Mansublik san’ati: London Fashion Week’da Sarah Regensburger’ning yangi kolleksiyasi

Gilam naqshlari, gobelen fakturalari va metall taqinchoqlar. Diaspora: The Art of Belonging kolleksiyasida Sara Regensburger o‘zining eronlik ildizlariga va uy mavzusiga murojaat qiladi.

21 Sen 2026

Boshqa mamlakatga ko‘chganimizda nimalarni o‘zimiz bilan olib ketamiz? Til, odatlar, oilaviy hikoyalar, bolalikdan tanish naqshlar. Sarah Regensburger’ning yangi kolleksiyasi asosida aynan shu rishtalar yotadi. London Fashion Week doirasida taqdim etilgan Diaspora: The Art of Belonging hayotida bir necha madaniyat uyg‘unlashgan insonlarga bag‘ishlangan.

Sara Regensburger uchun bu shaxsiy mavzu. Ildizlari Eronga borib taqaladigan dizayner Germaniyada tug‘ilgan va o‘z faoliyatini Londonda yo‘lga qo‘ygan. Diaspora’da u o‘z kelib chiqishiga yuzlanib, an’analarni shaxsiy tajribasi va brend estetikasi orqali talqin qiladi.

Kolleksiyada asosiy e’tibor fakturalarga qaratilgan. Gilam va gobelenni eslatuvchi matolar, murakkab naqshlar va popuklar uy to‘qimachiligi hamda oilada avloddan avlodga o‘tadigan buyumlarni yodga soladi. Ko‘p qatlamlilik va avangard shakllar bilan uyg‘unlashgan bu tanish unsurlar yangicha ko‘rinish oladi. To‘yingan ranglar bosh va yuz uchun ishlangan metall taqinchoqlarning jilosi bilan birlashadi, qo‘llardagi xina naqshlari esa obrazlarni to‘ldiradi.

Bu detallar orqali Regensburger xotiralarni kiyimda qanday saqlash mumkinligini ko‘rsatadi: mato naqshida, uning fakturasida, tanani o‘rash usulida. Uy va oila tarixi bilan bog‘liq buyumlar yangi garderob yaratish uchun ilhom manbaiga aylanadi.

«Chunki qayerdan kelganimizdan qat’i nazar, barchamiz o‘zimizni shu jamiyatning bir qismi deb his qilishga haqlimiz» — kolleksiyaning asosiy g‘oyasi shunday yangraydi: Because we all belong, no matter where we come from.

Kolleksiyaning yana bir tayanchi — zardushtiylikdagi «Ezgu fikr. Ezgu so‘z. Ezgu amal» tamoyili. U insonlarni birlashtiradigan qadriyatlar, tarbiya va o‘zaro munosabatlar mavzusini davom ettiradi. Regensburger uchun bu qarashlar kiyim yaratish usulida ham aks etadi. Uning Londondagi brendi hayvonlardan olinadigan materiallardan foydalanmaydi va hayvonlarga ozor yetkazmaslikka asoslangan cruelty-free falsafasiga amal qiladi.

Diaspora’da dizayner o‘z hayotining har bir qismiga o‘rin beradi. Eron merosi, Germaniyada o‘tgan bolalik va Londondagi hayot yagona hikoyaga birlashadi. Bu yangi joyda o‘z uyini topish va o‘zi uchun qadrli bo‘lgan narsalarni asrab qolish haqidagi hikoya.

 

Photo: Lauren Marsh

Maqolani baham ko'ring

Related articles