Imkon qadar minimalizm
Bu mavsumda yana aktual bo‘lgan mavzu - kiyimda minimalizm haqida fikr yuritamiz
Minimalizmning o‘ziga xos xususiyati bu dizayndagi ixchamlik, rang shovqinining yo‘qligi va qulaylikdir. Aytish joizki, bu uslub ortiqcha so‘z va tafsilotlarsiz Coco Chanel davrining boshidayoq, ko‘plab moda ixlosmandlarining qalbini zabt etdi. Gabrielle yaratgan kichkina qora ko‘ylak, qulay shimlar va keng ko‘ylaklar ayollar uchun qulay modaning boshlanishi bo‘ldi.
Keyinchalik bu mavzuni dizaynerlar Yohji Yamamoto va Issey Miyake ham
targ‘ib qilishdi. Bu bilan yapon xalqining an’anasi sifatida minimalistik madaniyatini qo‘llab-quvvatladilar. Keling, bu falsafani kiyimda tahlil qilib
ko‘ramiz.
Daholik oddiylikda
Kiyimdagi minimalizm bu javonning asosida nafaqat oddiy kiyimlar bo‘lishi, balki oqshom liboslarining borligi hamdir. Kiyimda va aksessuarlarda ortiqcha dekorativ buyumlarsiz ham qimmatbaho, nafis va zamonaviy ko‘rinishingiz mumkin.
Idrok etish arxitekturasi
Aniq siluetlar, oddiy chiziqlar va shakllar bu kiyim va interyerda minimalistik uslubning asosi haqida. Shakllar noto‘g‘ri, chiziqlar esa notekis bo‘lishi mumkin, asosiysi, kiyishda va qabul qilishda hamma narsa oson bo‘lishi kerak.
Minimalistik ko‘pqavatlilik
“Karam”ga o‘xshab kiyinish, lekin, shu bilan birga, minimalistik uslubga sodiq qolishingiz mumkin. Asosiysi, obrazdagi ranglarning bir xilligiga bardosh berish.
Rang hal qiladi
Azaldan oq va qora ranglar yorqin bo‘lmagan, diqqatni tortmaydigan ranglar minimalizm sanalgan. Bugun esa tendensiyalar aksini aytmoqda. Qizil va sariq rangda ham minimalistik ravishda ko‘rinish mumkin. Bunday holda, obrazning yagona talabi faqat rang bo‘lishi kerak.