Ultima Yandex Go:
Toshkentda “Ultima Guide”ga kiritiladigan restoranlar ro‘yxatini e’lon qildi

Ultima Yandex Go Toshkentdagi restoranlar uchun mo‘ljallangan ilk texnologik restoran qo’llanmasi — Ultima Guide long-listiga kirishi mumkin bo‘lgan nomzodlar ro‘yxatini e’lon qildi. Neyron tarmoq yordamida tanlab olingan 140 ta restoran mehmonlar uchun yoqimli muhit, original konsepsiya va taom sifati bilan ajralib turadi. Ushbu ro‘yxatdan eng kuchli 20 ta muassasa finalchi sifatida Ultima Guide'ga kiritiladi.
Ultima Guide rasman may oyidagi tantanali marosimda taqdim etiladi. Qo‘llanmaga kiruvchi restoranlar ikkinchi bosqich — ovoz berish yakunlariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan muassasalar orasida aniqlanadi. Ushbu ovoz berish jarayonida 4500 nafar Yandex Go foydalanuvchisi va 39 nafar mustaqil mutaxassislar — restoratorlar, oshpazlar, gastrotanqidchilar, OAV va inflyuyenser vakillari ishtirok etadi.
Nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish jarayonida sun’iy intellekt Toshkentdagi 3000 dan ortiq restoranni tahlil qilgan. Ular Yandex Maps ilovasidagi buyurtma va tashriflar soni, foydalanuvchi fikrlari va yana 100 dan ziyod mezonlar asosida baholangan.
Ultima Guide long-listiga ham mashhur restoranlar, ham kichik qahvaxonalar kiritilgan. Biroq, ovoz berish boshlanishiga 3 oydan kam vaqt oldin ochilgan muassasalar, an’anaviy barlar, qahvaxonalar, oziq-ovqat markazlari va 3 tadan ortiq filiali bor restoran tarmoqlari ro‘yxatdan chiqarilgan. Qo‘llanmaga kirish uchun Yandex Go hamkori bo‘lish shart emas.
Nomzodlar ro‘yxati bilan loyiha saytida tanishish mumkin. Ultima Guide va long-list reyting emas, shuning uchun muassasalar alfavit tartibida joylashtirilgan.
Ushbu qo‘llanma yordamida foydalanuvchilar Toshkentdagi yaxshi joylarni tez va oson topa oladilar, finalga chiqqan restoranlar esa yangi auditoriyani jalb qilish imkoniga ega bo‘ladilar.