Tiffany & Co.: olmoslar imperiyasi haqida batafsil
Zamonlar o‘zgarsa-da, Tiffany & Co. mahsulotlari nafislik, hashamat va benuqson did timsoli bo‘lib qolmoqda
Tiffany & Co. zargarlik sohasidagi eng mashhur va taniqli brendlardan biri hisoblanadi. Biroq, 1837-yilda yosh Charles Tiffany otasidan atigi 1 dollar qarz olib, Nyu-York shahrining markazida kanselyariya mollari do‘konini ochganida, hali zargarlik buyumlari haqida o‘ylab ham ko‘rmagan edi.
Matbuot tomonidan "bo‘lg‘usi olmoslar qiroli" deb nom berilgan Charles 1812-yilda Konnektikut shtatida tug‘ilgan. O‘sha paytda uning otasi paxtani qayta ishlash sohasida muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lgan. Charles balog‘at yoshiga yetgach, kichik do‘konda va otasining idorasida sotuvchi sifatida ishlay boshlagan. Yigit o‘z biznesini ochishga tayyor ekanligini his qilgach, sinfdoshi bilan birga katta imkoniyatlar shahri hisoblangan Nyu-Yorkka yo‘l oladi.
Afsuski, yosh tadbirkorlar darhol muvaffaqiyatga erisha olmadilar. Do‘konning birinchi oyida ularning foydasi atigi 4,98 dollarni tashkil etdi. Biroq Young va Tiffany ruhan tushmasdan, aksincha, xizmat sifatini yaxshilash haqida o‘ylay boshladilar. Yigitlar qaysi mahsulotlarga talab yuqori ekanligini kuzatib, do‘kon assortimentini zargarlik buyumlari va hashamatli tovarlarga o‘zgartirishdi.
1841-yilda “Tiffany and Young” ko‘p yillik do‘sti J. L. Ellis’ni hamkorlikka chaqirdi va kompaniya “Tiffany, Young & Ellis” nomini oldi. Fransiya iqtisodiy inqirozi paytida butun qirollik zodagonlari pul tanqisligiga duch kelib, o‘z taqinchoqlarini sotishga majbur bo‘lishdi. Tiffany bunda katta imkoniyat ko‘rib, kompaniyaning barcha daromadini fransuz olmoslarini sotib olishga sarfladi. Natijada, matbuot Charles Tiffany’ni "olmoslar qiroli" deb atay boshladi.
1845-yilda Tiffany & Co o‘zining birinchi katalogini chop etib, xaridorlarni hashamatli buyumlar bilan tanishtirdi. "Blue Book" har yili Tiffany’ning eng chiroyli taqinchoqlarini namoyish etadi va 1978-yildan beri katalog muqovalarini Tiffany Blue brend rangi bezab kelmoqda. Har bir quti o‘ralgan o‘sha oq tasma esa noziklik va nafosatning ramziga aylandi.
Kimdir Tiffany & Co. brendini tilga olganda, dastlab ko‘z oldimizga o‘sha mashhur moviy rang yoki shov-shuvga sabab bo‘lgan “Breakfast Tiffany’s” («Завтрак у Тиффани») filmi keladi. Biroq ko‘pchilik Tiffany 1847-yilda soat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganini va 1868-yilda birinchi Amerika sekundomerini yaratganini bilmaydi. Bundan tashqari, 2000-yillarning boshida Tiffany Watch Co. kompaniyasi tashkil etildi va taniqli soat brendi Swatch bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Shundan so‘ng, Swatch Group va Tiffany kompaniyasi birgalikda yangi soatlar turkumini ishlab chiqardi. Ushbu soatlarning barchasi Shveysariyada tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Tiffany & Co. 925/1000 probali kumush qotishmasidan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni boshlagan ilk kompaniya edi. Keyinchalik AQSH bu probani sterling standarti sifatida qabul qildi va bugungacha undan foydalanib kelmoqda.
1853-yilda Charles Tiffany’ning hamkorlari nafaqaga chiqqach, u kompaniya ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga oldi va uning nomini “Tiffany & Co.” deb o‘zgartirdi.
Fuqarolar urushi davrida kompaniya o‘z muvaffaqiyatini yo‘qotmadi, aksincha, o‘zini ishonchli hamkor sifatida ko‘rsatdi. Tiffany o‘z faoliyatini o‘zgartirib, armiyaga qilich, shamshir va harbiy anjomlar yetkazib bera boshladi. Bu nafaqat vatanparvarlik harakati va daromad manbai, balki muvaffaqiyatli marketing yo‘li ham edi.
Kompaniya eng katta muvaffaqiyatga sport sohasi orqali erishdi. 1960-yillardan boshlab Tiffany sport sovrinlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Har yili Milliy futbol ligasi uchun Superkubok sovrini topshiriladi. Bundan tashqari, Tiffany & Co. AQSH tennis chempionati uchun kumush kubok, Milliy basketbol assotsiatsiyasi chempionati kubogi va Nyu-York marafoni g‘olibiga kumush patnis taqdim etgan.
Charles Tiffany barcha go‘zal ayollarni so‘zsiz o‘ziga rom etishni maqsad qilib, Tiffany Settings nikoh uzuklarini yaratdi. Uzuk halqa yuzasidan ko‘tarilgan va oltita metall tish bilan mahkamlangan olmos bilan bezatilgan bo‘lib, bu unga havoda muallaq turgandek ko‘rinish beradi. Bu uzuk 130 yildan beri butun dunyoda mashhurligini yo‘qotmagan va erkaklar hamon uni o‘z sevgilisiga muhabbati ramzi sifatida hadya etib kelmoqda.
Truman Capote’ning “Breakfast Tiffany’s” filmi brendga shuhrat keltirdi. Bosh rolni o‘sha paytga kelib allaqachon mashhurlikka erishgan aktrisa Audrey Hepburn ijro etgan. Filmda qahramonning egnida qora ko‘ylak, boshida tiara, bo‘ynida esa dunyodagi eng yirik sariq olmoslardan biri – 128,51 karatlik Tiffany olmosi taqilgan marjon bor edi. Keyinchalik, Tiffany yana bir necha bor kinematografiyada ko‘rinadi. “The Great Gatsby” («Великий Гэтсби») filmi uchun zargarlik uyi kuch va mablag‘ini ayamay, butun bir turkum taqinchoqlar yaratdi.
Tiffany & Co. kompaniyaning eng yirik aksiyadoriga aylangan bosh direktori Walter Hoving’ni jalb qilib, rivojlanishda yana bir qancha yutuqlarga erishdi. 2019-yilda esa asr kelishuvi ro‘y berdi: Fransiyaning LVHM konserni Tiffany & Co. brendini va u bilan birga 183 yil davomida yaratilgan butun madaniyatni sotib oldi.
Tiffany & Co. merosi zargarlik buyumlari, kanselyariya buyumlari, kumush idishlar, sopol, aksessuarlar va parfyumeriya kabi ulkan boyliklarni o‘zida mujassam etadi. Kompaniya o‘z mahsulotlarini AQSH va Dominikan Respublikasida ishlab chiqaradi. Toshlarning katta qismi Botsvana, Kanada, Namibiya, Rossiya va Janubiy Afrikadan olib kelinadi. Zamon bilan birga moda tendensiyalari ham o‘zgarmoqda, ammo Tiffany & Co. mahsulotlari 100 yil oldingi kabi nafislik, hashamat va mukammal did timsoli bo‘lib qolmoqda.