Pahlavon Turdiyev:
“Black Quail – bu o‘zlik erkinligi”

Pahlavon Turdiyev – “Black Quail” brendining asoschisi, dizayner, rassom hamda har bir harakatida o‘z-o‘zini yuksak ishonch bilan namoyon etar shaxs. ELLE O‘zbekiston uchun bergan suhbatida u o‘zining hayot yo‘li, ilhom manbalari, duch kelgan qiyinchiliklari, madaniy o‘ziga xosligi hamda shaxsiy erkinlik falsafasi qanday qilib yangi avlod brendini yaratishda asos bo‘lgani haqida hikoya qiladi.
O‘z yo‘lingiz haqida gapirib bering. Aksessuarlar yaratishga qanday kelib qoldingiz?
Aksessuarlar dunyosidagi yo‘lim san’atga bo‘lgan chuqur ishtiyoq bilan boshlandi. Bolaligimdan ijod qurshovida o‘sganman: akam rassomlik bo‘yicha ta’lim olardi, uning asarlari menga ruh bag‘ishlardi. Maktabdagi tanlovlarda ishtirok etib, mukofotlar qo‘lga kiritardim, hatto litsey davrida rasmlarimni sotib pul topa boshlagandim. Keyinchalik Kamoliddin Behzod nomidagi Rassomchilik va dizayn institutiga o‘qishga kirdim.
Hayotimning burilish nuqtasi Jonni Deppning Jek Tullak rolini ijro etishidagi obraziga hayratlanishim bo‘ldi – unda juda kuchli vizual ta’sir va xarakter mujassam edi. Avval o‘zimga, keyin do‘stlarim uchun xuddi shunday aksessuarlar yaratishni istab qoldim. Ishlarimga bo‘lgan qiziqishni ko‘rganimda, “Black Quail” brendini yaratdim va u dunyo bilan muloqot qilish vositamga aylandi.
Sizning shakllanishingizda muhim rol o‘ynagan ustozingiz bo‘lganmi?
Ha, bitta emas. Mening birinchi ilhom manbayim akam edi. Keyinchalik, institutda o‘qiyotgan paytimda, rangtasvir o‘qituvchisi Xayrulla aka menga katta madad berdilar. Biroq dunyoqarashimga eng kuchli ta’sir ko‘rsatgan asosiy shaxs Ayrin Batirovna Allabergenova bo‘ldi. U menga keng fikrlashni, har qanday jarayonga ijodiy va g‘ayrioddiy yondashishni o‘rgatdi. Uning rassom va brend asoschisi sifatida shakllanishimga qo‘shgan hissasini baholash oson emas.
Ilk bosqichda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
Asosiy sinov – o‘zlikni saqlash, unga sodiq qolish demakdir. Men doimo oqimga qarshi borish, tashqi ko‘rinishim, g‘oyalarim va badiiyatim orqali o‘zligimni namoyon qilishdek ichki ehtiyojim borligini his qilardim. Bu har doim ham qabul qilinmas edi. Meni hamisha g‘ayrioddiy deb hisoblardilar va men o‘zimni ifoda etish huquqim borligini so‘zlar bilan emas, balki amalda isbotlashimga to‘g‘ri kelardi.
Yo‘lning boshida tajribam yo‘q edi – hamma narsani noldan o‘rganishim kerak bo‘ldi. Texnologiyalarni, bezaklarni, dizayn yaratishning barcha bosqichlarini o‘zim mustaqil o‘zlashtirdim. Esimda, brendning birinchi taqdimotiga hech kim kelmagan edi hatto. Haqiqatdan ham og‘ir damlar edi, ammo ular mening qat’iyatimni kuchaytirdi. Men oxirigacha borishim kerakligini angladim va bu mening rivojlanishimga turtki bo‘ldi.
Brendga Black Quail nomini berish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
Bedana bizning madaniyatimiz bilan bog‘liqlikning ramzidir. O‘zbekistonda uning sayrashi iliqlik, uy va shinamlik tuyg‘ularini uyg‘otadi. Qora rang esa men uchun dadillik, o‘ziga xoslik va erkinlikning timsoli. Bu mening muqobil madaniyat, artxaus kino va musiqaga bo‘lgan muhabbatimning ifodasi. Qora bedana – bu ildizlar va o‘zgacha bo‘lish jasoratining uyg‘unligidir. Biz o‘zbek estetikasidan ilhom olamiz, ammo shu bilan birga minimalizmga, dadillikka va an’analarni zamonaviy talqin etishga intilamiz.
Brendimizning asosida o‘zini erkin ifoda etish g‘oyasi yotadi. Biz qoliplarni buzishdan cho‘chimaymiz va egasining shaxsiyatini aks ettiradigan mahsulotlar yaratamiz. Bizning mijozlarimiz – o‘zligini namoyon etishdan qo‘rqmaydigan insonlardir.
Ijodiy jarayoningiz va jamoa bilan ishlashingiz qanday tashkil etilgan?
Ilhom har narsadan olinadi: kino, me’morchilik, moda, hatto tasodifiy suhbatlardan ham. G‘oya tug‘ilganda, uni mudboradga yozib qo‘yaman, chizmalar chizaman, konsepsiyani shakllantiramаn. So‘ngra buni ustalar bilan muhokama qilaman va eng qiziqarli jarayon boshlanadi: g‘oyani haqiqiy mahsulotga aylantirish.
Agar loyiha noodatiy yechimlarni talab qilsa, boshqa sohalardagi mutaxassislarni izlaymiz. Men uchun mahsulot ustida ishlaydigan har bir kishi unga o‘zidan bir bo‘lak qo‘shishi muhim. Bu har doim jonli, qiziqarli jarayon bo‘lib qoladi.
“Orzularingdan gapir” loyihasi haqida so‘zlab bering.
Biz ushbu loyihani Coca-Cola va ELLE O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirdik. Maqsadimiz qizlarni o‘z orzulari haqida dadil gapirishga ilhomlantirish edi. Biz rassomlar uchun tanlov e’lon qildik va ularga orzu mavzusini tasviriy shaklda ifodalashni taklif etdik. G‘olib cheklangan miqdordagi ro‘mollar to‘plami uchun eskiz yaratadi, qolgan ishtirokchilar asarlari esa yangi Black Quail ko‘rgazmasida namoyish etiladi.
Bu har bir ayolning ovozi eshitilishi mumkinligi va orzular aytilsa, ular ro‘yobga chiqishi haqidagi hikoya qiladi.
Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
Biz rivojlanishni davom ettirmoqdamiz, zamonaviylik va madaniyat uyg‘unlashgan yangi kolleksiyalarni tayyorlamoqdamiz. Yaqin orada Toshkent markazida, Istiqbol ko‘chasi 18-uyda, Fransiya elchixonasi qarshisida yangi do‘konimizni ochishni rejalashtirganmiz. Bu shunchaki savdo nuqtasi emas, balki muloqot qilish, ilhom olish va san’at bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan makon bo‘ladi.
photo: Lilya Nasirova