Tom Ford – nafislik va hashamat elchisi

27 Avg 2024
foto: Spotlight
foto: Spotlight

«Muvaffaqiyat intizom ortidan keladi. Men intizomsiz na modada, na hayotda hech narsaga erishib bo‘lmasligiga ishonaman.»

Ushbu iqtibos zamonamizning eng nafis, nozik did egasi va betakror dizaynerlaridan biri – Tom Fordni mukammal tarzda tasvirlab bergan.

Dastlabki yillar va ta’lim

Tom Ford (Thomas Carlyle Ford) 1961-yil 27-avgustda Texas shtatining Ostin shahrida ko‘chmas mulk agentlari oilasida tug‘ilgan. Keyinchalik u ota-onasining kasbi unga stil va estetika tuyg‘usini singdirganini ta’kidlagan: yoshligidanoq Tom ular bilan birgalikda mahorat bilan bezatilgan ko‘chmas mulk obyektlariga tashrif buyurib, interyer dizaynining ijodiy g‘oyalarini o‘zlashtirgan. Oila Nyu-Meksiko shtatining Santa-Fe shahriga ko‘chib o‘tgandan so‘ng, Ford bolaligining ko‘p qismini sahro landshaftlari va tog‘ manzaralari orasida o‘tkazdi, bu esa uning minimalizm tuyg‘usini va oddiy chiziqlar hamda shakllarda nafislikni ko‘ra olish qobiliyatini shakllantirdi.

12 yoshidan boshlab Tom o‘zining tashqi ko‘rinishi va stili ustida tajriba o‘tkaza boshladi. Bolaligida u Gollivud filmlarining jozibasi va yorqinligidan hayratlanar, bu yorqinlikka taqlid qilishga intilardi. Bu dastlabki qiziqishlar keyinchalik uning shaxsiy kolleksiyalarida o‘z aksini topdi. Yoshlik yillaridayoq Ford moda va interyer sohasida go‘zallik va uslub haqida aniq tasavvurga ega edi. Keyinchalik arxitekturaga bo‘lgan qiziqishi uni Nyu-York universitetiga, so‘ngra Parsons dizayn maktabiga o‘qishga kirishga undadi. Biroq u baribir arxitektor bo‘lib yetishmadi.

Modadagi karyera

Yosh Ford yuqori moda olamidagi faoliyatini 1980-yillarning oxirida, dastlab Chloé moda uyida, so‘ngra Perry Ellis’da ishlashdan boshladi. Biroq uning faoliyatidagi hal qiluvchi burilish 1990-yilda, bankrotlik arafasida turgan Gucci uyi bilan shartnoma imzolaganida sodir bo‘ldi. Bu brend uchun chuqur inqiroz davri edi, ammo o‘ziga xos stil hissi, joziba va minimalizm uyg‘unligi tufayli Ford kompaniyaga yangi hayotni baxsh eta oldi. Uning faoliyati davomida Gucci daromadi 230 million dollardan 10 milliard dollargacha oshdi.

2004-yilda Tom Ford Gucci’ni tark etdi va hashamatli kiyimlar, aksessuarlar va atirlar yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan Tom Ford brendiga asos soldi. Brend tezda butun dunyo bo‘ylab moda va stil namoyandalarining muhabbati va e’tirofiga sazovor bo‘lib, nafislik va nafosatning etaloniga aylandi.

foto: Spotlight

foto: Spotlight

Kinodagi faoliyati

Tom Ford moda industriyasi bilan cheklanib qolmadi. 2009-yilda u tanqidchilar tomonidan iliq qabul qilingan «Yolg‘iz erkak» (A Single Man) filmi o‘zining rejissyorlik debyutini amalga olshirdi. Bosh rolni ijro etgan Kolin Fert «Oskar» mukofotiga «Eng yaxshi erkak roli» nominatsiyasi bilan nomzod bo‘ldi. 2016-yilda Ford o‘zining ikkinchi «Tungi hayvonlar» (Nocturnal Animals) filmini suratga oldi, u ham turli kinofestivallarda ijobiy izohlarga sazovor bo‘ldi.

Uning merosi va ta’siri

Tom Ford nomi Gollivud jozibasi va nafis hashamatning ramziga aylandi. Tom Ford kiyimini kiyish – nafis stil va yuqori darajadagi sifat standartlarini qadrlash demakdir. 

Dizaynerning sevimli atirlaridan biri bo‘lgan Tom Ford Noir’dan foydalanish esa unutilmas taassurot qoldirish demakdir.

So‘nggi yigirma yillikda Tom Ford brendi dizaynerga xos bo‘lgan nafislik, mukammallikka intilish va ishonch tufayli hashamatning sinonimiga aylandi. Fordning o‘zi aytganidek:

«Hashamat – bu moddiy narsa emas. Bu his-tuyg‘u, bu kayfiyat. U bir finjon qahvada ham, ideal darajadagi shoyi kostyumda ham bo‘lishi mumkin.»

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin