Eda Meltem: Yangi bejamat Turkiyaning ovozi
"Moda faqat estetika emas, balki o‘zini ifoda etishning kuchli shaklidir."

ELLE O‘zbekiston tahririyati turk modasini xalqaro maydonga ishonch bilan olib chiqayotgan ayol — Eda Meltem bilan uchrashdi. Keng ko‘lamli loyihalar rahbari, Antalya Fashion Week tashabbuskori va moda sanoatidagi ayollar yetakchiligining haqiqiy ovozi bo‘lgan Eda biz bilan katta namoyish ortidagi voqealarni bo‘lishadi: jamoaning ko‘zga ko‘rinmas kuchidan tortib, uning ichki dunyosini boyituvchi tabiat sehrigacha. Maxsus suhbatda u qiyinchiliklar, ilhom manbalari, sevimli dizaynerlari va modani chinakamiga jonli qiladigan omillar haqida so‘zlaydi.
ELLE: Siz Antalya Fashion Week loyihasini tamoman boshidan boshlab amalga oshirdingiz. Hammasi qanday g‘oyadan yaraldi? Sizni nima ilhomlantirdi?
Men bu sohada ko‘p yillar davomida ishlab, butun Turkiya bo‘ylab yirik tadbirlarni tashkil etganman. Biroq ichimda doimo nimadir yetishmayotgandek tuyg‘u bor edi: o‘zimning nimamdir bo‘lishini istardim. Tug‘ilgan shahrimga munosib, Antaliyaning madaniy hayotiga aylanadigan zamonaviy loyiha yaratishni xohlardim. Bu orzuni 20 yoshimda, karyeramning boshidayoq ko‘ngliga tukkan edim. Antaliya - O‘rta yer dengizining yuragi, ming yillik tarixga ega, ayni paytda zamonaviy, serharakat va dunyo bilan chambarchas bog‘langan shahar. Aynan shu o‘ziga xoslik menga ilhom berdi: Antaliyaning go‘zalligi va salohiyatini butun dunyoga ko‘rsatmoqchi edim. Hammasi oddiy bir savoldan boshlandi: "Nega yo‘q?" O‘shandan beri biz o‘sib, rivojlanib kelmoqdamiz. 2016 yilda Antaliya moda haftaligini ta’sis etdik. Turmush o‘rtog‘im Exat Lekovichning qo‘llab-quvvatlashi va uning san’atga bo‘lgan ishtiyoqi loyihaga qo‘shimcha kuch va ma’no baxsh etdi. Biz Antaliyaga o‘z hissamizni qo‘shmoqchi edik - u o‘z yo‘li bilan, men esa o‘z orzuyim orqali. Biz uchun bu shunchaki moda haftaligi emas, balki shahrimizga bo‘lgan muhabbat va ishonch ifodasidir. Antaliya moda haftaligi - bu butun bir falsafa, madaniy hodisa va haqiqiy tortilish markazidir.
Turkiyada moda haftaligini tashkil etish oson vazifa emas, ammo juda qiziqarli. Asosiy qiyinchilik mahalliy madaniyat va xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish hisoblanadi. Har bir hudud va shaharning modaga o‘z qarashi, o‘z kutilmalari mavjud. Ayniqsa, Antaliya kabi sayyohlik va tarixga boy shaharda bu muvozanatni saqlash alohida yondashuvni talab qiladi. Biz endi ish boshlaganimizda, Antaliyada yirik moda tadbirini o‘tkazish deyarli imkonsiz tuyulgan edi. Bu yerda to‘qimachilik sohasidagi ishlab chiqarish juda cheklangan bo‘lib, loyihaning uzoq muddatli bo‘lishiga ko‘pchilik ishonmasdi. Biroq biz ishondik, tavakkal qildik, orqaga chekinmadik - va bugun Antaliya moda haftaligi Turkiyaning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan eng nufuzli va barqaror moda platformalaridan biriga aylandi. Mana sakkiz yildirki, biz Antaliyaga butun dunyodan dizaynerlar, brendlar va ijodkorlarni taklif etmoqdamiz. Biz Antaliya nafaqat sayyohlik maskani, balki moda va san’at markazi ekanligini isbotladik. Biz mehr va keng tasavvur bilan shahrimizga qiymat keltiramiz. Asosiy qiyinchiliklardan biri odamlarga moda haftaligi nima ekanligini to‘g‘ri va tushunarli tarzda tushuntirishdir. Shu bilan birga, global sifatni yo‘qotmagan holda loyihani o‘z shahringiz voqeligiga moslashtirish muhimdir. Bugungi kunda Antaliya moda haftaligi o‘zining falsafasi, energiyasi va ritmiga ega bo‘lgan brendga aylandi va Turkiyadagi boshqa ko‘plab tadbirlar uchun namuna bo‘ldi. Men ushbu jarayonning asoschisi va bir qismi ekanligimdan faxrlanaman.
ELLE: Raqamlashtirish va innovatsiyalar davrida moda tadbirlarining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
Moda tadbirlari allaqachon an’anaviy ko‘rgazmalar doirasidan chiqib ketgan. Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan ular global va ko‘p qirrali tus oldi. Antalya Fashion Week bu o‘zgarishlarga birinchilardan bo‘lib munosabat bildirdi - 2021-yilda biz onlayn namoyishlarni yo‘lga qo‘yib, raqamli moda haftaligini o‘tkazdik. Moda tadbirlarining kelajagi jismoniy va raqamli dunyolarni uyg‘unlashtiradigan, ko‘p qatlamli, boy tajriba yaratuvchi gibrid formatlarga bog‘liq. Moda nafaqat nima kiyayotganimiz, balki nimani his qilayotganimiz va qanday yashayotganimiz haqida ham so‘zlaydi. Texnologiyalar bilan boyitilgan, ammo o‘zining samimiyligini yo‘qotmagan tadbirlar talab yuqori bo‘ladi. Samimiy, ilhomlantiruvchi, his-tuyg‘ularga boy - moda olami rivojlanishining keyingi bosqichi aynan shunday bo‘ladi.
ELLE: Sizningcha, hozir turk modasi qaysi bosqichda? Turkiyaning jahon moda maydonidagi o‘rnini qanday baholaysiz?
Mening fikrimcha, turk modasi doimo kuchli bo‘lib kelgan. Bugungi kunda u jahon sahnasida nafaqat an’anaviy jihatlari, balki zamonaviy, ijodiy va jasur dizaynlari bilan ham o‘zini namoyon etmoqda. Dizaynerlarimiz faqat Turkiyada emas, balki xalqaro moda haftaliklarida ham tanilgan. Ular hamkorliklar orqali jahon bozoriga muvaffaqiyatli kirib bormoqdalar. Bu yutuqlar turk modasining o‘sib borayotgan salohiyati va mamlakatning ijodiy kuchini aks ettiradi. Estetik jihatdan biz allaqachon jahon brendlari bilan raqobatlasha olamiz, mahorat borasida esa, mening nazarimda, har doim eng yuqori darajada bo‘lganmiz. Bu mustahkam asos dizaynerlarimizning xalqaro yutuqlarini tobora barqarorlashtirmoqda. Ishonchim komilki, yaqin yillarda turk modasi jahon sahnasida yanada mustahkam o‘rin egallaydi. Zero, Turkiya madaniyatining boyligi endi universal moda tilida yangrayapti. Antalya Moda Haftaligi sifatida biz ushbu o‘zgarishning bir qismi ekanligimizdan faxrlanamiz.
Eng ajoyib lahzalardan biri texnik muammo yuzaga kelganda sodir bo‘ldi. Turli mamlakatlardan kelgan va bir-birining tilini bilmaydigan modellar, dizaynerlar va jamoa a’zolari faqat qarash, imo-ishoralar va yuz ifodalari orqali g‘oyat uyg‘un harakat qila oldilar. O‘shanda men moda haqiqatan ham universal til ekanligini angladim. Chin dildan ishlaganingizda, dunyoning istalgan burchagida sizni tushunishadi. Ba’zida so‘zlar keraksiz - hamma narsani bir qarashda ifodalash mumkin. Podiumdagi har bir sehrli lahza ortida ko‘rinmas, ammo nihoyatda kuchli jamoaviy mehnat yotadi. Bunday jamoam borligini tushunib, qalbim to‘lqinlanib ketdi.
ELLE: Moda sanoatida yetakchi ayol bo‘lish qanday? Sizni eng ko‘p nima ilhomlantiradi?
Modada yetakchi ayol bo‘lish ham qiyinchiliklar, ham imkoniyatlarga boy o‘ziga xos sayohatdir. Bu sohada ayollarning o‘z kuchi va ijodkorligini namoyon etishi har doim muhim, ammo ba’zida o‘z qobiliyatini isbotlash uchun ikki hissa ko‘proq kuch sarflashga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsa-da, ayollarning jasorati, qat’iyati va uzoqni ko‘ra bilishi meni doimo ilhomlantirib kelgan. Meni eng ko‘p rag‘batlantirgan narsa o‘z shahrim - Antaliyada kuchli moda brendini yaratish va o‘z yurtim - Turkiya modasiga hissa qo‘shish istagi. Bundan tashqari, yosh ayollarga namuna bo‘lish, ularni ruhlantirish va ushbu sohada yetakchilikka undash men uchun katta ehtiros. Har bir sinov meni yanada kuchliroq qiladi va yanada ulkanroq orzular sari dadil intilishga undaydi.
ELLE: Namoyish dizaynerning karyerasini tubdan o‘zgartirgan paytlar bo‘lganmi?
Ha, albatta. Ko‘rgazma shunchaki kiyimlarni namoyish etish emas, balki dizaynerning tarixi, g‘oyalari va mehnatini dunyoga taqdim etish imkoniyatidir. Antalya moda haftaligida ishtirok etish ko‘plab yosh dizaynerlar karyerasida burilish nuqtasi bo‘lganini ko‘rib juda xursandman. Bu lahzalar barchamiz uchun eng qadrli, chunki aynan shunda orzular ro‘yobga chiqadi.
Har qanday sohada bo‘lgani kabi, modada ham ko‘ngilsizliklar uchraydi. Eng achinarlisi, sa’y-harakatlar va ijodkorlik yetarlicha qadrlanmaganidir. Ayniqsa, yosh dizaynerlarning keskin tanqidlarga duch kelishi va o‘z mehnati uchun e’tirof topishda qiyinchiliklarga uchrashi achinarli. Biz Antalya moda haftaligida tadbirlarni xalqaro standartlarga muvofiq eng yuqori darajada tashkil etishga intilamiz. Turk modasining yutuqlari va san’atning Turkiyadagi ahamiyati haqiqatan ham namoyon bo‘lishi biz uchun muhim. Afsuski, markamizdan vijdonsiz va noprofessional shaxslar hamda tashkilotlar tomonidan noqonuniy foydalanilayotganiga tez-tez duch kelmoqdamiz. Bunday harakatlar nafaqat bizning brendimizga, balki butun Turkiya moda sanoatiga, jumladan, Antalya Fashion Week xalqaro obro‘siga ham zarar yetkazadi. Bunday holatlarga qarshi darhol huquqiy choralar ko‘ramiz, chunki mas’uliyatsiz harakatlarga yo‘l qo‘yish butun soha kelajagiga putur yetkazish demakdir. Biz esa o‘z qarashlarimiz, professionalligimiz va axloqiy tamoyillarimizdan chekinmagan holda yo‘limizda davom etmoqdamiz.
ELLE: Sizningcha, namoyishni chindan ham unutilmas qiladigan narsa nima: kolleksiyaning o‘zi yoki sahna ortidagi muhitmi?
Kolleksiya, shubhasiz, muhim, biroq namoyishni haqiqatan unutilmas qiladigan narsa - bu uning tarixini podiumda qanday yoritishingizdir. Tanlangan joy, sahna ortidagi ishlar, yorug‘lik va musiqa, xoreografiya - bularning barchasi yagona moda hikoyasiga uyg‘unlashishi lozim. Shundagina tomoshabinlar oldida shunchaki shou emas, balki moda tili bilan so‘zlangan haqiqiy voqea namoyon bo‘ladi.
ELLE: Shunday murakkab va raqobatli sohada yetakchi ayol sifatida o‘zingizni qanday his etasiz?
Murakkab va raqobati kuchli sohada yetakchi ayol bo‘lish katta mas’uliyat va jiddiy ichki kuchni talab qiladi. Ba’zida eshitilish va tan olinish uchun ikki barobar ko‘p ishlashga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda Turkiyada ayollar barcha sohalarda sezilarli yutuqlarga erishib, mamlakatimizni faxr bilan tanitmoqda. Biroq, mening sohamda biz hamon ozchilikni tashkil etamiz, bu esa o‘z navbatida qiyinchiliklar va ulkan mas’uliyatni keltirib chiqaradi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu kurashning barchasi ilhom manbaiga aylanadi. Ayollar tobora ko‘proq rahbarlik lavozimlarini egallab borayotgan sanoatning bir qismi bo‘lish men uchun g‘oyatda qadrli. Bu yo‘lda men doimo o‘z chegaralarimni sinab ko‘rdim va agar ortimdan kelayotgan bitta ayolni bo‘lsa ham ilhomlantira olgan bo‘lsam, demak, barchasi behuda ketmagan. Bugun mening sohamdagi ayollar ancha ko‘zga tashlanadigan va o‘ziga ishongan bo‘lib qolishdi. Yetakchi ayol bo‘lish nafaqat kuch va matonat, balki ilhomlantira olish, sabr-toqat bilan oldinga intilish va har qanday sharoitda ijod qilishni davom ettirish qobiliyatidir.
Shunchalik mazmunli va shiddatli tadbirda stress bilan kurashish haqiqatan ham katta sinov hisoblanadi. Men uchun eng samarali usul - ishonchli jamoa va to‘g‘ri hamkorlar bilan ishlashdir. Yirik tadbirlarda jamoaning uyg‘unligi va barqarorligi eng qadrli omil sanaladi. Qanchalik puxta rejalashtirmang, kutilmagan vaziyatlar baribir yuz beradi. Bunday holatlarda sovuqqonlikni saqlash, vaziyatga umumiy nazar solish va sabrli bo‘lish muhimdir. Jamoada yuz bergan bitta uzilish, xuddi zanjirdagi uzilish kabi, butun tashkilotga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, men doimo A, B, hatto C rejasi bilan oldinga intilaman. Bu aqliy jihatdan toliqtirsa-da, men xotirjamlikni saqlab, o‘z kuch-g‘ayratimni oqilona boshqarishga harakat qilaman. Ishga bo‘lgan ishtiyoqim va jamoaga bo‘lgan ishonchim bunday vaziyatlarda mening asosiy tayanch nuqtamdir.
ELLE: Sizningcha, bugungi kunda eng nufuzli dizaynerlar kimlar? Qaysi dizayner bilan ishlashni orzu qilasiz?
Bugungi kunda moda olamida ko‘plab iste’dodli va uzoqni ko‘ra oladigan dizaynerlar bor, ammo shaxsan men uchun hikoya ayta oladigan va madaniy kodlarni universal til bilan uyg‘unlashtira oladigan dizaynerlar alohida ajralib turadi. Perpaolo Pichcholining ijodidagi nafis romantika, Simon Roshaning ayollarga xos, ammo kuchli estetikasi, Dris van Notenning rang va naqsh san’atidagi mahorati meni juda ilhomlantiradi. Turkiya moda sanoatida ham men zavq bilan kuzatadigan ko‘plab hurmatga sazovor va qiziqarli nomlar bor. Biroq, mening orzuimdagi dizayner dunyoga mashhur bo‘lishi shart emas. Men uchun har bir dizaynerning o‘z hikoyasi bo‘lishi va bu hikoyani sahnada gavdalantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhim - bu juda hayajonli jarayon. Podiumda kerakli muhitni yaratish va kolleksiya ruhini yetkazish mening ehtirosimdir. Aytgancha... agar Zuhayr Murod kelsa, juda ajoyib bo‘lardi, shunday emasmi?
ELLE: Sizningcha, qachon dizayn shunchaki kiyim bo‘lmay qolib, modaga aylanadi? Bu chegara qayerdan boshlanadi?
Men uchun bu jarayon kolleksiya tarixini birinchi bor dizaynerning o‘zidan tinglagan paytimdan boshlanadi. Kiyimlar yaratilgan musiqadan tortib, foydalanilgan tilgacha va kashta ortidagi g‘oyalargacha - barcha narsani tushunishga intilaman. Bu elementlarni sahnada qanday aks ettirishni o‘ylay boshlaganimda, kiyim shunchaki libos bo‘lmay qoladi. Model podiumga ilk qadamini qo‘ygan lahzada esa, dizayn haqiqiy modaga aylanadi. Moda faqat estetika emas, balki o‘zini ifoda etishning kuchli vositasidir. Dizayn his-tuyg‘u, fikr yoki ilhom uyg‘otganda, u chinakam ma’no kasb etadi va shunchaki kostyum emas, balki xarakter qissasiga aylanadi.
ELLE: Modadan tashqarida sizni nima ilhomlantiradi? San’at, musiqa, tabiat, shaharlarmi?
Mening modadan tashqaridagi asosiy ilhom manbaim tabiatdir. Men O‘rta yer dengizining betakror tarixi, tabiati, iqlimi va ruhiga ega bo‘lgan Antaliyalik ekanligimdan faxrlanaman. Har yili albatta Likiya so‘qmog‘ini yoki qadimiy shaharlarni ziyorat qilaman. Antaliyaning tarixiy muhiti, ayniqsa Kaleichining tosh ko‘chalari qalbimni to‘ldiradi. Qiyin damlarda Kaleichi bo‘ylab sayr qilish menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Ko‘chmanchi turk xalqi - yuruklarning vakili sifatida, katta loyihalardan so‘ng albatta baland tog‘ yaylovlarimizga yo‘l olaman: yerda ishlayman, bog‘ni sug‘oraman, gul va daraxtlarga qarayman. Tabiat qo‘ynida yolg‘iz qolish menga uyg‘unlik va ilhom beradi. Shuningdek, musiqaga, ayniqsa klassik musiqaga katta muhabbatim bor - u menga orom bag‘ishlaydi. Kashdagi Antifello antik teatrida yoki qadimiy Termessos shahrida klassik musiqa tinglaganimda, xayolimga ijodiy g‘oyalar keladi. Anatoliyaning boy musiqa madaniyati ham meni chuqur ta’sirlantiradi va tez-tez ilhom manbaiga aylanadi. Har bir kollektsiyamda shu ruhni aks ettirishga intilaman. Shahardan qochgim kelganda esa Makedoniyaning durdonasi - Oxrid shahriga yo‘l olaman. Uning takrorlanmas tabiati, osoyishta muhiti va qadimiy ko‘chalari men uchun haqiqiy boshpanaga aylangan.
ELLE: O‘z uslubingizni uch so‘z bilan qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
Qulay, nafis va o‘ziga xos.