Triennale Milano bog‘larini Franсa Sozzani nomi bilan ataydi
Italiya moda sanoatidan tashqarida ham katta ta’sirga ega bo‘lgan Vogue Italia jurnalining sobiq bosh muharriri nomi abadiylashtiriladi
Milan Triennale Milano binosi oldidagi bog‘larga zamonaviy moda tarixining eng nufuzli namoyandalaridan biri Franсa Sozzani nomi beriladi. Ushbu tashabbus jurnalist vafotining o‘n yilligiga bag‘ishlanib, uning madaniy va ijtimoiy merosini e’tirof etishga qaratilgan. Emilio Alemagna va Molyer ko‘chalari oralig‘ida joylashgan hududga uning nomini berish haqidagi qaror shahar kengashi tomonidan allaqachon ma’qullangan. Yangi makon uning ijodiy merosi, e’tiqodlari va Milan bilan chuqur bog‘liqligining ramziga aylanadi.
Franсa Sozzani 1950-yilda Mantua shahrida tug‘ilgan va 1988-yildan 2016-yilda vafotigacha Vogue Italia jurnaliga rahbarlik qilgan. Uning boshqaruvi ostida jurnal nafaqat moda, balki dolzarb ijtimoiy muammolarni muhokama qilish maydoniga ham aylangan. Fotograflik san’ati va tahririy loyihalar orqali u ekologiya, oilaviy zo‘ravonlik, inklyuzivlik va tana xilma-xilligi kabi mavzularni yoritgan. Jurnalistik faoliyatidan tashqari, Sozzani xayriya tashabbuslarida ham faol ishtirok etib, BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturida ochlikka qarshi kurash bo‘yicha yaxshi niyat elchisi bo‘lgan, shuningdek, onkologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlovchi IEO Foundation fondiga rahbarlik qilgan.
«Uning dunyoqarashi moda va nashriyot sohasi bilan cheklanib qolmagan. U jamiyatni yaxlit holda ko‘rib, eng dolzarb muammolariga e’tibor qaratgan, yosh iste’dodlarga ishongan va ijtimoiy tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlagan», — deya ta’kidlagan Milan madaniyat bo‘yicha maslahatchisi Tommaso Sakki.
Sozzani oilasi shaharga nafaqat xotira yodgorligi, balki kelajak avlodlar uchun maskan yaratgani uchun minnatdorlik bildirdi. Franka madaniyat, moda va san’at insonlarni birlashtira olishiga ishongan, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ijod erkinligi va kelajakka dadil qarash uning hayotidagi muhim tamoyillar bo‘lgan.
Bog‘larga Franсa Sozzani nomini berish marosimi 2026-yil 22-dekabrda — uning vafotining o‘n yilligi kuni bo‘lib o‘tadi.