Tamerlano operasining premyerasi Davlat akademik Katta teatr sahnasida

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rejissyor Stefano Poda sahnalashtirgan “Tamerlano” operasini taqdim etadi

Foto O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi PR-xizmati

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri sahnasida 2024-yilning 2–3-oktabr kunlari O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rejissyor Stefano Poda sahnalashtirgan “Tamerlano” operasini taqdim etadi. Georg Fridrih Gendel musiqasi Kirill Rihterning zamonaviy talqinida jaranglaydi. Premyera joriy yilning 2–4-oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi arafasiga mo‘ljallangan.

Ushbu opera o‘tmishning ulug‘vorligini zamonamiz evrilishlari bilan uyg‘unlashtirgan ulkan madaniy voqea bo‘lishi kutilmoqda. “Tamerlano” operasida buyuk sarkardaning hukmdor bo‘lib, Bibixonim bilan turmush qurishidan oldingi hayoti haqida hikoya qilinadi. Voqealar markazida Amir Temur va uning raqibi Usmonli sultoni Boyazidning qizi bilan muhabbat hikoyasiga qaratilgan. Dramatik burilish bosh qahramonni qanday qilib adolatli jangchi va monarx bo‘lishni anglab yetishiga olib keladi.

Bastakor va pianino sozandasi Kirill Rihter Gendel musiqasining yangi talqinini tayyorlash, spektaklni Amir Temur davrining asl sadolariga yaqinlashtirish uchun o‘zbek milliy cholg‘u asboblarini qo‘shishdek murakkab vazifani o‘z zimmasiga olgan. Operaning musiqiy jo‘rligi Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri tomonidan taqdim etiladi.

Loyiha ustida ishlash uchun Jamg‘arma eng sara xalqaro ijodiy kuchlarni jalb etgan. Ssenografiya, liboslar, yoritish mahorati va xoreografiya mashhur Stefano Poda tomonidan yaratilgan bo‘lib, uning loyihalari jahon sahnalarida e’tirof etilgan. Yuksak did va g‘oyaviy yaxlitlikni izlab topishda Stefano Poda doimo rejissyorlik, xoreografiya, dekoratsiya, liboslar va chiroq mahoratini birlashtiradi. Uning o‘ziga xos uslubi qadimiy qiyofalarni zamonaviy san’at bilan uzviy holda uyg‘unlashtirgan ko‘zqarashga asoslangan. Sahnada u turli janrlar va fanlar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qotgan hamda har tomonlama atroflicha tajriba va tamomila san’at olamini yaratgan holda o‘z tilida so‘zlaydi. Poda shunchaki hikoya qilmaydi, balki dizayn, me’morchilik, haykaltaroshlik, rangtasvir, musiqa va dramaturgiyani birlashtiruvchi nafis va yaxlit muhitni yaratadi.

Stefano bilan birgalikda “Tamerlano” dramaturgiyasiga o‘zining kuchli va his-tuyg‘ularga boy mazmunli sahnalashtiruv asarlari bilan shuhrat qozongan Paolo Jani Cheining ijodiy mehnati singgan. 2008-yildan buyon u Poda bilan rejissyor yordamchisi, ssenograf, liboslar bo‘yicha rassom va chiroq ustasi sifatida hamkorlik qilib keladi.

Gulnora Malikova boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi, Komil Mo‘minov rahbarligidagi “O‘zbegim” karnay va surnay jamoasi, shuningdek, Abdukarim Ashirmatov boshchiligidagi xalq cholg‘u asboblari orkestri san’atkorlarining ishtiroki “Tamerlano” operasining diqqatga molik xususiyati bo‘ladi. Keng ko‘lamli sahnalashtiruv asarida jami 160 dan ortiq kishi safarbar qilingan.

Opera italyan tilida ijro etiladi. Muqaddima pardasini mamlakatning eng taniqli bas ovozi, O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov tamsil etadi. Turk sultoni Boyazid chiqishini Gendel asarlarining o‘z tengqurlari safidagigi eng a’lo ijrochilaridan biri boʻlgan ispan tenori Huan Sancho, Boyazidning qizi Asteriya ishtirokidagi pardani esa soprano Veronika Kanhemi (Argentina) ijro etadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin