Simply the Best

Tina Terner: tikanlar ichra yulduzlarga talpinib

foto: Instagram/tinaturner

O‘z davrining eng yuqori daromadli va mashhur san’atkorlaridan biri bo‘lgan Tina Terner nihoyatda murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Uning yorqin va g‘alabali faoliyati yarim asr davom etib, bu vaqt mobaynida u taqdirning og‘ir sinovlariga duch keldi.

Uni Anna der edilar

1939-yil 26-noyabrda Tennessi shtatining kichik Natbush shahrida fermer oilasida Anna Mey Bullock dunyoga keldi. Qizaloq bolaligidanoq qo‘shiq aytishga ishtiyoqmand bo‘lib, a’lo darajada ijro etardi. U baptistlar cherkovida va mahalliy pikniklarda dastlabki chiqishlarini qildi, bu joylarda kichkina Anna o‘z iste’dodi tufayli tezda shuhrat qozondi.

16 yoshida Anna onasi va singlisi Ellin bilan Sent-Luisga ko‘chib o‘tdi. Bir kuni ular Manhattan tungi klubiga tashrif buyurishdi, u yerda Anna birinchi marta “Ike Turner and the Knights of Rhythm” guruhining chiqishini tingladi. Guruh solisti Ayk Terner qo‘shiqlarni birgalikda ijro etish uchun tomoshabinlarni sahnaga taklif qilardi. Annaning ovozini eshitgach, u hayratga tushib, uni yodida saqlab qoldi. Tez orada ular nafaqat do‘st, balki hamkasbga aylanishdi: 18 yoshli Anna Aykning shousida vokalchi va boshlovchi sifatida qatnasha boshladi.

Ike & Tina Turner, 1962

Tina Ternerning tug‘ilishi

1960-yilda “A Fool in Love” qo‘shig‘i musiqa reytinglarida yuqori o‘rinni egallagach, Anna “Tina Terner” sahna taxallusini qabul qildi. Ayk ularning guruhini “Ike & Tina Turner Revue” deb qayta nomladi. O‘shanda ularning munosabatlarida xavotirli belgilar namoyon bo‘la boshladi: Ayk “Tina Terner” ismini tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib, barcha huquqlarni o‘ziga qoldirdi.

Ike & Tina Turner, 1966

Tina va Aykning munosabatlari shafqatsizlik bilan qoplanganidi. Doimiy zo‘ravonliklarga qaramay, 1962-yilda ular turmush qurishdi. 1966-yilda iqtidorli duet “The Rolling Stones” guruhining e’tiborini tortdi va ular juftlikni o‘z gastrollariga taklif qilishdi. Biroq muvaffaqiyat ularning munosabatlarini yaxshilamadi: zo‘ravonlik va xiyonatlar davom etaverdi.

Tina nafaqat guruhda ishladi, balki to‘rtta bolani ham tarbiyaladi — Aykning oldingi munosabatlaridan ikkitasini va ikkita o‘g‘lini. 1976-yilda sabr-toqati tugab, u Aykni butunlay tark etdi. Ajralish og‘ir kechdi: Tina butun mol-mulki va daromadlaridan voz kechib, o‘ziga faqat ikki yil davomida himoya qilgan sahna taxallusini qoldirdi.

Ike & Tina Turner, 1974

Sahnaga qaytish

1980-yilda Tina prodyuser Rojer Deyvis bilan tanishdi, u unga yakka ijrochi sifatida karyerasini boshlashga yordam berdi. Bir yil o‘tib, u birinchi marta nikohida kechirgan zo‘ravonlik haqida ochiq gapirdi. Uning o‘sha davr uchun dadil bo‘lgan e’tirofi katta ijtimoiy aksi-sadoga sabab bo‘ldi, uning shaxsiyatiga e’tiborni jalb qildi va ruhiy kuchiga tahsin uyg‘otdi.

Tinaning karyerasi tez sur’atda o‘sishni boshladi. Uning kasbiy yutuqlari orasida “Private Dancer” va “Foreign Affair” albomlari, Rod Styuart, Layonel Richi va Brayan Adams bilan duetlar, “The Rolling Stones” bilan gastrollar, ko‘plab Grammiy mukofotlari, shuningdek, Devid Boui bilan birgalikdagi yozuvlar bor.

2000-yilda Tina Ternerning jahon gastrollari unga taxminan 100 million dollar daromad keltirdi, 2005-yilda esa uning eng yaxshi qo‘shiqlar to‘plami platina maqomini oldi.

Tina Turner, Tulane Stadium, 1970

Muvaffaqiyatning salbiy tomoni

Ajoyib karyerasiga qaramay, taqdir Tinani sinashda davom etdi. 2016-yilda unga ichak saratoni tashxisi qo‘yildi. Operatsiya va kimyoterapiyadan so‘ng buyraklari ishdan chiqdi. Uning ikkinchi turmush o‘rtog‘i Ervin Bax o‘z buyragini berdi va ko‘chirib o‘tkazish jarayoni muvaffaqiyatli o‘tdi.

2018-yilda fojia yuz berdi: uning to‘ng‘ich o‘g‘li Kreyg o‘z joniga qasd qildi. Bu Tina uchun kutilmagan zarba bo‘ldi, chunki u har doim quvnoq edi va depressiya alomatlarini ko‘rsatmasdi. 2022-yilda uning ikkinchi o‘g‘li Ronni giyohvandlik oqibatida yuzaga kelgan kasallikdan vafot etdi.

Abadiy afsona

Erkinlik va kuch timsoliga aylangan Tina Terner Rok-n-roll shon-shuhrat zali a’zosi bo‘ldi. “Rolling Stone” jurnali uni zamonamizning eng buyuk qo‘shiqchilari ro‘yxatiga kiritdi.

2023-yil 24-may kuni Tina Terner 85 yoshida hayotdan ko‘z yumdi va jahon musiqa tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin