Maison Margiela yangi kreativ direktorni e’lon qildi
Bu lavozimga Glenn Martens tayinlandi
Belgiyalik dizayner Glenn Martens moda sanoatidagi faoliyatini 2008-yili Jean Paul Gaultier’da boshlagan. 2013-yilda u Y/Project’ni boshqargan va u yerdagi faoliyati 2024-yilgacha davom etgan. Bundan tashqari, Glenn Martens innovatsion bichim va modaga eksperimental yondashuvi uchun ANDAM mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Tayinlov haqida gapirar ekan, OTB Group raisi Renso Rosso shunday dedi: “Men Glenn bilan ko‘p yillar ishladim, uning iste’dodi va nimalarga qodirligidan xabardorman. Artisanal modalar uyi va noyob to‘plam yaratgan Martin va uni dunyodagi eng ilg‘or yuqori moda uyiga aylantirgan Jondan keyin bizda endi uchinchi kutyure borligi bilan faxrlanaman. Antverpen Qirollik tasviriy san’at akademiyasida ta’lim olgan Glenn ham Martinga o‘xshab o‘zining kuch-qudratini va tasavvurini allaqachon kutyureda namoyish etib ulgurgan”.
Glenn, shuningdek, OTB tomonidan nazorat qilinadigan Diesel kompaniyasining kreativ direktori lavozimini boshqarishda davom etishi kutilmoqda.