Galyano kabi bo‘lish
Dunyoning eng yaxshi san’at maktablari
Fransiyalik modelyer va Louis Vuitton ijodiy direktori Nicolas Ghesquière 18 yoshida Jan-Pol Gotiening yordamchisi bo‘lib ishlash uchun san’at maktabidagi o‘rnidan voz kechadi. U tanlovni to‘g‘ri amalga oshirgan edi: 25 yoshidayoq u Balenciaga rahbari lavozimiga nomzod bo‘ldi. Ammo bunday holatlar qoida emas, balki ko‘proq istisno hisoblanadi. Ko‘pincha olov, suv va mis quvurlardan o‘tgan, ya’ni san’at maktabi dasturini to‘liq o‘zlashtirganlar bunday e’tirofga sazovor bo‘lishadi.
Biz eng buyuk insonlar o‘z yo‘lini boshlagan dunyoning eng sara badiiy san’at maktablari ro‘yxatini tuzdik.
Parsons, AQSH
Parsons School of Design — AQSHdagi eng birinchi san’at, moda va dizayn maktabi. Bugunda muassasa doimiy ravishda dunyodagi eng nufuzlilar ro‘yxatidan joy olib keladi, ammo 1896-yilda amerikalik rassom William Merritt Chase uni ochish uchun ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri kelgan edi.
Chase san’atda erkin va shablondan tashqari ifodalar izlash uchun Nyu-York san’at talabalari ligasini tark etgach, eksperimentalistlar guruhiga boshchilik qila boshladi. Aynan Chasening maktabida dongdor san’at ustalari Marsden Xartley va Edward Hopperlar o‘z uslublarini izlashgan.
1904-yilga kelib ushbu maktabda Frank Parsons dars bera boshlaydi, olti yildan keyin esa uning prezidentiga aylanadi. Yangi sanoat inqilobi to‘lqinini oldindan ko‘ra olgan Parsons ta’lim jarayonini butkul isloh qiladi hamda Amerikadagi dastlabki reklamalar, kiyimlar va interyer dizayni kurslarini ochadi. Shu tariqa maktab dizaynerlik ta’limi sohasi pioneri (kashshofi)ga aylanadi, Parsonsning xizmatlari uchun esa 1941-yilda muassasani uning sharafagig qayta nomlashadi.
Parsons maktabi bitiruvchilari ro‘yxati – muassasa darajasining eng yaxshi tasdig‘i. Bir vaqtlar Tom Ford, Marc Jacobs, Anna Sui, Alexandr Wang, Donna Karan, Derek Lam va fotograf Steven Meisel kabi dizaynerlar ushbu dargohdan uchirma bo‘lgan.
Antwerp Qirollik nafis san’at akademiyasi, Belgiya
Bir qarashda, Antwerp akademiyasi – 1663-yildan beri mavjud Yevropaning klassik san’at maktabi. 20-asrning oʻrtalariga qadar institutda sanʼat va amaliy mehnat sohasida fundamental taʼlim berilgan boʻlsa, 60-yillarda bu yerda yangi bo‘limlar ochila boshlandi. 80-yillar boshlarida moda fakultetini Linda Loppa boshqargan kezlari, akademiya tarixi butkul o‘zgarib ketdi.
Loppaning birinchi shogirdlari endilikda afsonaviy Antwerp Six (Antwerp oltiligi) edi – dizaynerlar Ann Demeulemeester, Walter Van Beirendonck, Dirk Van Saene, Dries Van Noten, Dirk Bikkembergs va Marina Yee bo‘lgan. Keyinchalik Loppa qanoti ostidan Raf Simons, Haider Ackermann va Demna Gvasalia tarbiyalanib chiqdi.
Shunday qilib, bizning davrimizning eng progressiv dizaynerlari tug‘iluvchi yangi belg modasi tarixi Antwerp Qirollik akademiyasidan boshlandi.
Central Saint Martins of Art and Design, Buyuk Britaniya
Dunyodagi eng qadimiy va g‘ayrioddiy ta’lim muassasalaridan biriga qabul qilinish va keyin o‘qishni oxirigacha yetkaza olish oson ish emas. Bunga erishilgan bo‘lsa, bejizga emas: mashhur Saint-Martins bitiruvchilari – zamonaviy ijodiy elita.
Ta’lim muassasasining binolaridan biri ko‘plab tungi klublar, barlar, galereyalar va teatrlarga ega Soho hududi yaqinida joylashgan bo‘lib, bu kollejning o‘zini topishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
CSMning asosiy qoidasi – to‘g‘ri tikishni, rasm chizishni yoki o‘ynashni o‘rgatmaslik. Shundan anglashiladiki, talabalar hamma narsani o‘zlari ko‘pdan beri bilishadi va uddalay olishadi. Ularning vazifasi – jasoratni o‘rganish. Kollejda tasviriy san’at, grafik dizayn, fotografiya, aktyorlik o‘rgatiladi, ammo moda fakulteti afsonaviy hisoblanadi.
Alexandr McQueen, John Galliano, Riccardo Tisci, Stella McCartney, Christopher Cain CSM’ni tamomlagan taniqli dizaynerlarning bir nechtasi xolos. Bulardan tashqari aktyorlar Colin Firth, Tom Hardy, Emilia Clarke, qo‘shiqchi MIA, musiqachi Damon Albarn, rejissyor Mike Leigh va avangard rassom Frank Auerbachlar ham bor.
Bunka Fashion College, Yaponiya
Yaponiya zamonaviy moda ta’limi tarixi 1919-yili Isaburo Namiki ayollar va bolalar kiyimlarini tikish Maktabiga asos solgan davrdan boshlanadi. Bu yaponiyaliklarning ko‘pchiligi an’anaviy kimono kiyib yurgan bir paytda, Yevropa uslubidagi kiyim texnologiyasi va dizaynini o‘rgatadigan yagona muassasa edi.
Kichikkina bichuvchilik va tikuvchilik maktabini rivojlantirishga Singer kompaniyasida sotuvchi bo‘lib ishlagan tadbirkor Seishiro Endo yordam berdi. Aynan u Yaponiyaga mashhur nemis tikuv mashinalarini olib keladi.
Maktab rivojlana boshladi va 1936-yilda u Bunka liboslar dizayni kolleji deb qayta nomalanadi. «Bunka» yaponchada «madaniyat» degan ma’noni anglatadi.
O‘shandan beri kollej Yaponiyaning eng ilg‘or moda ta’lim muassasasi maqomigacha ko‘tarildi. Bitiruvchilar orasida afsonaviy Kenzo Takada, Yohji Yamamoto, Chisato Tsumori, Keita Maruyama, Junya Watanabe va Jun Takahashilar bor. Kollejda bir nechta fakultetlar mavjud – moda dizayni, moda texnologiyasi, amaliy san’atlar, qolaversa kommunikatsiyalar va marketing.
Ecole de la Chambre Syndicale de la Сouture Parisienne, Fransiya
Parij moda maktabi 1927-yilda kibor moda Sindikati muassasalaridan biri sifatida tashkil etilgan – tashkilot moda dizaynerlarining maqomini belgilaydi, eng muhim namoyishlarni tashkil qiladi va qaysi moda uylari Sindikatga kiritilishga loyiqligini hal qiladi. Maktab keyinchalik ushbu birlashmaga a’zo bo‘la oladigan darajadagi dizaynerlarni yetishtirib beradigan maskanga aylanishi kerak edi.
Shunday ham bo‘ldi. Bitiruvchilar orasida Yves Saint Laurent, Karl Lagerfeld, André Courrèges, Issey Miyake, Olivier Lapidus va boshqalar bor.
Aalto University, Finlyandiya
Aalto universiteti birmuncha kech, 2010-yilda mamlakatning uchta eng kuchli maktablari — Xelsinki Politexnika instituti, Oliy iqtisodiyot maktabi va Oliy san’at va dizayn maktabining birlashishi natijasida vujudga keldi. Ushbu qaror o‘z-o‘zidan qabul qilinmadi: aynan fan, biznes va san’at o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlik fanlararo sohalardagi innovatsion tadqiqotlarga olib kelishi kerak.
O‘z vaqtida Tapio Wirkkala va Kay Frank kabi fin san’ati, dizayni va kinosining ko‘plab asosiy figuralari Oliy san’at va dizayn maktabini tamomlagan. Universitet dunyoga mashhur me’mor va muassasaning sirtqi bitiruvchisi – Alvar Aalto sharafiga o‘z nomini oldi.