Biznesni o‘z qoidalari asosida qurayotgan ayollar

Bugun tobora ko‘proq ayollar ruxsat, ideal vaqt yoki sohada ular uchun tayyorlab qo‘yilgan o‘rinni kutmayapti. Ular mustaqil brendlar yaratmoqda, liderlik haqidagi odatiy tasavvurlarni o‘zgartirmoqda va kompaniyalarni o‘z qadriyatlari asosida qurmoqda. Bugun ELLE rassom, dizayner va mustaqil LoveCashionista brendi asoschisi Briana Li haqida hikoya qiladi.

Briana Li uchun o‘z brendi hech qachon shunchaki biznes-loyiha bo‘lmagan. LoveCashionista uning moda va san’atga bo‘lgan muhabbati hamda g‘oya va his-tuyg‘ularni real, qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lgan buyumlarga aylantirish istagidan paydo bo‘lgan.

Briana hali to‘qqizinchi sinfda fashion-illyustratsiya darslariga qatnashib, ilk bor hayotini moda bilan bog‘lashni xohlashini anglagan.

“Moda men uchun so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan narsalarni aytish usuli,” deydi u.

O‘z brendini yaratish g‘oyasi esa keyinroq paydo bo‘lgan. 2019 yilda Briana kroche — ilgak bilan to‘qishni o‘rgandi. Avvaliga bu shunchaki yangi ijodiy mashg‘ulot edi, biroq tez orada u bu texnikada ancha katta imkoniyatlarni ko‘rdi. 2020 yilda Briana LoveCashionista’ni rasman ishga tushirdi.

Bugun bu zamonaviy dizayn va wearable art chorrahasida mavjud bo‘lgan mustaqil aksessuarlar brendi. Uning asosini aksentli sirg‘alar, haykaltaroshlik shaklidagi sumkalar, buyurtma asosidagi aksessuarlar va yagona nusxada yaratiladigan eksperimental buyumlar tashkil etadi. Ularning deyarli barchasini Briana o‘z qo‘li bilan yaratadi.

Ideal sharoitni kutmaslik

Ayol asoschilar haqidagi hikoyalar ko‘pincha mukammal hisoblangan qadamlar ketma-ketligi sifatida tasvirlanadi: g‘oya, biznes-reja, jamoa, ishlab chiqarish, o‘sish. LoveCashionista hikoyasi esa boshqacha.

Bu yerda katta ishlab chiqarish jamoasi, autsorsing yoki ommaviy ishlab chiqarish yo‘q. Bugun brend amalda bir kishilik atelye sifatida ishlaydi: Briana buyumlarni o‘zi o‘ylab topadi, to‘qiydi va mijozlar bilan bevosita muloqot qiladi. Shu bilan birga, u tayyor sxemalardan foydalanmaydi va yakuniy natija qanday bo‘lishini har doim ham oldindan bilmaydi.

“Men sxemalardan foydalanmayman. Hammasini erkin tarzda yarataman. Men uchun bu ko‘proq hissiyot,” deya tushuntiradi u.

Boshlang‘ich nuqta kutilmagan ranglar uyg‘unligi, noodatiy ip yoki shunchaki e’tiborini tortgan material bo‘lishi mumkin. Ba’zan shakl ish jarayonining o‘zida o‘zgaradi. Briana hatto manekenlardan ham foydalanmaydi — natijani chinakam ko‘rishi uchun buyum inson tanasida bo‘lishi kerak. Aynan qat’iy rejadan xoli bo‘lish LoveCashionista’ning asosiy xususiyatlaridan biriga aylangan.

“Kroche oson o‘zgaradi. Agar nimadir rejalashtirgandek chiqmasa, uni har doim boshqa narsaga aylantirish mumkin.”

Aniqlik, mavsumiy sikllar va takrorlanuvchanlikka asoslangan moda sanoatida bunday yondashuv deyarli radikal ko‘rinadi. Bu yerda xato albatta tuzatilishi shart emas — ba’zan u butunlay yangi shaklning boshlanishiga aylanadi.

Aksessuarlar — erkinlik sifatida

LoveCashionista ataylab an’anaviy mavsumiy kolleksiyalar tizimi asosida qurilmagan. Brend markazida aksessuarlar — avvalo sirg‘alar va sumkalar turadi. Bu tanlov ham tasodifiy emas.

“Aksessuarlar menga o‘zimni qolipga solmaslik imkonini beradi,” deydi Briana.

U uchun one size fits all tamoyili faqat qulaylikni anglatmaydi. Bu tajriba uchun ancha ko‘proq makon yaratadi va kiyim dizaynida muqarrar paydo bo‘ladigan ko‘plab cheklovlarni olib tashlaydi. Sirg‘alarga o‘lcham qatori kerak emas, sumkalarni esa deyarli har kim taqishi mumkin — demak, dizayner rang, tekstura, masshtab va buyumning o‘z xarakteriga e’tibor qaratishi mumkin.

Bir juft sirg‘ani yaratish uchun taxminan 20–30 daqiqa, sumka uchun esa bir-ikki soat vaqt ketadi. Individual buyurtma odatda bir hafta atrofida tayyor bo‘ladi. Ammo tezlik bu yerda standartlashuvni anglatmaydi. Aksincha, mutlaqo bir xil ikkita buyum deyarli mavjud emas.

“Mendan buyum olganingizda, uning qo‘lda ishlanganini bilasiz. U hech qachon ikki marta bir xil ko‘rinmaydi.”

Shaxsiyligicha qoladigan biznes

Yosh mustaqil brend sifatida LoveCashionista’ning eng qiziqarli jihatlaridan biri ham shunda. O‘sish jarayonida ko‘plab brendlar asoschini imkon qadar tezroq ishlab chiqarish jarayonidan ajratishga intiladi. Briana esa hozircha buning aksini tanlamoqda.

Har bir buyum uning qo‘lidan o‘tadi, xaridorlar esa bevosita dizaynerning o‘zi bilan gaplashadi. Rang, o‘lcham, material, zanjir yoki ranglar kombinatsiyasini o‘zgartirish mumkin. Bunday shaxsiylashtirish aynan ishlab chiqarish konveyerga aylantirilmagani uchun brendning tabiiy qismiga aylanadi.

Shu bilan birga, Briana narxlarni nisbatan qulay saqlashga ataylab harakat qiladi. Sirg‘alar taxminan 50 dollar, sumkalar 150–200 dollar atrofida turadi, custom loyihalar narxi esa murakkabligiga qarab o‘zgaradi. U o‘z narx siyosatini an’anaviy luxury segmentiga moslashgan emas, balki oqilona deb ta’riflaydi: uning uchun handmade dizayn o‘z qadrini yo‘qotmagan holda hamyonbop bo‘lib qolishi muhim.

Yosh brend uchun bu biznesni rivojlantirish bilan uni yaratishga sabab bo‘lgan o‘sha individuallikni saqlab qolish o‘rtasida doimiy muvozanat izlashni anglatadi.

 

Noodatiyni go‘zal qilish

Briana xarakteri ayniqsa material tanlashida yaqqol namoyon bo‘ladi. An’anaviy iplar bilan bir qatorda u idish yuvish gubkalari uchun mo‘ljallangan ip, bayram yaltiroqlari, rang-barang tolalar yoki ataylab assimetrik zanjirlardan foydalanishi mumkin.

“Menga noan’anaviy materiallar yoqadi va ularni modaga aylantirishni yaxshi ko‘raman.”

Mukammal simmetriya uni buyumning xarakteriga qaraganda ancha kam qiziqtiradi. Briana muvozanatni ataylab buzishi, zanjirlar joylashuvini o‘zgartirishi yoki turli teksturalarni to‘qnash keltirishi mumkin — shunda aksessuar haddan tashqari mukammal ko‘rinmaydi. Undan simmetriya va assimetriya orasidan tanlashni so‘rasangiz, javob darhol tayyor.

“Assimmetriya. Menga g‘alati narsalar yoqadi.”

Ehtimol, aynan shuning uchun LoveCashionista’ni kroche brendi haqidagi odatiy tasavvurga sig‘dirish qiyin. Bu yerda to‘qish shunchaki dekorativ texnika emas, balki materiallar, proporsiyalar va umuman fashion-ob’ekt nima bo‘lishi mumkinligi haqidagi tasavvur bilan tajriba qilish imkonini beradigan to‘laqonli dizayn vositasiga aylanadi.

Tom ma’noda va majoziy ma’noda porlash

LoveCashionista’ning eng o‘ziga xos tajribalaridan biri — Glow Up kapsulasi. Unda Briana sirg‘alar, sumkalar va toplar uchun qorong‘ida nur sochadigan ipdan foydalanadi. Muayyan yoritishda buyumlar tom ma’noda o‘zgarib, e’tibordan chetda qoldirish qiyin bo‘lgan obyektlarga aylanadi. Ammo dizayner uchun Glow Up shunchaki vizual effekt emas.

“Bu faqat tom ma’nodagi nur sochish haqida emas. Bu o‘zing ham porlayotgandek his qilish haqida.”

Yorug‘lik bilan bu o‘yinning ortida oddiy va tushunarli g‘oya turadi — ishonch, o‘zgarish va o‘zingga ko‘rinishga ruxsat berish. Briana uning buyumlarini taqqan odam o‘zini biroz dadilroq his qilishini istaydi.

LoveCashionista qanday tuyg‘u berishi kerakligi haqidagi savolga u xuddi shunday qisqa javob beradi: ishonch. Go‘yo porlayotgandek his qilish.

Brend qurish va o‘zing bo‘lib qolish

Shu ma’noda Briana Li hikoyasi sirg‘alar yoki kroche sumkalar haqidagi hikoyadan ancha kengroq. U zamonaviy ayol tadbirkorligining mumkin bo‘lgan modellaridan birini ko‘rsatadi — mustaqil, nihoyatda shaxsiy va ilk kundanoq yirik fashion-kompaniyalar tuzilmasini takrorlashga intilmaydigan modelni.

LoveCashionista ommaviy ishlab chiqarishsiz va sanoat taqvimi talab qilgani uchungina yangi kolleksiya chiqarish zaruratisiz mavjud. Briana brendni o‘ziga chin dildan qiziq bo‘lgan narsalar atrofida quradi: rang, tekstura, noodatiy materiallar, assimetriya va g‘oyani uni hayotga tatbiq etish jarayonining o‘zida o‘zgartirish erkinligi. Ehtimol, aynan mavjud tizimga moslashmaslik qobiliyati mustaqil ayol asoschilarning yangi avlodi uchun eng katta ustunliklardan biriga aylanmoqda.

LoveCashionista’ni uch so‘z bilan ta’riflash so‘ralganda, Briana shunday deydi: “Quvnoq. Hayajonli. Kutilmagan.”

Agar faqat bitta so‘z qoldirish kerak bo‘lsa — “Noyob.”

Va, ehtimol, aynan shu so‘z nafaqat brendning o‘zini, balki uning asosidagi tamoyilni ham eng yaxshi ifodalaydi: mavjud moda tizimiga mukammal moslashishga urinish emas, balki uning ichida asta-sekin o‘z qoidalari asosida o‘z makoningni yaratish.

Photos & Brand: Briana Lee (LoveCashionista)
Model: Nikyta Forman

 

Maqolani baham ko'ring

Related articles