Yapon manikyuri

Tirnoqlar go‘zalligi va salomatligi

12 Noy 2024
foto: freepik

Yapon manikyuri tirnoq parvarishiga o‘ziga xos yondashuvi bilan dunyoni o‘ziga rom etmoqda. U an’anaviy usullardan farqli ravishda tabiiylikka, sog‘lomlikka va tirnoqlarning mayin jilolashiga e’tibor qaratadi. Qadimiy yapon texnikalariga asoslangan bu usul o‘zining nozikligi va chuqur tiklovchi xususiyatlari bilan qadrlanadi. Keling, yapon manikyurining o‘ziga xos jihatlari, afzalliklari va uni qancha vaqtda bir marta qildirish kerakligi haqida so‘z yuritamiz.

Yapon manikyurining asosiy farqi shundaki, unda faqat tabiiy tarkibiy qismlar qo‘llaniladi. Usta gel yoki lak o‘rniga minerallar va tabiiy komponentlar, jumladan, marvarid kukuni, keratin, vitamin majmualari va yog‘lar asosidagi pastani tirnoqlarga ishqalaydi. Bu nafaqat tirnoqlarga sog‘lom ko‘rinish va jilo beradi, balki ularning tuzilishini chuqur oziqlantiradi va tiklaydi. Yakuniy bosqichda esa shikastlanishdan himoya qiluvchi maxsus sayqallash kukuni qo‘llanadi.

foto: pexels

Yapon manikyurining afzalliklari

  1. Tirnoqlarni mustahkamlash: yapon manikyuri tirnoqlarni vitaminlar va minerallar bilan boyitish orqali ularning tuzilishini mustahkamlaydi va sinuvchanligining oldini oladi.
  2. Tabiiy jilo: bu manikyur laksiz ham zamonaviy va parvarishlangan ko‘rinadigan ozoda, tabiiy jilolanishga erishish imkonini beradi.
  3. Xavfsizlik: ushbu manikyur jarayoni kimyoviy moddalardan foydalanishni o‘z ichiga olmagani sababli, u allergiyaga moyil va sezgir teriga ega bo‘lgan odamlar uchun juda mos keladi.

foto: freepik

Yapon manikyuri kamchiliklari

  1. Vaqt sarfi: yapon manikyuri oddiy manikyurga qaraganda ko‘proq vaqt talab etadi, chunki u puxta tayyorgarlik va vositalarni ehtiyotkorlik bilan surtishni taqozo qiladi.
  2. Bezak elementlarining yo‘qligi: agar sizga yorqin dizayn yoki to‘yingan ranglar yoqsa, yapon  manikyuri ko‘zga tashlanadigan vizual effekt yaratish uchun mos kelmaydi, chunki uning maqsadi tabiiylikni ta’kidlashdan iborat.

Yapon manikyurini qancha vaqtda bir marta qildirish kerak?

Tirnoqlar salomatligini saqlash uchun yapon manikyurini har 2-3 haftada bir marta qildirish tavsiya etiladi. Bunday oraliq tirnoqlarning mustahkam va yaltiroq bo‘lib turishiga imkon beradi, foydali moddalar esa to‘liq ta’sir ko‘rsatishga ulguradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin