2025-yilgi London dizayn biennalesida o‘zbek dizayni

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida tantanali taqdimot o‘tkazildi

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida London dizayn biennalesida o‘zbek dizaynining ilk ishtiroki sharafiga bayramona qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning boy madaniy merosi va zamonaviy ijodiy qarashlarini namoyish etish imkoniyati bo‘ldi.

Kecha mehmonlari orasida san’at, biznes, diplomatiya va ommaviy axborot vositalari vakillari bor edi. Tadbir Britaniya Kengashi va o‘zining 5 yillik yubileyini nishonlash doirasida o‘zbekistonlik dizaynerlarni ifodalovchi pavilon tashabbuskori va buyurtmachisi bo‘lgan DNK strategik aloqa agentligining Toshkentdagi vakolatxonasi ko‘magida o‘tkazildi.

Kecha pavilyonning ijodiy konsepsiyasi taqdimoti bilan boshlandi. “O‘tmish va kelajak bog‘i” (The Once and Future Garden) deb nomlangan ekspozitsiya modelyer Nigora Xoshimova, mebel dizaynerlari Tigran Erdman va Timur Parmanov, shuningdek, Madina Kasimbayevaning an’anaviy qo‘lda tikilgan so‘zanasini o‘z ichiga oladi. Ko‘rgazmada, shuningdek, britaniyalik rassom Rut Shellining o‘zbek miniatyuralari va ularning ifodali to‘qimachilik estetikasidan ilhomlangan shisha buyumlari ham namoyish etiladi.

Qutlov so‘zida Janobi Oliylari elchisi Timoti Smart Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarning ahamiyatini ta’kidlab, dizayn mamlakatlar o‘z tarixini hikoya qiladigan, meros va intilishlarini ulashadigan kuchli vosita ekanligini aytib o‘tdi. “Buyuk Britaniya va O‘zbekiston madaniy almashinuvga chuqur sadoqatni baham ko‘radi. London dizayn biennalesi o‘zbek dizaynining betakror estetikasini namoyish etish va ijodiy hamjamiyatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun qulay maydondir. Bu hamkorlik O‘zbekistonda yuzaga kelayotgan iste’dod va innovatsiyalarni aks ettiradi va men uni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunman”, – dedi elchi.

Tadbirda pavilon ijodiy jamoasi a’zolari ham so‘zga chiqib, o‘zlarining ko‘rgazmaga qo‘shgan hissalariga ta’sir ko‘rsatgan shaxsiy va madaniy ilhom manbalari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, mehmonlarga o‘zlarining ijodiy jarayonlari va uning shakllanishi haqidagi qarashlari to‘g‘risida so‘zlab berdilar.

“Men London dizayn biennalesida ishtirok etish imkoniyati uchun juda minnatdorman. Bu o‘zbek dizaynini moda prizmasidan – an’analar innovatsiyalar bilan uchrashadigan soha orqali taqdim etishning noyob imkoniyatidir. Bizning ishlarimizda tarix, o‘zlik va ijodiy qarash uyg‘unlashib ketgan”, – dedi modelyer Nigora Xoshimova.

“Jahon dizayn hamjamiyati vakillarini to‘playdigan yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etishga taklif ijodiy startaplarni rivojlantirish va e’tirof etish uchun kuchli turtki beradi. Bu, shuningdek, xalqaro maydonda o‘zbek buyum dizayni faqat meros haqida emasligini ko‘rsatish imkoniyati: u rivojlanmoqda, qayta tushunilmoqda va zamonaviy makonlarga uyg‘unlashmoqda”, – dedi mebel dizayneri Tigran Erdman.

“Ushbu loyiha O‘zbekiston badiiy hamjamiyatidagi ovozlar xilma-xilligini nishonlaydi. U xususiy sektor madaniyatga sarmoya kiritganda qanday muhim natijalarga erishish mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi”, – dedi kurator yordamchisi Alsu Axmetzyanova.

Xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan Olmaotadagi NAAW arxitektura studiyasi pavilonni loyihalashga rahbarlik qildi. Tadbirda studiyani yetakchi interyer me’mor Viktoriya Akram taqdim etdi va jamoaning loyihani amalga oshirishdagi yondashuvini tushuntirib berdi.

“Biz uchun o‘zbek madaniyatining go‘zalligi va teranligini ta’kidlash, asarlari ko‘rgazmada namoyish etilayotgan dizaynerlar va rassomlarning g‘oyalari hamda mahoratini yanada yaxshiroq namoyon qiladigan muhit yaratish muhim edi”, – dedi Viktoriya.

5-iyun kuni Somerset House’da ochiladigan London dizayn biennalesi butun dunyodan 40 dan ortiq mamlakat va tashkilotlarni birlashtiradi. O‘zbekistonning ushbu xalqaro tadbirdagi ishtiroki mamlakatning kreativ sanoati salohiyati va kuchining yorqin tasdig‘i bo‘ldi.

Foto: Re_Production

Maqolani baham ko'ring

Related articles