Vivienne Westwood: kelinlik liboslaridagi metamorfozalar

2027-yilgi Couture va Made-to-Order kolleksiyalarida korsetlar, to‘r va qiyofasini o‘zgartiruvchi liboslar

22 Okt 2026
Vivienne Westwood Bridal 2027

Britaniyaning Vivienne Westwood modalar uyi Bridal 2027 kelinlik kolleksiyalarini ikki yo‘nalishda — Couture va Made-to-Order’da taqdim etdi. Brendga xos korsetlar va drapirovkalar to‘r, hajmdor etaklar hamda yengil tyul fatasi bilan uyg‘unlashgan. Qiyofani o‘zgartirish g‘oyasi esa kelinlik garderobining bir qismiga aylangan.

Vivienne Westwood Bridal 2027: Yirtiqli drapirovkali libos va to‘r fata
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.

Couture asosida metamorfoza g‘oyasi yotadi. O‘n bir obraz kapalak timsoli va kelinning nikoh marosimidan bayram tantanasiga o‘tishini aks ettiradi. Yechib olinadigan shleyflar, almashtiriladigan detallar va etakni yig‘ib ko‘tarish tizimlari bitta libosni turlicha talqin qilish imkonini beradi. Uning silueti kun davomida kelinning kayfiyatiga mos ravishda o‘zgarishi mumkin.

Vivienne Westwood Bridal 2027: Keng etakli va uzun shleyfli libos
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.
Vivienne Westwood Bridal 2027: Bezakli korset va hajmdor tyul etak
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.

Made-to-Order o‘zgarish mavzusini xotira va o‘zini ifoda etish orqali davom ettiradi: modalar uyi kelinlik libosiga tarixi to‘ydan keyin ham davom etishi mumkin bo‘lgan kiyim sifatida qaraydi. Taniqli korset konstruksiyasi va puxta ishlangan drapirovkalar siluetni belgilasa, to‘rning yangi turlari unga o‘ziga xos faktura bag‘ishlaydi.

Vivienne Westwood Bridal 2027: Bantli kalta kelinlik ko‘ylagi
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.
Vivienne Westwood Bridal 2027: Hajmdor yengli drapirovkali libos
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.

Kampaniya suratlarida keng etakli tantanavor liboslar bilan bir qatorda qomatga mos to‘r ko‘ylaklar va kichik bant bilan bezatilgan kalta model ham bor. Ochiq yelkalar, korsetlarning uzaytirilgan chiziqlari, hajmdor yenglar va shaffof qatlamlar kelinlik obrazining turli talqinlarini yaratadi. Ularni uzun qo‘lqoplar, marvarid taqinchoqlar va vualli ifodali bosh bezaklari to‘ldiradi.

Vivienne Westwood Bridal 2027: Uzun yengli to‘r libos va pushti tasma
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.
Vivienne Westwood Bridal 2027: Oranjeriyadagi to‘r korsetli libos
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.

Suratga olish ishlari Syon House’ning tarixiy interyerlari, bog‘lari va Viktoriya davriga mansub Great Conservatory oranjeriyasida o‘tkazildi. Kitob javonlari, marmar ustunlar, haykallar va shisha gumbaz kolleksiyalarning teatrona ruhini ta’kidlaydi. Bu fonda Westwood’ga xos jihatlar yaqqol namoyon bo‘ladi: tarixiy liboslarga e’tibor, proporsiyalar bilan dadil ishlash va to‘y kunini o‘z istagiga ko‘ra tashkil etish erkinligi.

Vivienne Westwood Bridal 2027: Ochiq yelkali va keng etakli libos
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.
Vivienne Westwood Bridal 2027: Uzun fatali to‘r libos
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.
Vivienne Westwood Bridal 2027: Gulli korset va vualli bosh bezagi
Foto: Vivienne Westwood / Instagram @viviennewestwood.
Maqolani ulashish

Related articles