Ixchamlik — hashamatning yangi ko‘rinishimi? Yo unday emasmi?

To‘y tantanasi qanday bo‘lgani ma’qul: minimalizm, dabdaba va yana boshqa uslublar

12 Sen 2025
fotо: instagram \ @thebridaljourney

Zamonaviy to‘y sanoati turli qolip va andozalardan jadallik bilan uzoqlashib bormoqda. Bugun juftliklarning aksariyati hayotlaridagi muhim tantana aynan ularning shaxsiyatlari, fe’l-atvorlari va didlarini aks ettirishini istashmoqda. Ba’zilar ixcham va sodda nafosatdan ilhomlanishsa, boshqalar yorqinligi-yu, ko‘lami bilan hayron qoldiradigan dabdabani tanlashadi. ELLE O‘zbekiston mazkur maqolasida 2025-yilda yosh juftliklar orasida ommalashib borayotgan eng xaridorgir to‘y uslublari haqida so‘z yuritadi.

Minimalizm: soddalik va uyg‘unlikda aks etgan go‘zallik

Minimalizm — bu ortiqcha narsalardan voz kechib, faqat eng muhimini qoldirish san’ati. Oddiy va chiroyli chizgilar, mayin va ravon shakllar, sokin ranglar va teksturalarga e’tibor nafislik hamda osoyishtalik kayfiyatini beradi. Bunday uslub zamonaviy loftlar, shinam restoranlar yoki tabiatning o‘zi dekorning bir qismiga aylanadigan ochiq havo ostidagi samimiy marosimlar uchun ayni muddao.

fotо: instagram  \ @laceandluce

fotо: instagram \ @valentinoweddingdecoration

Glamur: porlashni sevadiganlar bayrami

Minimalizmning mohiyati kamtarlik bo‘lsa, glamurdan maqsad - hashamat orqali barchani lol qoldirish, “vah” deb yuborishlariga erishish. Bu uslubda billur qandillar, yaltiroq matolar, gullardan iborat yirik installyatsiyalar va nigohlarni tortadigan aksessuarlar hukmronlik qiladi. To‘y - kelin libosida tortib kuyov kostyumigacha, har bir detal hayratda qoldirishga xizmat qiladigan haqiqiy tomoshaga aylanadi.

fotо: instagram \  @hermaidofhonor

fotо: instagram \ @sweetbellaproject

Glamur — barchaning diqqat markazida bo‘lishdan cho‘chimaydigan hamda ularning tantanalari bir umr yodda qolishini istaydigan, jasur va o‘ziga ishongan juftliklar tanlovidir.

Boxo: erkinlik, tabiat va samimiyat

Boxo uslubidagi tantana — bu shovqinli dunyo fonida yengil shabboda misol. Bu yerda tabiiylik hukmron: tabiiy matolar, yog‘ochdan ishlangan yoki to‘qilgan bezaklar, quritilgan gullar va muloyim ranglar uyg‘unligi. To‘rli ko‘ylak, bejirim guldasta va shinam muhit shunday bayram kayfiyatini yaratadiki, bunda samimiy his-tuyg‘ular va halovat asosiy omilga aylanadi.

fotо: instagram  \ @hermaidofhonor

fotо: instagram  \ @hermaidofhonor

Ushbu uslubni ko‘ngli orom istaydigan, muhabbati g‘alabasini ortiqcha dabdabasiz tabiat va o‘zi bilan uyg‘unlikda nishonlashni xohlaydigan juftliklar tanlashadi.

Klassika: zamon va modadan tashqaridagi qadriyat

Klassik uslub an’analarni va vaqt tanlamaydigan nafosatni qadrlaydiganlarga mo‘ljallangan. Mukammal bichimli oppoq ko‘ylak, bezaklardagi aniq simmetriya, detallardagi nazokat va tantanavorlik ruhi - bularning barchasi hurmat va muhabbatga to‘la bayram kayfiyatini yaratadi.

fotо: instagram \ @madinawedding

fotо: instagram \ @madinawedding

Klassika hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydi, zero uning asosida har bir insonga tushunarli bo‘lgan qadriyatlar yotadi.

Uslubingizni qanday aniqlashingiz mumkin? 

Uslubingiz — sizning istaklaringiz, feʼlingiz va kayfiyatingizni aks ettiradi. Hayotingizdagi eng muhim kunda nimani his qilishni xohlaysiz: yengillik va erkinliknimi, “yalt” etib ko‘zga tashlanish zavqi va hashamatnimi yoki shinamlik va anʼanalar ruhinimi, bu haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Bayramingizning betakror qiyofasini yaratish uchun turli yo‘nalish elementlarini sinab ko‘rishdan va uyg‘unlashtirishdan cho‘chimang.

fot: instagram \ @ @theweddingblissthailand

To‘yingiz aynan sizning hikoyangizdan so‘zlovchi jonli tantanaga aylansin, uslub bo‘lsa uning ideal hamrohi bo‘lsin!

Maqolani baham ko'ring

Related articles