shakllantiradi va toshlarni orzular bilan to‘yingan, mahorat izlari qolgan hikoyalarga aylantiradi. Polychroma — bu yorqinlik, jasorat va uyg‘unlikning har bir taqinchoqda mujassam topgan ifodasi.
Fotо: Bvlgari Press Office