To‘siqlar osha yugurish

Sportchi Irina Levina haqidagi hikoya

Har bir sport turi katta mehnat va mashaqqatli yo‘ldir. Odamlar sportni hayotdagi asosiy faoliyat turi sifatida tanlar ekan, g‘alaba nashidasini his etish imkoniyati bilan birga, undagi yashirin xavf-xatarlarga ham duch keladi.

Irina Levina 21 yoshda. U allaqachon qiyin yo‘lni bosib o‘tishga ulgurgan: sportchi qiz to‘qqiz yillik sport karyerasini yanada rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Irina yengil atletikani tanlab, orzularini ham belgilab oldi. Sportning bu turidagi dastlabki qadamlaridanoq u raqobat va g‘alaba ishtiyoqini his etdi, bu uning motivatsiyasiga aylandi.

Irinaga boshidanoq bir startdan keyingi startga o‘sib borayotgan natijalari umid bag‘ishladi. Biroq noto‘g‘ri yuklamalar va o‘smirlik maksimalizmi (o‘z imkoniyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish) birinchi jiddiy jarohatni olib keldi. Bu tajriba asosiy maqsadini – sportchilarning shikastlanishiga yo‘l qo‘ymagan holda ularni to‘g‘ri boshqara oladigan murabbiy bo‘lishni yuzaga keltirdi.

Uzoq muddatli tiklanishdan so‘ng Irinani mashina urib ketadi. Katta boldir suyagining sinishi sport formasiga qaytish uchun yanada ko‘proq vaqt talab qilardi. Ammo atletikachi qiz kuta olmasdi, chunki u murabbiylikka o‘qitadigan universitetga kirish amaliy imtihonlarini topshirishi kerak edi. Gips olib tashlaniboq, Irina darhol astoydil shug‘ullanishni boshlaydi. Hali ham oqsab yursa-da, qiz imtihonlarni topshiradi va universitetga kiradi.

Musobaqa mavsumiga faol tayyorgarlik boshlanadi. Mashg‘ulotlardan birida Irina oyog‘ining qirsillaganini eshitadi, lekin og‘riqqa qaramay, davom etishga qaror qiladi. Musobaqalardagi ishtiroki tufayli u Islom birdamligi o‘yinlarida (Konya 2021) 4×400 m estafeta bo‘yicha terma jamoaga kiritiladi. Mavsumdan so‘ng oyoq og‘rig‘iga chidash endi imkonsiz ekanligi ayon bo‘ladi. Oyoq panjasida sesamosimon suyak (paylar qatlamida joylashgan va odatda boshqa suyaklar yuzasida yotgan suyaklar)ning sinishi aniqlanib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Davolanish va tiklanish uchun yana ko‘p vaqt kerak bo‘lsa-da, murabbiyning to‘g‘ri yondashuvi tufayli 5 oydan so‘ng Irina musobaqalarda qatnashib, shaxsiy rekordlarini yangilaydi.

Hozirda Irina O‘zbekiston yengil atletika terma jamoasi a’zosi, O‘zbekiston chempionatlari va xalqaro musobaqalarning ko‘p karra sovrindori, sport ustasi nomzodidir. Ushbu yozgi mavsum Irinaga 800 metrga yugurish bo‘yicha xalqaro musobaqalarda uchta kumush va ikkita bronza medalni keltirdi. Sportchining eng katta orzusi – Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdir.

Fotograf: Lilaya Nasirova

Model: Irina Levina

MUAH: Elmira Kambekova

Maqolani baham ko'ring

Related articles