Moda sanoatining imperatori

Karl Lagerfeld hayoti va faoliyati

foto: Spotlight

O‘z uslubi va muxlislar armiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lgan, uchta modalar uyini mohirlik bilan boshqargan Karl Lagerfeld moda tarixidagi mashhur dizaynerlardan biridir.

foto: Spotlight

Bild nemis tabloidi Karl Otto Lagerfeld 1933-yil 10-sentabrda Gamburg shahrida tug‘ilgan deb e’lon qilgan. Bunga uning cho‘qintirilganlik to‘g‘risidagi hujjati asos qilib olingandi. Biroq uning aniq tug‘ilgan yili hamon sir bo‘lib qolmoqda: avvalroq Lagerfeld 1935-yilda tug‘ilganini aytgan bo‘lsa, uning onasi esa o‘g‘lining 1938-yilda tug‘ilganini yozgan. Karlning otasi shved tadbirkori bo‘lib, o‘n ikki xil chet tillarida so‘zlasha olgan. Dizaynerning o‘zi ingliz, nemis, italyan va fransuz tillarini o‘zlashtirgan. Dastlab, Karl illyustrator bo‘lishni orzu qilganligi sabab kostyumlar tarixi haqida ko‘plab kitoblarni o‘rgandi. Keyinchalik zamonaviy modaga qiziqish va kiyimga bo‘lgan ishtiyoq paydo bo‘ldi.

foto: Spotlight

Karl 1952-yilda ishlash uchun Parijga yo‘l oladi. O‘sha paytga kelib, u chiroyli rasm chizishni va kiyim tikishni a’lo darajada o‘zlashtirib olgandi. Bu sohadagi dastlabki qadam 1954-yilda Xalqaro Woolmark mukofoti tanlovida qozonilgan g‘alaba bo‘ldi. Unda bo‘lg‘usi dizayner palto eskizini taqdim etgan edi. Aynan shu tanlov doirasida Balmain Lagerfeldning eskizi asosida palto tikdi va keyinchalik uni modalar uyiga ishlashga taklif qildi.

foto: Spotlight

Balmain brendidagi tajribasidan so‘ng, Karl Jean Patou modalar uyida “haute couture” yo‘nalishining art-direktor lavozimini egallaydi. Birinchi kolleksiyasi tanqidchilar tomonidan rad etilgani va muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, Lagerfeld Jean Patou bilan besh yil hamkorlik qildi va shu davr mobaynida dizayner uchun turli darajada muvaffaqiyatli bo‘lgan yana o‘nta kolleksiya yaratdi.

foto: Spotlight

Patoudan ketgach esa, Karl san’at tarixini o‘rganish uchun Rimga yo‘l oladi, o‘qish davrida Chloé, Fendi va Tiziani kabi mashhur brendlar bilan masofaviy ishlay boshladi. Dizayner, avvaliga, modalar uyi uchun bir mavsum davomida atigi bir nechta narsalarni yaratib bordi, lekin uning mehnatsevarligi va qat’iyatini ko‘rib, Gaby Aghion 1972-yil oktyabr oyida to‘liq to‘plam hozirlashini unga ishonib topshirdi. Bu ko‘rgazmaning dizayner uyiga muvaffaqiyat keltirgani Karl uchun besh yillik yorqin hamkorlikning boshlanishini belgilab berdi. Aynan Karl Chloé bilan ishlagan paytda Brigitte Bardot, Grace Kelly va Jackie Kennedy kabi uslub timsollari o‘zaro do‘stlasha boshlagandilar.

Dizaynerning Fendi moda uyi bilan hamkorligi tarixga moda insdustriyasidagi eng uzoq hamkorlik sifatida muhrlandi. Fendi moda uyida ishlash davrida Karl Lagerfeld nafaqat hammani zeriktirib ulgurgan mo‘ynali kiyimlarning dizaynini, balki kompaniya logotipini ham o‘zgartirib, hozir hammaga tanish ikkita F harfining mashhur abbreviaturasini ham o‘ylab topdi.

foto: Spotlight

Dizaynerning Chanel moda uyi bilan afsonaviy hamkorligi Gabrielle Chanelning o‘limidan 20 yil o‘tib boshlangan. Avvaliga, bu taklif dizaynerga samarasizdek tuyulgandi, chunki 20 yildan ortiq vaqt davomida brend o‘zining mashhurligi-yu jo‘shqinligini yo‘qotib ulgurgandi. Biroq, Lagerfeldning birinchi kolleksiyasidanoq brend Yves Saint Laurent kompaniyasining sanoat yetakchiligini ag‘darish uchun birinchi da’vogar bo‘ldi.

1984-yilda Karl nihoyat o‘z brendini yaratdi. Uning nomi butun dunyoga mashhur bo‘ldi, muvaffaqiyat har bir to‘plamga hamroh edi va ko‘plab butiklar ochildi. Ammo 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, 2005-yilda dizayner o‘z biznesini Tommy Hilfiger Group kompaniysiga sotdi, shu bilan birga brendning ijodiy direktori bo‘lib qoldi.

foto: Spotlight

Karl Lagerfeld uchta mashhur brend bilan hamkorlikdan tashqari, ko‘plab tashqi kompaniyalar bilan hamkorlik qilgan va suratga olish sohasida ham faoliyat yuritgan. U o‘zi boshqargan moda uylari hamda moda jurnallari uchun reklama kampaniyalarini suratga olgan.

foto: Spotlight

Dizayner o‘z faoliyati tarixi davomida sira to‘xtamadi, ijod va ishda ham tanaffus qilmadi. Keksalik chog‘ida ham u o‘z kolleksiyalari oxirida podiumga chiqishda davom etdi, yulduzlarni kiyintirdi va yangi kollaboratsiyalar chiqarishdan charchamadi. Karl 2019-yil 19-fevral kuni 85 yoshida vafot etdi.

“Siz o‘zingizni baxtli qiladigan ishlar bilan shug‘ullanishingiz kerak. Muvaffaqiyat hisoblanayotgan pul yoki boshqa tuzoqlarni unuting. Agar chekka qishloq do‘konida ishlashdan xursand bo‘lsangiz, ishlang. Hayotga bir marta kelasiz.”

Karl Lagerfeld

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin