Tak Lau Yuen: «Oddiy ko‘ringan taom ortida ko‘pincha mahorat, vaqt va katta tajriba mujassam bo‘ladi»

The Peninsula Paris mehmonxonasidagi LiLi restorani bosh oshpazi kanton oshxonasi falsafasi, Xitoy mehmondo‘stligi an’analari va ikki gastronomik madaniyatning uyg‘unligi haqida

16 Noy 2026
PHOTO: PR THE PENINSULA PARIS

Tak Lau Yuenning gastronomiya olamiga yo‘li olti yoshida, oilasi Gonkongdan Fransiyaga ko‘chib kelib, o‘z restoranini ochgan paytda boshlangan. Professional oshpaz bo‘lgan otasini kuzatib ulg‘aygan u bolaligidan Xitoy oshxonasining nozik jihatlari bilan tanishgan, keyinchalik esa fransuz gastronomiyasiga ixtisoslashgan holda pazandachilik san’ati bo‘yicha tahsil olgan. Bugungi kunda Tak Lau Yuen afsonaviy The Peninsula Paris mehmonxonasidagi LiLi restorani oshxonasiga rahbarlik qiladi. U 2014-yilda restoran ochilganidan buyon uning gastronomik konsepsiyasini shakllantirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Mehmonxonaning ijrochi bosh oshpazi David Bizet bilan birgalikda u fransuz va Xitoy pazandachilik an’analari o‘rtasida nafis muloqotni rivojlantirib, kanton oshxonasining asl qiyofasini saqlagan holda tanish ta’mlarning yangi qirralarini ochmoqda. ELLE Uzbekistan uchun bergan eksklyuziv intervyusida oshpaz Gonkongning gastronomik merosi, mahsulotlar bilan ishlash san’ati, Xitoy mehmondo‘stligi madaniyati hamda ikki gastronomik olam chorrahasida tug‘iladigan ilhom haqida so‘z yuritadi.

Parijda yashash va ishlash sizga — inson va professional sifatida — qanday ta’sir ko‘rsatdi? Bu shaharda sizni eng ko‘p nima hayratga soldi?

Parij menga gastronomiyaga yanada kengroq nigoh bilan qarashni o‘rgatdi. Bu turli madaniyatlar uchrashadigan, mehmonlari esa bir vaqtning o‘zida qiziquvchan va talabchan bo‘lgan shahardir. The Peninsula Paris mehmonxonasida ishlash menga ushbu madaniy almashinuvni bevosita his qilish imkonini berdi. Ayniqsa, mahsulotlar xilma-xilligi, pazandachilik an’analarining boyligi va mavsumiylikka bo‘lgan alohida e’tibor meni hayratga soladi. Bularning barchasi o‘z ildizlarimga sodiq qolgan holda doimo yangi bilimlarni o‘zlashtirishga ilhomlantiradi.

Fransuz madaniyati yoki Parij turmush tarzining gastronomiya, mehmondo‘stlik va dasturxon madaniyati haqidagi tasavvuringizni o‘zgartirgan jihatlari bormi?

Albatta. Avvalo, mahsulotlar sifati, mavsumiylik va taomlarni tortish ketma-ketligiga bo‘lgan e’tibor. Shuningdek, taomlarni bezashdagi o‘ziga xos puxtalik va xizmat ko‘rsatishning yuksak darajasi menga juda yaqin. Bularning barchasi kasbiy yondashuvimga ta’sir ko‘rsatadi va ayni paytda kanton oshxonasining asosiy tamoyillari — aniqlik, uyg‘unlik va ta’mning ifodaliligini yana bir bor yodga soladi.

PHOTO: PR THE PENINSULA PARIS

Oshxonadan tashqarida Parijning qaysi maskanlarida bo‘lishni yoqtirasiz? Shaharda siz uchun ilhom manbai bo‘ladigan restoran yoki joy bormi?

An’anaviy fransuz restoranlarini kashf etishni yaxshi ko‘raman. Ularning retseptlari, mahsulotlari va pazandachilik usullari orqali mamlakat madaniyatini yanada chuqurroq anglash mumkin. Mavsumlar almashinuvi va mavsumiy mahsulotlar sifatini kuzatish imkonini beradigan bozorlarga ham borishni yoqtiraman. Oshpaz uchun ilhom faqat mashhur restoranlardagina tug‘ilmaydi — uni qiziqarli inson bilan uchrashuvda, noodatiy masalliqlarda yoki oddiy ko‘ringan taomdagi yuksak mahoratda ham topish mumkin.

Kanton oshxonasining o‘ziga xosligi nimada va u Xitoyning boshqa hududiy gastronomik an’analaridan qanday farq qiladi?

Kanton oshxonasida mahsulotlarning yangiligi va tayyorlash jarayonidagi aniqlikka juda katta ahamiyat beriladi. Uning asosiy maqsadi har bir masalliqning tabiiy ta’mini murakkab uyg‘unliklar ortida yashirish emas, balki to‘liq namoyon etishdir. Bug‘da pishirish, vokda yuqori haroratda tez qovurish, bulon va sho‘rvalar ushbu gastronomik an’ananing muhim tarkibiy qismlaridir. Ziravorlardan foydalanish ham alohida aniqlikni talab qiladi: bu yerda ta’mning uyg‘unligi va nozikligi uning to‘yinganligi kabi muhimdir.

Fransuz mahsulotlari bilan ishlagan holda va Yevropa auditoriyasining didini hisobga olib, kanton oshxonasining asl qiyofasini qanday saqlab qolasiz?

Jamoamning aksariyati Gonkongdan kelgan xitoylik oshpazlardan iborat bo‘lib, ular kanton oshxonasining ruhi va texnikalariga amal qilgan holda ishlaydilar. Men uchun Xitoy pazandachilik san’atining qadriyatlari va intizomini saqlash nihoyatda muhim. The Peninsula Paris mehmonxonasida bosh oshpaz David Bizet bilan hamkorlik qilish ham fikr almashish, fransuz mahsulotlari va usullarini kashf etish, bir-birimizdan o‘rganish hamda o‘z yondashuvimizni boyitish imkonini beradi. Bunda biz gastronomik o‘zligimizga sodiq qolamiz.

Fransuz mehmonlari orasida Xitoy oshxonasi haqidagi qaysi keng tarqalgan tasavvurlarni o‘zgartirishni istardingiz?

Men Xitoy oshxonasi naqadar rang-barang ekanini va uni Yevropada eng ko‘p tanilgan bir nechta taom bilangina cheklab bo‘lmasligini ko‘rsatishni istardim. Xususan, kanton oshxonasi nafisligi, aniqligi va mahsulotlarga chuqur hurmatga asoslangani bilan ajralib turadi. U pazandachilik texnikalarini mukammal egallash va ziravorlardan foydalanishda yuksak mahorat talab qiladi. Oddiy ko‘ringan taom ortida ko‘pincha mahorat, vaqt va katta tajriba mujassam bo‘ladi.

PHOTO: PR THE PENINSULA PARIS

LiLi restoranida gastronomiya taqdimot san’ati va dasturxon an’analari bilan chambarchas bog‘liq. Ushbu urf-odatlar Xitoy madaniyatida qanday o‘rin tutadi va uning merosi haqida nimalarni hikoya qiladi?

Xitoy madaniyatida taomlanish nafaqat ovqatdan bahramand bo‘lish, balki uni boshqalar bilan baham ko‘rish imkoniyatidir. Taomlar odatda dasturxon markaziga qo‘yiladi, shunda har bir mehmon turli noz-ne’matlardan tatib ko‘rishi mumkin. Taqdimot, ranglar uyg‘unligi va butun menyuning muvozanati umumiy taassurotning bir qismiga aylanadi. Bu an’analar mehmondo‘stlikka bo‘lgan o‘ziga xos munosabatni aks ettiradi: mehmonlarni samimiy kutib olish, ularga turli ta’mlarni taklif etish va har bir inson o‘zini dasturxon atrofida aziz his qiladigan muhit yaratish.

Mehmonlarga ovqatlanish uchun ikki juft cho‘p beriladi, kichik Xitoy qayiqlari esa ular uchun taglik vazifasini bajaradi. Bu detallarning ma’nosi nimada va ular gastronomik taassurotni qanday boyitadi?

Bu detallar dasturxon an’analariga nisbatan amaliylik va hurmatni birlashtiradi. Bir juft cho‘p umumiy idishlardagi taomlarni olish uchun, ikkinchisi esa bevosita ovqatlanish uchun ishlatiladi. Maxsus taglik esa taomlar orasida cho‘plarni ozoda qo‘yish imkonini beradi. Bunday kichik e’tiborlar shoshilmasdan taomlanishga undaydi va birgalikdagi dasturxon madaniyatidan to‘liq bahramand bo‘lishga yordam beradi.

Birgalikda taomlanish Xitoy madaniyatida markaziy o‘rin tutadi. Sizningcha, yevropaliklar ushbu an’anadan nimalarni o‘rganishlari mumkin?

Birgalikdagi dasturxon taomlanish, avvalo, jamoaviy taassurot ekanini eslatadi. Har kim o‘zi uchun alohida taom buyurtma qilish o‘rniga, mehmonlar turli ta’mlarni birgalikda kashf etadilar, taassurotlarini baham ko‘radilar va xilma-xil uyg‘unliklarni sinab ko‘radilar. Bu jarayon dasturxonni yanada jonli va erkin qiladi. Menimcha, bunday taomlanish madaniyati qiziquvchanlik, saxovat va dasturxonni baham ko‘rayotgan insonlarga e’tiborli bo‘lishni tarbiyalaydi.

O‘rdak Xitoy gastronomiyasida alohida o‘rin tutadi. Uni mukammal tayyorlash siri nimada va mehmonlar ko‘z o‘ngida bo‘laklarga ajratish nega gastronomik tajribaning ajralmas qismiga aylangan?

Hammasi mahsulot sifatidan va tayyorlashning har bir bosqichidagi mahoratdan boshlanadi. Marinad, harorat rejimi va teriga ishlov berish jarayoni mukammal nazoratni talab qiladi. Ayniqsa, qarsildoq teri va mayin go‘sht o‘rtasidagi qarama-qarshilik muhim. O‘rdakni mehmonlar ko‘z o‘ngida bo‘laklarga ajratish taqdimotga o‘ziga xos tomoshaviylik bag‘ishlaydi, biroq eng avvalo, oshpazning professionalligini namoyon etadi. Texnika, aniqlik va xizmat ko‘rsatish jarayonining o‘zi gastronomik zavqning ajralmas qismiga aylanadi.

XO sousi kanton oshxonasining eng taniqli masalliqlaridan biri hisoblanadi. Uning o‘ziga xos xushbo‘y ta’mi nimadan kelib chiqadi va quritilgan dengiz taroqlari hamda krevetkalar nega uning ta’mida shunchalik muhim rol o‘ynaydi?

XO sousi ta’mning hayratlanarli chuqurligi bilan ajralib turadi: unda dengiz mahsulotlariga xos, ziravorli, biroz achchiq va umami ta’mining boy ohanglari uyg‘unlashadi. Quritilgan dengiz taroqlari va krevetkalar unga o‘ziga xos ta’m konsentratsiyasi va murakkablik bag‘ishlaydi. Bunga faqat yangi mahsulotlar yordamida erishib bo‘lmaydi. Sarimsoq, qalampir va boshqa xushbo‘y masalliqlar bilan uyg‘unlashganda ular sousning yorqin xarakteri va uzoq saqlanadigan ta’m izini yaratadi. Bu juda to‘yingan ziravorli sous bo‘lib, undan foydalanish alohida aniqlikni talab qiladi.

PHOTO: PR THE PENINSULA PARIS

Agar LiLi menyusidagi uchta taom orqali mehmonni kanton oshxonasi bilan tanishtirishingiz kerak bo‘lsa, qaysilarini tanlagan bo‘lardingiz va nima uchun?

Men dimsamlardan boshlagan bo‘lardim, chunki ular pazandachilik mahoratining nozikligi va teksturalarga bo‘lgan alohida e’tiborni namoyon etadi. Keyin o‘rdakni taklif qilardim — bu tayyorlash va taqdim etish mahoratini ochib beradigan, saxovatli va ramziy taom. Nihoyat, qovurilgan guruch yoki vokda tayyorlangan taom yuqori harorat bilan ishlash aniqligi va ziravorlar uyg‘unligini his qilish imkonini beradi. Ushbu uch taom birgalikda kanton oshxonasining turli qirralarini — nafislik, saxovat va yuksak texnik mahoratni ochib beradi.

Yangi kantoncha talqinlar yaratishda sizni ilhomlantiradigan fransuz mahsulotlari yoki pazandachilik usullari bormi?

Albatta, ikki madaniyat o‘rtasidagi almashinuv ko‘plab qiziqarli imkoniyatlarni ochadi. Fransuz mahsulotlari, ayniqsa mavsumiy masalliqlar, yangi yechimlarni topishga yordam beradi, kanton texnikalari esa ular bilan o‘ziga xos tarzda ishlash imkonini yaratadi. Bosh oshpaz David Bizet bilan masalliqlar va tayyorlash usullari haqidagi suhbatlarimiz ko‘pincha yangi g‘oyalar uchun boshlang‘ich nuqtaga aylanadi. Maqsadimiz an’analarni shunchaki tajriba uchun aralashtirish emas, balki har biri o‘ziga xosligini saqlab qoladigan mazmunli uyg‘unlikni topishdir.

Agar kanton oshxonasi falsafasini bitta taom orqali ifodalashingiz kerak bo‘lsa, qaysi taomni tanlagan bo‘lardingiz va nima uchun?

Men dimsamlarni tanlagan bo‘lardim, chunki, mening nazarimda, aynan ularda aniqlik, ko‘zga tashlanadigan soddalik va saxovat uyg‘unligi mujassam. Ularni tayyorlash ko‘plab detallarga bog‘liq: xamir, masalliq, ziravorlar va pishirish usuli mukammallik darajasiga yetkazilishi kerak. Bundan tashqari, bu taom tabiiy ravishda birgalikda taomlanishga va yangi ta’mlarni kashf etishga undaydi. Men uchun dimsamlar kanton oshxonasining asl ruhini ifodalaydi: mahsulotlarga hurmat, uyg‘unlikka intilish va mehmonlarga zavq ulashish istagi.

Maqolani ulashish

Related articles