Nikoh uzuklari: abadiy sevgi ramzi

"Ha!" - to‘g‘ri tanlangan uzuk lahzani qanday muvaffaqiyatli qiladi

16 Noy 2024
foto: instagram, @cartier

Nikoh uzuklari shunchaki zargarlik buyumlari emas, balki sevgi, sadoqat va benuqson didning ifodasi hisoblanadi. Bitta yirik qimmatbaho tosh bilan bezatilgan bu nafis buyumlar o‘zining soddaligi, nafisligi va zamonbilmas dolzarbligi tufayli mashhurlikka erishdi. Bugungi kunda unashtiruv uzugi nafaqat “qo‘l so‘rash” va dil izhori qilishning atributi, balki shaxsiylik, uslub va an’analarga hurmatning in’ikosidir. ELLE O‘zbekiston mashhur zargarlik uylarining nikoh uzuklari to‘plamlari sharxini taqdim etadi.

Tiffany & Co. 

Tiffany & Co.ning unashtiruv uzuklarini ishlab chiqarish an’analari 1866-yilda Charlz Lyuis Tiffani dunyoga mashhur Tiffany Setting uzugini taqdim etganida boshlangan. Dumaloq brilliantli bu yakka toshli uzuk prototipi klassik uslubning ramziga aylandi. Yaqinda asl nusxasining 130 yilligi nishonlangan Tiffany Setting uzugining pavé brilliantlar bilan yangilangan versiyasi chiqarildi. Uzukning noyob tuzilishi markaziy brilliantni oltita tirnoqli gardish ustida muallaq tutib turadi, bu uni yanada ulug‘vor va jilvakor qilib ko‘rsatadi. Uzuk 1 dan 6 karatgacha toshli turlarda mavjud. Bu an’anaviy uslubni zamonaviy jihatlar bilan uyg‘unlashtirmoqchi bo‘lganlar uchun ideal tanlovdir.

Cartier 

Love Solitaire Cartier to‘plami nafislik va noziklik timsoli hisoblanadi. Uzukning sodda dizayni markaziy olmosni yanada jozibador ifodalaydi, u oq oltin bilan uyg‘unlikda toshning butun go‘zalligini namoyon qiladi. Og‘irligi 0,23 dan 1,15 karatgacha bo‘lgan brilliantlar bilan bu uzuk brend an’analari zamonaviy hashamat bilan qanday uyg‘unlasha olishiga misol bo‘ladi. U abadiy muhabbat va sadoqatning mohiyatini mukammal aks ettiradi.

 

Van Cleef & Arpels 

Van Cleef & Arpels dizaynerlari doimo tabiatdan ilhom olishgan va gul shaklidagi uzuklar ularning ramziga aylangan. Motifs Pétales kolleksiyasidagi yakka toshli uzuk – tabiiy go‘zallikni mujassam etgan haqiqiy san’at asari. Gulbarg shaklidagi brilliantlar bilan bezatilgan platinadan yasalgan bu uzuk 2,71 karat og‘irlikdagi yostiqcha shaklidagi sapfir bilan to‘ldirilgan.

Messika  

Noodatiy narsalarni izlayotganlar uchun Messika o‘ziga xos harakatlanuvchi brilliantli unashtiruv uzuklarini taklif etadi. Og‘irligi 0,30 karatli brilliant bilan bezatilgan, olmos gardish bilan o‘ralgan oltin hoshiyali bu uzuklar o‘zining dadil va zamonaviy dizayni bilan ajralib turadi. Ular sevgisini g‘ayrioddiy tarzda ifodalashni istaydiganlar uchun juda mos keladi, ayni paytda o‘ziga xos jozibaga ega.

Graff

Laurence Graff kolleksiyasidan 1,20 karat og‘irlikdagi dumaloq brilliantli oq oltindan yasalgan uzuk o‘zining sof, betakror dizayni bilan maftun etadi. Hoshiyaning soddaligi toshni yanada jilvakor ko‘rsatadi, grafik nafislik unsurlari bilan zamonaviy klassika effektini yaratadi.

Chaumet Paris  

Chaumet Paris kolleksiyasidagi yakka toshli uzuk – “Bee My Love” sevgi va sadoqatni ifodalovchi asalari ramzidan ilhomlanib yaratilgan. Og‘irligi 1,0 karat bo‘lgan markaziy brilliant uning jilvasi va shaffofligini ta’kidlovchi asalari uyalarini eslatuvchi nozik olmos gardishiga o‘rnatilgan. Uzuk oq oltindan yasalgan, qo‘shimcha mayda brilliantlar bilan bezatilgan bo‘lib, bu unga nafislik va noziklik baxsh etadi.

 

Harry Winston 

Harry Winston zargarlik uyi allaqachon unashtiruv uzuklarini yaratishda ustoz deb tan olingan va “The One” kolleksiyasi uning mahoratining yorqin namunasidir. Ushbu turkumdagi har bir uzukning markazida o‘zining tozaligi va yorqin jilvasi bilan maftun etadigan mukammal brilliant joylashgan. Uzuklar dizayni minimalistik bo‘lib, markaziy toshning go‘zalligiga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Eng ajoyib misollardan biri 2,5 karat og‘irlikdagi dumaloq brilliantli uzukdir. Harry Winston ustalarining noyob uslubi bo‘yicha sayqallangan bu tosh nozik platina gardishga o‘rnatilgan bo‘lib, g‘oyat yorqin va eng yuqori darajada soflikka ega.

 

Bvlgari 

Italiyaning Bvlgari uyi o‘zining hashamatli taqinchoqlari bilan mashhur bo‘lib, ularda italyan madaniyatining ehtirosi va zamonaviy dizayn yechimlari uyg‘unlashgan. “Incontro d’Amore” kolleksiyasidagi yakka toshli uzuk – har bir qizning orzusi. Uzukning markazida mayda toshlar bilan o‘ralgan va oq oltindan yasalgan nafis hoshiyaga o‘rnatilgan 1,5 karatli brilliant mavjud. Zamonaviy shakllar klassik unsurlar bilan uyg‘unlikda nafis va ohangdor ko‘rinish yaratadi.

Piaget

Piaget’ning “Possession” to‘plami nafosatni va uslubni qadrlaydigan insonlar uchun yaratilgan. Ushbu to‘plamdagi har bir uzuk klassik shakllarni o‘ziga xos dizaynerlik yechimlari bilan uyg‘unlashtiradi. Eng e’tiborli namunalardan biri – 1,0 karat og‘irlikdagi markaziy brilliant bilan bezatilgan uzuk bo‘lib, uning atrofidagi bir nechta mayda toshlar uni yanada ulug‘vor qilib ko‘rsatadi. Uzukning o‘ziga xosligi – silliq chiziqlar va shakllar uyg‘unligi, hamda sapfir yoki yoqut kabi boshqa qimmatbaho toshlardan foydalanish bo‘lib, bu uni betakror qiladi. Bu uzuk abadiy uyg‘unlik va nafosatning ramzidir.

Nikoh uzuklari uchun materiallar: oltindan platinagacha

Unashtiruv uzugini tanlashda material dizayn kabi muhim ahamiyatga ega. Sariq va pushti oltin o‘zining iliq va nafis tusda bo‘lgani uchun doimo mashhur, kumush va oq oltin ham uzukka birdek ajoyib ko‘rinish baxsh etadi. Biroq, platina zargarlik dunyosida alohida o‘rin egallaydi: u g‘oyatda mustahkam, tirnalmaydi va ko‘p yillar davomida o‘zining jozibador ko‘rinishini saqlab qoladi. Platinadan yasalgan uzuklarga qimmatbaho toshlar ishonchli tarzda mahkamlanadi, ularning yorqinligi va ifodaliligini yanada bo‘rttirib ko‘rsatadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin