Xotiram yaproqlari
Zulfiyaxonim evarasi bilan suhbat

Bahorning ilk zarrin nurlari, yangi nafas va haroratga to‘la tongi bilan XX asr Markaziy Osiyo she’riyatining eng zabardast ayol vakili – O‘zbekiston xalq shoiri, davlat va jamiyat arbobi Zulfiya Isroilovaning tavallud kunini nishonlaymiz. Ayollarni madh etgan, ularning farovon buguni va istiqbolli ertasi uchun qalam tebratgan shoirani yod etish, hamda uning serqirra ijodini yana bir bor tilga olish maqsadida, uning evarasi, haqiqiy ijodkor ayol – Anna Latkin bilan suhbatlashdik.

Фото предоставлено Анной Латкин
ELLE: Ko‘pgina jamoat, madaniyat va san’at arboblarining avlodlari asosan xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilishadi. Bilishim bo‘yicha siz Amerika qo‘shma shtatlarida yashaysiz. Sir bo‘lmasa, qanday kasbiy faoliyat bilan bandsiz, buvi va bobokaloningizdan meros qolgan qalamkashlik mahorati sizga ham o‘tganmi?
Men ijodiy tadbirkor (Creative Entrepreneur) va kreativ direktorman. O‘zbekiston va AQShda kino, biznes va media sohalarida ijodiy loyihalar ustida ishlayman.
Faoliyatim taqozosi bilan ko‘pincha turli mamlakatlardan kelgan, turli madaniy va ijtimoiy tajribaga ega odamlar bilan muzokaralar olib boraman. Bu so‘zni nozik his etish va to‘g‘ri foydalanish qobiliyatini talab etadi. So‘zning qudratini his qilaman, lekin buni she’riy mahorat deb ayta olmayman, chunki she’r ko‘p yillik amaliyot bilan keladi. Har qanday iste’dod singari, she’r ham faqat ongli ravishda rivojlantirilgandagina namoyon bo‘ladi.
Zulfiya shunday yozgan edi: “Erimning vafoti meni shoiraga aylantirdi. Balki u hayot bo‘lganida, men ham boshqa ayollar kabi farzandlarim va uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lib, yozishni to‘xtatgan bo‘larmidim. Lekin hech kimga o‘z ayollik qismatimni ravo ko‘rmayman”.
San’at va madaniyat ta’limning ajralmas qismi bo‘lgan oilada ulg‘ayganimdan baxtiyorman. Akam ikkimizga buyuk ajdodlarimizga hurmat yuzasidan ma’naviy poklikni saqlash mas’uliyati singdirilgan. Onam doim: “Siz ota-bobolaringiz kimligini unutmasligingiz kerak”, der edi. Bu ulug‘ bir maqom edi biz uchun… va unga munosib bo‘lishni istardik.
O‘z iste’dodimni buvimning iste’dodi bilan tenglashtirmasdim, ammo doimo uning tirishqoqligi va so‘zga bo‘lgan muhabbatiga ergashishga intilardim.
Anna Latkin - bu mening asl ismim, Latkin esa turmush o‘rtog‘imning familiyasi. AQShda ota ismi qo‘llanilmaydi. Biroq ismim bilan bog‘liq qiziq voqea bor: otam Zulfiya va Hamid Olimjonlarning birinchi nabirasi – Alimjonov Rustam Omonovich bo‘lgan. Ota-onasi ajrashgandan so‘ng, buvi va bobosi jamiyatdagi noma’qul munosabatdan asrash maqsadida uning ismi va familiyasini o‘zgartirish haqidagi mushkul qarorni qabul qilishgan. Shunday qilib, u onasining familiyasi bilan Belozerov Aleksandr Amanovich ismini olgan.
O‘sha davrda ajralish uyat hisoblangan. Ammo otamning onasi kuchli ayol bo‘lib chiqqan. Zulfiya dono va sezgir ayol sifatida uni himoya qilgan, qo‘llab-quvvatlagan va kelinining ittifoqchisiga aylangan. Ular doimo aloqada bo‘lib, otamning kelajagi haqida g‘amxo‘rlik qilishgan. Men buni ko‘pchiligimiz o‘rganishimiz lozim bo‘lgan chinakam ayollar birdamligining namunasi deb hisoblayman.
Shunday qilib, yuridik jihatdan, otam tomonidan men - Alimjonova Anna Rustamovna bo‘laman.
ELLE: Buvikaloningiz haqidagi so‘nggi xotiralaringizni so‘zlab bering.
Buvim men 9 yoshda ekanligimda olamdan o‘tgandilar. So‘nggi yillar kasallanib qolgan edilar, men uni sanatoriyga ko‘rgani borardim. U yer chiroyli, bog‘lari bor joy edi, biz u yerda birga sayr qilardik. Buvim o‘zlarini nazokat bilan tutar edi: qaddi-qomati kelishgan, sochlari silliq, mayin qadam tashlardi - unda qandaydir balerinalik latofati bor edi.
U mening qiziqishlarim haqida surishtirar, diqqat bilan tinglar, lekin kam gapirardi. U kishining sukuti chuqur ma’no va donishmandlikka to‘la edi, unda ziyolinamolik sezilib turardi. Ortiqcha so‘z aytmasdilar. Uning yonida sho‘xlik qilgim kelmasdi, qaddimni rostlab, o‘ylab gapirgim, yonida bo‘lgim kelardi. Buvim onamni hurmat qilishim juda muhimligini ta’kidladilar. Bu so‘zlar qalbimda abadiy muhrlanib qoldi.
ELLE: Savolim tuturiqsiz bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo buni sizdan so‘rashga jazm etmoqchiman. Hujjatli filmlarni kuzatganimda buvingizning yuzida biror marta pardoz izlarini ko‘rmaganman. U hech bo‘yanarmidi? Uning go‘zallik siri nimada edi, sizningcha?
Ichki uyg‘unlik va olijanoblik har qanday pardoz-andozdan ko‘ra ko‘proq bezaydi. Shunday emasmi?
ELLE: Bolalaringiz bormi? Ularga buyuk buvingiz haqida hikoya qilib berasizmi?
15 yoshli qizim bor. U kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi, esse va hikoyalar yozadi, faylasuf bo‘lishni yoki ommaviy axborot vositalarida ishlashni orzu qiladi. Biz uxlashdan oldin Hamid Olimjon va Zulfiyaning she’rlarini o‘qiymiz, ular haqida suhbatlashamiz, tahlil qilamiz. Men qizimga Zulfiyaning hayot yo‘lini so‘zlab beraman, chunki ildizlarni bilish o‘zlikni chuqurroq anglashga yordam beradi. Ona sifatida mening vazifam unga bu ma’naviy merosni yetkazishdir.
ELLE: Zulfiyaxonimdan meros qolgan biror narsangiz bormi?
Ha, menda Zulfiyaning o‘z nevarasiga imzo qo‘ygan kitobi bor. Uning rasmini sizlar bilan mamnuniyat bilan bo‘lishaman.
Qiynalib qolganimda uning she’rlarini o‘qiyman. Ayniqsa, “Mulohazalar”, “E’tirof” va “Men shu yerda tug‘ilganman” she’rlari menga juda yaqin. Ularda vatanga, uyga bo‘lgan mehr, ayolga xos nazokatli tuyg‘ular va qalbining nozikligi mujassam. Bu she’rlar menda kuchli hissiyotlarni uyg‘otadi va vatan bilan bog‘liqligimni his etishimga yordam beradi.
ELLE: Zulfiyaxonim merosini asrab-avaylashda oilangiz qanday ishtirok etmoqda?
2023-yilda rejissyor Ruslan Saliyev tomonidan suratga olingan Zulfiya va Hamid Olimjon haqidagi hujjatli film chiqdi, unda Olimjonovlar oilasi a’zolarining xotiralari yangraydi. Men uchun bu merosni saqlab qolish muhim va qarindoshlarim bilan aloqalarni o‘rnatishga intilaman, chunki biz birgalikda katta kuchmiz.
ELLE: Ushbu muhim sanada buyuk buvingizni qanday xotirlaysiz?
Ertalabki nonushtada uning she’rlarini o‘qishdan boshlaymiz. Bu kuni dasturxonimizda doimo lolalar turadi.
ELLE: Qaysi jihatlari bilan katta buvingizga o‘xshashni xohlaysiz?
Zulfiya muloyim, biroq kuchli ayol tabiati namunasidir. Uning turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan muhabbati, samimiyligi va o‘z tamoyillariga sadoqati meni ilhomlantiradi. Uning she’rlari insonga, vatanga, hayotga bo‘lgan muhabbat bilan yo‘g‘rilgan. Men bu muhabbatni o‘zimda his etaman va baham ko‘raman, hamda uni davom ettira olayotganimdan mamnunman.
ELLE: Zulfiya she’rlarini o‘qigan ayollar qanday o‘zgarishlarni his etishi mumkin?
Zamonaviy dunyoda ayollarga qalbida nafaqat atrofdagilarga, balki birinchi navbatda o‘ziga bo‘lgan muhabbatni saqlab qolish qiyin. Vaholanki, insonning o‘ziga bo‘lgan muhabbati hamma narsaning asosidir. Zulfiya she’rlari muhabbatga boy. Uxlashdan oldin ularni o‘qib ko‘ring - ertalab qanchalik farqli tarzda uyg‘onganingizni his qilasiz. Ularni o‘qigan har bir kishi uning so‘zlaridagi muhabbat kuchini his qilishini tilayman.