Bvlgari Bronzo
Бронза - Aluminium tarixidagi yangi urg‘u

Bvlgari Aluminium‘ning yangi talqiniga ko‘zingiz tushar ekan, kutilmagan aksent - bronza e’tiboringizni tortadi. Bu qotishmaning mayin va iliq rangi soatni vaqt o‘tishi bilan o‘z tarixiga ega buyumga aylantiradi.
Bvlgari uchun mazkur metall — odatiy alyuminiy va kauchuk doirasidan tashqariga chiqishdir. U jiddiy, geometrik shaklni fayzli obrazga aylantirgan holda to‘plam grafik tiliga iliqlik va jon bag‘ishlaydi.
Modellar ikki xil ko‘rinishda taqdim etilgan - GMT va Chronograph. GMT doimo harakatda bo‘lganlar uchun yaratilgan: soatning qora gardishi va bronza korpusi o‘rtasidagi keskin farq uning funksionalligini oshiradi. 24 soatlik diski bo‘lsa ikkinchi vaqt mintaqasini bir qarashda ko‘rish imkonini beradi. 40 mm diametrli korpus va 50 soatlik zaxiraga ega B192 avtomatik kalibri shakl va mazmun o‘rtasidagi amaliy muvozanatni o‘rnatadi: soat ham bejirim bo‘lib, shu vaqtning o‘zida vazifasini ham a’lo darajada bajaradi.
Chronograph umuman o‘zgacha tabiatga ega. Qora jilosiz siferblat, qumpurkagich bilan ishlov berilgan bronza va ko‘k rangdagi hisoblagichlar aniqlik tasavvurini yaratadi. Soat yuragiga 42 soatlik zaxira quvvatiga ega B381 kalibri o‘rnatilgan. 41 millimetrli korpus o‘lchamlari va puxta o‘ylangan dizayn texnika va uslub uyg‘unligini aks ettiruvchi qiyofani hosil qiladi.
To‘plam taqdimoti Geneva Watch Days 2025 bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Bu yerda Bvlgari Octo Finissimo retrospektivasini ham namoyish etdi. Mazkur liniya 11 yil davomida ultrayupqa mexanizmlar sohasida o‘nta jahon rekordini o‘rnatgan. Ko‘rgazmada 2014-yilgi Octo Finissimo Tourbillon‘dan boshlab, qalinligi atigi 1,85 millimetr bo‘lgan eng so‘nggi Ultra Tourbillon‘gacha bo‘lgan asosiy bosqichlar ko‘rsatildi.
Koreyalik rassom bilan hamkorlikda yaratilgan Octo Finissimo Lee Ufan x Bvlgari modeli alohida e’tiborni tortdi. Uning ko‘zguli siferblati va qo‘l ishi yordamida bezatilgan noyob titan korpusi soatni san’at asariga aylantiradi. Mazkur model jami 150 nusxada chiqarilgan.
Yana bir debyut - siferblati to‘q ko‘k rangdagi Blu Incanto marmaridan yasalgan Octo Finissimo Marble Tourbillon. Aylanma mexanizm va atigi 5,35 mm qalinlikdagi korpus, antik haykallarning anʼanaviy materiali qanday qilib zamonaviy soatsozlik muhandisligining ajralmas qismiga aylanishi mumkinligini namoyish etmoqda.
Photo 7- Photo: Bvlgari Press Office
Bronzo va Octo Finissimo yangi talqinlari vaqtni jonli jarayon sifatida idrok etish g‘oyasini rivojlantirmoqda. Bu modellarda soat yasalgan material vaqt taʼsiridagi o‘zgarishlar izlarini yashirmaydi, aksincha, bu izlarni estetikaning ajralmas qismiga aylantiradi.