Kreativ boshqaruvdagi qizlar

Kreativ sanoatdagi loyihalarni boshqarayotgan uch nafar tadbirkor ayol bilan tanishuv

O‘zbekistonning zamonaviy jamiyati xalqimizning patriarxal asoslari (gender stereotiplari) o‘z ahamiyatini yo‘qotayotganini ko‘rsatmoqda. Yildan-yilga boshqaruv lavozimlarida ayollarni tobora ko‘proq uchratmoqdamiz, ilgari bu kamdan-kam uchraydigan holat edi. O‘zbekiston ayollari har bir sohada o‘zlarini namoyon etib, yuqori martaba cho‘qqilarini zabt etishmoqda. Kreativ biznes ham bundan mustasno emas – bu intellektual faoliyat natijasida yaratilgan loyihalar doirasini o‘z ichiga oladi. Bu g‘oyalar hamda dadil va nostandart yechimlar asosida vujudga kelgan, ijodiy va kreativ yo‘nalishni rivojlantiruvchi biznesdir.

Kamila Uzakova

«Osnova», «ALPHA Education» bosh ijrochi direktori, ta’sischisi

Osnova – O‘zbekiston yoshlari uchun karyera platformasi hisoblanadi.

ALPHA Education esa – marketing, HR, PR, menejment va boshqa biznes yo‘nalishlarida ta’lim beruvchi platforma sanaladi.

Kreativ biznesni boshqarishga qanday kelib qolganingiz haqida gapirib bering.

8 yil oldin reklama agentligidagi do‘stlarim yangi ta’lim loyihasiga qo‘shilishni taklif qilishdi. Shunday qilib, yirik davlat kompaniyasida bir muddat ishlagach, bu menga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini anglab, kichikroq jamoaga o‘tdim. O‘shanda men g‘oyalarni amalga oshirish, natijaga ta’sir ko‘rsatish, qarorlar qabul qilish va bozor rivojiga o‘z hissam muhimligini his qilish men uchun naqadar ahamiyatli ekanini tushundim. Bizning loyihalarimiz mavjud, chunki bozorga malakali va layoqatli mutaxassislar zarur, shuningdek, tobora ko‘proq odamlar nafaqat daromad, balki zavq ham keltiradigan qiziqarli hayotiy faoliyatni topishni istashmoqda.

Bugun shuni tushunib yetdimki, ta’lim sohasi har doim qalbimdan chuqurroq joy egallab kelgan. Shu sohada shuncha yil ishlab, ta’lim – boshqa hamma narsa quriladigan poydevor ekanligiga va u odamlarga hayotlarini yaxshilashga yordam berishiga amin bo‘ldim.

Umuman olganda, O‘zbekistonda kreativ biznes bilan bog‘liq ishlar qanday? Har doim ham shunday bo‘lganmi?

8 yil oldin biz ta’limning qiymatini bozorga yetkazish uchun katta kuch sarfladik. Asosiy faoliyatimiz kattalarni o‘qitish, bir loyihada malaka oshirish va boshqasida kasb egallashdan iborat. O‘sha paytda ko‘pchilik katta yoshdagilar nima uchun yana o‘qish, pul to‘lash, ish kunidan so‘ng darslarga kelish kerakligini tushunmasdi. Vaqt o‘tishi bilan uzluksiz ta’lim (lifelong learning) g‘oyasi yanada tushunarli va hatto urfga aylandi. Dasturlarimiz bitiruvchilari biz haqimizda do‘stlariga so‘zlab bera boshladilar va o‘z xodimlarini kurslarga yo‘naltirdilar, shu tariqa o‘z kompaniyalari va jamoalarida ta’lim elchisiga aylandilar.

Sizningcha, O‘zbekistonda kreativ biznesda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Bozor dinamik va odatiy qoliplar singari doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Ammo malakali kadrlar taqchilligi va ish beruvchilarning kutilmalari bilan mutaxassislarning haqiqiy ko‘nikmalari o‘rtasidagi tafovut hamon dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Bizning loyihalarimiz yosh mutaxassislarga kasb egallash va dastlabki tajriba orttirish imkoniyatini yaratishga, shuningdek, allaqachon faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni tez o‘zgaruvchan bozorda talab qilinadigan bo‘lib qolishlariga ko‘maklashishga qaratilgan.

Siz biznesni boshqaruvchi ayol sifatida gender xurofotlariga duch kelganmisiz?

Ha, men gender xurofotlariga duch kelganman va hozir ham duch kelmoqdaman. Dunyoning eng muvaffaqiyatli kompaniyalarida ham ayollarning atigi 10 foizga yaqini bosh direktor lavozimini egallab turibdi. Ammo men liderlikning genderga bog‘liq emasligiga ishonchim komil – bu xislat erkaklarda ham, ayollarda ham namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan xususiyatlar bilan belgilanadi.

Tajribangizdagi eng qiyin lahza bilan o‘rtoqlashing.

Tajribamdagi murakkab vaziyatlar ko‘pincha adolatsiz munosabatni his etish bilan bog‘liq. Bu mayda-chuydalarda namoyon bo‘lishi mumkin, masalan, sizga salom berishmasa-yu, erkak hamkasblaringiz bilan salomlashishsa; yoki muzokaralarda qaror «rahbar» bilan kelishilganmi deb so‘rashganda, erkak hamkasbni nazarda tutishsa. Eng yomoni shundaki, stereotiplarga asoslangan munosabat o‘ziga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur, ishonchsizlik va asossiz qo‘rquvlarni keltirib chiqaradi.

Sizni oldinga intilishga ilhomlantiradigan uchta narsa nima?

 Odamlar. Biznes – avvalo odamlar demakdir. Sen bilan bir xil narsaga ishonuvchi va qadriyatlaringni baham ko‘ruvchi hamkorlar; sen bilan birga maqsad sari intiluvchi jamoa.

Muhim va zarur loyihalar. Jamoa bilan birgalikda g‘oyalarni hayotga tatbiq etamiz va bozor muammolarini hal qiladigan hamda boshqa odamlarning hayotini yaxshilaydigan loyihalarni yaratamiz. Loyihalarimiz tufayli hayoti ijobiy tomonga o‘zgargan odamlarning hikoyalarini to‘playmiz. Bu hikoyalar hamon ilhom manbayi bo‘lib qolmoqda.

Rivojlanish. Har bir yangi yo‘nalish, loyiha va yo‘lda uchragan insonlar yangi tajriba va o‘zini chuqurroq anglashni olib keladi, bu esa shaxsiy o‘sish va yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi.

O‘z biznesini boshqarishga intilayotgan ayollarga qanday muhim maslahat bergan bo‘lardingiz?

Parvoz vaqtida eshitiladigan muhim qoidani doimo yodda tutaman: «Avval o‘zingizga, so‘ngra bolangizga kislorod niqobini taqing.» Bu hayotga ham tatbiq etiladigan universal tamoyildir. O‘zingizning kuchli va zaif tomonlaringizni xolisona baholash, o‘zingizga ishonish va eng avvalo har qanday tashqi bosimni yengishga yordam beradigan ichki matonatni mustahkamlash muhimdir. Albatta, atrofingizni qadriyatlaringiz va qarashlaringizni bo‘lishadigan insonlar bilan qurshab olishni unutmang.

Kasbingizda qanday uchta ko‘nikma bo‘lishi shart?

Strategik fikrlash – kelajak istiqbollarini ko‘ra bilish, mavjud imkoniyatlarni baholay olish va qarorlar oqibatlarini oldindan tasavvur qilish qobiliyati.

Moslashuvchanlik – yangi sharoitga tez ko‘nikish, yangi narsalarni o‘rganish va tanqidiy fikrlash qobiliyati.

Muloqot – fikr va g‘oyalarni aniq bayon etish, vaziyat va his-tuyg‘ularni tushunish, shuningdek, foydali fikr-mulohazalarni bildirish hamda qabul qilish qobiliyatidir.

Kasb tanlovingiz shaxsiy hayotingizga qanday ta’sir qilishi haqida o‘z fikringizni bildirsangiz.

Mening holatimda kasbim shaxsiy hayotimga juda oz ta’sir ko‘rsatadi. Ishga, oila a’zolarimga, do‘stlarimga, sportga, sayohatlarga va boshqa qiziqishlarimga yetarlicha vaqt ajrataman. Biz nimaga e’tibor qaratishimiz, qanday yo‘nalishlarni tanlashimiz va har kuni qanday qarorlar qabul qilishimiz juda muhim – aynan mana shu narsalar umuman olganda hayotimizni belgilaydi va unga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

«Men biz koinotning asosi emas, balki uning mahsuli ekanimizga ishonaman. Ba’zida o‘zingizga siz kattaroq narsaning kichik bir qismi ekanligingizni eslatib turish foydali. Bu anglash narsalarga soddaroq qarashga va o‘z hayotingizni dunyo bilan uyg‘unlikda yashashga yordam beradi.»

Alina Mirzayeva

«Synthesis» reklama agentligining boshqaruvchi hamkori

Kreativ biznesni boshqarishga qanday kelib qolganingiz haqida gapirib bering.
Bugungi kunda «Sintez» agentligi to‘qqiz yoshga to‘ldi. O‘z biznesimni ochishdan oldin ikki yirik agentlikda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganman. Ularning asosiy yo‘nalishlari media va brending edi. Faoliyatimni mijozlar bilan ishlash bo‘yicha menejer lavozimidan boshlaganman.

Yollanma ishda ishlagan vaqtimda tajriba orttirib, martaba pillapoyalaridan ko‘tarilib bordim. Asta-sekin agentlik biznesi va reklama bozorining o‘ziga xos xususiyatlari haqida tushunchalar shakllanib bordi. Jamoa tuzish, biznes jarayonlari, ishlash va rivojlanishning muayyan tamoyillari bo‘yicha o‘z qarashlarim paydo bo‘ldi. Bu qarashlar ba’zan rahbariyatning fikrlaridan farq qilardi. Shu tariqa, o‘zimga xos nuqtai nazar shakllandi va ishlarni boshqacha, o‘zimcha yuritishni sinab ko‘rish qiziq tuyuldi. O‘ylashimcha, o‘sha paytda meni shuhratparastlik va mustaqil bo‘lish istagi boshqargan edi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda kreativ biznes bilan bog‘liq ishlar qanday? Har doim ham shunday bo‘lganmi?
So‘nggi 3 yil ichida O‘zbekistonda reklama bozori ikki barobar o‘sdi, bu bizni quvontiradi. Raqobat kuchayib bormoqda, shu tariqa brendlar marketingga ko‘proq pul sarflamoqda, yangi agentliklar ochilmoqda. Bozor rivojlanishi munosabati bilan ishlar darajasi ham keskin oshdi. 5 yil ichida O‘zbekiston agentliklari xalqaro reklama festivallarida raqobatlasha boshladi, jahon sanoat vakillari bilan raqobatlashdi. Masalan, 2019-yilda biz Yevropaning “Epica Awards” festivalining birinchi oltinini Markaziy Osiyoga olib keldik. O‘shanda buning iloji yo‘qdek tuyulardi. Ketma-ket ikkinchi yil mahalliy brendlar besh yil oldin tasavvur qilish qiyin bo‘lgan marketing samaradorligi uchun mukofotlanmoqda. Festivallar va reytinglar agentliklarni boshqa bozorlarga chiqishga yordam berib, e’tiborli qiladi. Bizga agentlikka qo‘shni mamlakatlardan xalqaro mijozlardan tez-tez so‘rovlar kelib tushmoqda. Ushbu omillar majmui, shubhasiz, bozorni harakatga keltiradi.

Sizningcha, O‘zbekistonning kreativ biznes sohasida qanday o‘zgarishlar yuz berishi kutilmoqda?

Ilgari mahalliy mijozlar reklama biznesi bilan hamkorlikning ahamiyatini tushunmasdilar, strategiya va g‘oya kabi mavhum narsalar uchun pul sarflash g‘alati tuyulardi. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab kreativ sanoat jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.  O‘zbekistonda ham kreativ iqtisodiyot IT sohasiga o‘xshab sezilarli natija berishi mumkinligi anglab yetildi. Bu yuqori daromadli va samarali biznes sohasi bo‘lib, nafaqat reklamani, balki intellektual faoliyatning boshqa yo‘nalishlarini ham qamrab oladi: moda, kino, musiqa va hokazo. Yaqin kelajakda O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu, shubhasiz, mazkur sohadagi biznesning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Siz biznesni boshqaruvchi ayol sifatida gender xurofotlariga duch kelganmisiz?
 Albatta, va afsuski, bu holat tez-tez uchraydi. To‘qqiz yil davomida turli voqealar sodir bo‘ldi. Eng esda qolarli holatlardan biri: bir bank raisining men bilan uchrashganda qo‘l berib ko‘rishmaganini eslayman, chunki u ayol bilan qo‘l berib ko‘rishish vaziyatidan bir lahzada dovdirab qolgan edi. Ko‘pincha erkaklarga ayolning biznes yaratishi va uni boshqarishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin bo‘lardi. Ta’sischi bilan gaplashishni xohlab, mening kompaniya ta’sischisi ekanligimni bilgach, hayron qolgan holatlar ham bo‘lgan. Shuni ta’kidlash joizki, bunday holatlarni ancha vaqtdan beri kuzatmayman, chunki O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligi shiddat bilan rivojlanmoqda va shunisi quvonarliki, bugungi kunda ayolning biznesda bo‘lishi hech kimni ajablantirmaydi.

Tajribangizdagi eng qiyin vaziyatlar bilan o‘rtoqlashing.
Eng qiyin paytlar boshida bo‘ldi va ularning barchasi u yoki bu tarzda biznes manfaatlarini himoya qilish zarurati bilan bog‘liq edi. Qizlarni ko‘pincha xushomadgo‘y, yon beruvchi qilib tarbiyalashadi. Atrofdagilar va muhit bizni yoshligimizdan itoatkor bo‘lishga o‘rgatadi. Afsuski, o‘z xohish-istaklari, huquqlari va ehtiyojlari haqida gapirishni, shaxsiy chegaralarni himoya qilishni mutlaqo o‘rgatishmaydi. Shaxsiy chegaralarni tegishli darajada himoya qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lmay turib, o‘z ishining manfaatlarini himoya qilish qiyin edi. Yaxshiyamki, hamma narsa tajriba bilan keladi.

Qanday uch narsa sizni olg‘a intilishga undaydi?
Hayotga bo‘lgan cheksiz qiziqish, «Agar shunday bo‘lsa-chi?», “Shunday qilsak, nima bo‘larkin?”, “Boshqacha yo‘l bilan harakat qilib ko‘rsak-chi?” degan savollar hamda dadil g‘oyalar ko‘lami meni ruhlantiradi. Menga doimo katta va murakkab maqsadlar kerak, shundagina men chinakamiga zavq-shavq bilan mehnat qilaman.

O‘z biznesini boshqarishga kirishayotgan ayollarga qanday muhim maslahat bergan bo‘lardingiz?
2022-yilda men sakkiz oy davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki huzuridagi ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturida mentorlik qildim. Tadbirkor ayollar bilan ishlash jarayonida biz, ayollarga o‘zimizdan shubhalanish qanchalik xos ekanligiga e’tibor qaratdim. Biz erkaklardan farqli o‘laroq, bir xil masalalarda qat’iyatli emasmiz, jamiyat fikriga ko‘proq beriluvchimiz, ko‘proq tashvish va aybdorlik hissini his qilamiz, ko‘pincha o‘zimizni qadrlamaymiz. Shuning uchun, bizning ayollarga xos shubhalarga moyilligimizni bilgan holda, eng muhimi – o‘zingizga va o‘z g‘oyangizga ishonishda davom etishdir, deb o‘ylayman.

Kasbingizda qanday uchta ko‘nikma talab qilinadi?Marketing va reklama bozori haqida gapiradigan bo‘lsak, doimiy rivojlanishda bo‘lish, fikrlash qobiliyatining moslashuvchanligi, o‘z-o‘zini tahlil qilish va mulohaza yuritish layoqati, hayot, odamlar va jarayonlarni kuzatishga qiziqish, ma’lum qonuniyatlar va o‘ziga xos xususiyatlarni ilg‘ab olish muhim ahamiyatga egadir. 
Ayting-chi, kasbingiz shaxsiy hayotingizga ta’sir qiladimi?

Men tanlagan biznes sohasi, shubhasiz, hayotimni yanada yorqin va qiziqarli qilib qo‘ydi. Reklama festivallarida qatnashganim tufayli turli mamlakatlardagi yaqin do‘stlar bilan tanishdim. Boshqa vaziyatlarda ular bilan hech qachon uchrashmasligim mumkin edi. Marketing biznesning turli sohalari bilan ishlashni o‘z ichiga olgani sababli, bugungi kunda deyarli har bir sohada yaxshi tanishlarim bor. Buni anglash juda yoqimli tuyg‘u.

«To infinity and beyond». Ushbu ibora rus tiliga tarjima qilinganda, «Cheksizlik chegara emas» yoki «Cheksizlikka va undan ham nariga» deb jaranglaydi. Bu men bolaligimdan sevib tomosha qilgan «O‘yinchoqlar tarixi» multfilmidan olingan ibora bo‘lib, uni hayotim davomida o‘zimga tez-tez takrorlab turaman.»

Nargiz Kamalova

«Lokals» marketing agentligining hammuassisi, CSD va boshqaruvchi hamkori, «Business Woman» ayollar tadbirkorlik maktabining marketing bo‘yicha mutaxassisi

Kreativ biznesni boshqarishga qanday kelganingizni so‘zlab bering.

Gapni eng avvalo mutaxassis sifatida shakllanishim bosqichidan boshlashim kerak deb o‘ylayman. Chamasi, hech bir suhbatda universitetni a’lo baholarga tugatganimdan so‘ng birinchi lavozimim ofis-menejeri bo‘lganini aytmaganman. O‘sha paytda hatto faks yuborishni bilmasdim, ammo bunday qurilmalar hali ishlatilardi. Asta-sekin ko‘proq narsaga erishishim mumkinligini tushundim, biroq buning uchun zamonaviy bilimlar yetishmasdi. Bu meni O‘zbekiston-Yaponiya markazidagi PMP dasturida ta’lim olishga undadi va bu karyeramda hal qiluvchi qadam bo‘ldi. Ta’limni tugatgach, marketing sohasiga o‘tdim va u yerda o‘n yildan ortiq ishladim. Marketing tadqiqotlari bo‘yicha menejer yordamchisidan to mijoz tomonidagi brend-menejerigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim.

Doimo kattaroq narsalarga intilayotganingizda va egallab turgan lavozimingizda o‘zingiz xohlaganchalik tez rivojlana olmasligingizni anglagan paytda, rad etib bo‘lmaydigan takliflar paydo bo‘ladi. Shunday takliflardan biri do‘stim Farhod Norboyevning agentlik biznesidagi hamkorlik taklifi bo‘ldi. Ikki daqiqalik o‘ylanishdan so‘ng rozilik bildirdim va ko‘p o‘tmay Olmaotada uchrashib, barcha tafsilotlarni muhokama qildik, o‘rtamizdagi mas’uliyat sohalarini aniq taqsimlash bo‘yicha kelishib oldik. Farhod strategik rejalashtirish va ijodiy ishlarni o‘z zimmasiga oldi, men esa mijozlar bilan ishlash va boshqaruv masalalariga e’tiborimni qaratdim.

Umuman O‘zbekistonda kreativ biznes holati qanday? Bu doim shunday bo‘lib kelganmi?

O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida kreativ biznes sezilarli o‘zgarishlarga uchradi. Biz agentlikni ochgan 2019-yilda bozor endigina shakllana boshlagan edi. Strategiya va kreativlik bilan shug‘ullanadigan mahalliy kreativ agentliklar deyarli yo‘q edi. Bugun bozor tubdan o‘zgardi. O‘zbekistonda kreativ sektor jadal rivojlanmoqda va yanada ambitsiyali bo‘lib bormoqda. Ijobiy tendensiyalarga qaramasdan, ayrim muammolar ham saqlanib qolmoqda. Bu tajribali kadrlar yetishmasligiga taalluqlidir. Ijodiy sanoat doimiy ravishda o‘zgarib turadi va agentliklar dolzarb va raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun so‘nggi tendensiyalardan xabardor bo‘lishlari kerak. Bu moslashuvchanlik va o‘zgarishlarga shay bo‘lishni talab qiladi.

Sizningcha, O‘zbekistonda kreativ biznesda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Yaqin yillarda O‘zbekistonda kreativ biznes bir nechta asosiy yo‘nalishlarda rivojlanishda davom etishi mumkin.

Madaniy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan qiziqish va uni zamonaviy kreativ yondashuvlar bilan integratsiyalash ortib boradi. Bu an’anaviy o‘zbek madaniyati elementlarini zamonaviy texnologiyalar va tendensiyalar bilan uyg‘unlashtiradigan art, dizayn va media mahsulotlarining yangi shakllarining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham barqaror va ekologik toza yechimlarga qiziqish ortib bormoqda. Agentlik va brendlar o‘z loyihalariga barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etishni boshlashi mumkin.

Internet foydalanuvchilari sonining ko‘payishi va smartfonlarning tarqalishi, ayniqsa, hududlarda o‘zbek tilidagi kontentga bo‘lgan talab ortib boradi. Bu ham ommaviy axborot vositalari (yangiliklar, ko‘ngilochar dasturlar, filmlar), ham ta’lim va tijorat kontentiga tegishli.

Siz ham biznes boshqaruvchi ayol sifatida gender xurofotlariga uchraganmisiz?

Ha, bunday holatlar, ayniqsa, faoliyatimning boshida ko‘p bo‘lgan. Esimda, ba’zan mijozlar rahbar lavozimda ayol kishini ko‘rib, ishlarni erkaklar orqali olib borishni afzal ko‘rishgan. Bu holatlar avvaliga yoqimsiz tuyulardi, vaqt o‘tishi bilan ishonch, tajriba va natijalar har qanday xurofotdan ham baland ekanligini tushundim.

Bugun men o‘sha davrlarni tabassum bilan eslayman, bunday vaziyatlarning har biri mening xarakterimni chiniqtirganini va yanada yaxshi tomonga o‘zgarishimga yordam berganini tushunaman.

Tajribangizda uchratgan eng murakkab vaziyat haqida gapirib bering.

Men uchun murakkab vaziyat – bu qandaydir inqiroz. Dugonamning aytishicha, xitoy tilida «inqiroz» so‘zi ikkita iyeroglifdan tashkil topgan: «xavf» va «imkoniyat». Bu har qanday inqirozli vaziyatda yechim topish imkoniyatlari mavjudligini anglatadi. Darhaqiqat, shunday, chunki men hal qilinmagan birorta ham murakkab holatni eslolmayman.

Nimaga intilayotganingizni anglash va uzoq va qisqa muddatli maqsadlaringiz haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish. Sizning sa’y-harakatlaringiz hayotingiz va biznesingizni qanday o‘zgartirishini ko‘rish.

Ba’zida ortga qarab, qancha narsaga erishilganini ko‘rish muhim. Muvaffaqiyatli loyiha bo‘ladimi, mamnun mijoz bo‘ladimi, daromadning o‘sishi bo‘ladimi yoki shaxsiy ko‘nikmalarning yaxshilanishi bo‘ladimi – bu sizning to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilayotganingizni tasdiqlaydi.

Atrofimdagi insonlar. Bu menga ishonadigan va qo‘llab-quvvatlaydigan hamkasblarim, do‘stlarim yoki oilam bo‘lishi mumkin.

O‘z biznesini boshqarishga intilayotgan ayollarga qanday muhim maslahat bergan bo‘lardingiz?

Biznesni ochishda o‘z maqsad va motivlarini aniq tushunish, tadbirkorlik murakkab yo‘l ekanligini anglash zarur. Xatolar muqarrar, biroq ular jarayonning muhim qismi hisoblanadi, chunki aynan ular tufayli biz kuchliroq va donorоq bo‘lib boramiz. 

Biznes muhiti doimo o‘zgarib turadi, shu bois yangi sharoitlarga moslashishga tayyor turish, egiluvchanlik va o‘zgarishlarga tez munosabat bildirish qobiliyatiga ega bo‘lish muhimdir.

Va, albatta, faqat sizga quvonch va ilhom keltiradigan narsalar bilan shug‘ullaning. Aynan shu narsa sizni hatto qiyin damlarda ham oldinga siljitadi.

Kasbingizda qanday uchta ko‘nikma bo‘lishi shart?

Strategik fikrlash va biznesga yo‘naltirilganlik: xatarli, biroq asoslangan qarorlar qabul qilish va kompaniyaning o‘sishini ta’minlash qobiliyati.

Jamoani boshqarish va yetakchilik: xodimlarni ilhomlantirish, rag‘batlantirish va rivojlantirish qobiliyati, shuningdek, turli bo‘limlarning ishini samarali muvofiqlashtira olish ko‘nikmasi.

Sanoat va mahalliy bozorni chuqur tushunish: kreativ sanoatning o‘ziga xos xususiyatlarini, mintaqada biznesga ta’sir qiluvchi madaniy va iqtisodiy omillarni bilish.

Kasb tanlovingiz shaxsiy hayotingizga ta’sir ko‘rsatadimi? Fikrlaringizni baham ko‘ring.

Tadbirkor bo‘lish tanlovim, shubhasiz, mening ustuvorliklarimga ta’sir ko‘rsatadi. Bu shaxsiy hayotdan butunlay voz kechish kerak degani emas, biroq biznes doimiy e’tibor va mas’uliyat talab etadi. Bu belgilangan ish vaqti bilan cheklanmaydi: ish kunidan so‘ng faoliyatingizni shunchaki «o‘chirib qo‘yish» imkonsiz – biznes haqidagi fikrlar va qarorlar istalgan paytda paydo bo‘lishi mumkin. Ma’lum ma’noda, biznes xuddi farzandingizga o‘xshaydi: uni o‘stirish, tarbiyalash, sevish va g‘amxo‘rlik qilish zarur.

Shunga qaramay, bu shaxsiy hayot uchun imkoniyatlarni istisno qilmaydi. Men sayohat qilaman, do‘stlarim bilan uchrashaman va mavjud vaziyatga qarab ustuvorliklarni moslashuvchan tarzda belgilashga harakat qilaman.

“Mukammallikning chegarasi yo‘q”. Doimo yaxshilanish, mahoratni oshirish, bilimlarni chuqurlashtirish va yangi yutuqlarga erishish imkoniyati bor. Lekin bu intilishni haddan oshirmaslik muhim, chunki mukammallikka intilish jarayonida biror ishni yaxshi bajarib, uni vaqt o‘tishi bilan takomillashtirish mumkin bo‘lgan paytlarni o‘tkazib yuborish ehtimoli mavjud.”

fotograf: Malikova Laziza

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin