Martin Roberts: «Men O‘zbekistonni dizaynerning o‘z nigohi bilan ko‘rishni istardim»

29 Sen 2026

Chiroyli kolleksiya dizayner haqida gapirishlari uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Ammo bir mavsum o‘tgach ham uni eslab qolishimizga nima sabab bo‘ladi? Fashion Scout asoschisi Martin Roberts yigirma yildan buyon moda olamidagi yangi iste’dodlarni kashf etib keladi. Platforma faoliyatining ilk bosqichlarida qo‘llab-quvvatlagan dizaynerlar orasida Iris van Herpen va David Koma ham bor edi. Robertsning eslashicha, ularning har biri o‘sha paytdayoq o‘ziga xos ijodiy tilga ega edi.

Fashion Scout’ning 20 yilligi munosabati bilan ELLE Uzbekistan Martin bilan iste’dodni qanday tanib olish, kuchli brendni shunchaki ta’sirli kolleksiyadan nima ajratib turishi va nega O‘zbekiston dizaynerlari dunyoga o‘z mamlakatini aynan o‘z nigohi orqali ko‘rsatishi kerakligi haqida suhbatlashdi.

Bu yil Fashion Scout 20 yoshga to‘lmoqda. Faoliyatingizning ilk yillarini eslasangiz, bugun moda sanoatida o‘z o‘rnini topishga harakat qilayotgan yosh dizaynerlar uchun eng katta o‘zgarish nimada?

Yigirma yil avval moda sanoatiga kirish yo‘llari ancha tushunarli edi. Yosh dizayner kuchli kolleksiya yaratishga e’tibor qaratishi, keyin esa biznesini rivojlantirishda buyerlar, ulgurji savdo va moda nashrlariga tayanishi mumkin edi.

Bugun dizaynerlarda global auditoriyaga chiqish uchun nihoyatda katta imkoniyatlar bor, ammo bu erkinlik yangi qiyinchiliklarni ham olib keldi. Ulardan kommunikatsiya, onlayn savdo, ishlab chiqarish, moliya va distribyutsiyani tushunish talab qilinadi. Shu bilan birga, ularning ko‘pchiligi hali ijodiy jihatdan kim ekanini anglash jarayonida bo‘ladi.

Paradoks shundaki, bugun ijodiy mustaqillikni saqlab qolish uchun biznesni har qachongidan ham yaxshiroq tushunish kerak. Dizaynerlarga ijodkorlikni barqaror biznesga aylantirish uchun tijoriy bilim va puxta yo‘lga qo‘yilgan jarayonlar zarur. Shu bilan birga, bozorning qisqa muddatli talablariga o‘z ijodiy yo‘nalishini bo‘ysundirmaslik uchun yetarlicha ishonch ham kerak.

Siz juda ko‘p dizaynerlarni faoliyatining ilk bosqichidayoq ko‘rgansiz. Biror insonga e’tibor qaratishingizga nima sabab bo‘ladi? Deyarli darhol sezadigan jihatingiz bormi?

Men o‘ziga xos nigohni izlayman. Texnik mahoratni rivojlantirish mumkin, biznesni esa qurish mumkin. Meni qiziqtiradigan narsa — insonning haqiqatan ham aytmoqchi bo‘lgan gapi bormi yoki yo‘qmi.

Ko‘pincha buni hayratlanarli darajada tez sezish mumkin. Bu siluetda, materiallar bilan ishlashda, kutilmagan proporsiyada yoki shunchaki insonning o‘z ishi haqida qanday gapirishida namoyon bo‘ladi. Uning shaxsiyati bilan yaratayotgan narsalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni his qilasiz.

Men hamma narsani darhol tushunishim shart emas. Ba’zan eng qiziqarli ish aynan uni hali to‘liq anglab ulgurmaganingiz uchun sizni to‘xtashga majbur qiladi. Ana shunda ko‘proq ko‘rgingiz keladi.

Fashion Scout faoliyatining ilk bosqichida qo‘llab-quvvatlagan ayrim dizaynerlar keyinchalik katta xalqaro muvaffaqiyatga erishdi. Ularning o‘ziga xosligini o‘sha paytdayoq ko‘ra olganmisiz?

Ha, garchi kimningdir faoliyati kelajakda qanday rivojlanishini oldindan aytib bo‘lmasa ham.

Iris van Herpen va David Koma kabi dizaynerlarni eslaganimda, eng avvalo, ularning o‘sha paytdayoq mutlaqo o‘ziga xos ijodiy tilga ega bo‘lganini o‘ylayman. David tana va siluetni nihoyatda nozik his qilardi. Iris esa hunarmandchilik, texnologiya va eksperimentni shunday uyg‘unlashtirardiki, natija chinakam yangi tuyulardi.

Ular o‘zlariga: «Moda mendan nimani xohlaydi?» degan savolni bermasdi. Ular o‘z qarashlarini taklif qilishardi.

Oxir-oqibat eng katta ta’sir ko‘rsatadigan dizaynerlar moda haqidagi suhbatning shunchaki ko‘zga ko‘ringan ishtirokchisiga aylanib qolmaydi. Ular suhbatning o‘zini o‘zgartira oladi.

Bugun, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda, juda ko‘p modani ko‘ramiz. Siz uchun hamon nima chinakam original ko‘rinadi?

Biz e’tibor iqtisodiyoti davrida yashayapmiz va moda bir zumda butun dunyoga tarqaladigan lahzalarni yaratishni mukammal o‘rgandi.

Podiumda yiqilgan model, robotlar, murakkab dekoratsiyalar, performanslar, mashhur insonning provokatsion ko‘rinishi. Bir necha daqiqada bu kadrlar hamma joyda paydo bo‘lishi mumkin.

Bunday epizodlarning ayrimlari haqiqatan ham ajoyib. Moda har doim teatrallik va provokatsiyaning kuchini tushungan, namoyish esa hissiyot uyg‘otishi kerak. Ammo virusli mashhurlik va originallik bir xil narsa emas.

Men uchun tomosha ijodiy g‘oyani rivojlantiryaptimi yoki uning o‘rnini egallayaptimi, degan savol muhim. Men baribir kiyim va uning ortidagi g‘oyaga qaytaman. Dizaynerning o‘sha effektli lahzadan tashqarida ham mavjud bo‘la oladigan o‘z pozitsiyasi bormi?

Bugun originallik hech kim ilgari ko‘rmagan narsani ixtiro qilish degani emas. Meni tobora ko‘proq individuallik qiziqtiradi: dizayner o‘z madaniyati, tajribasi, qiziqishlari yoki dunyoga bo‘lgan o‘ziga xos nigohini boshqa birov yaratishi qiyin bo‘lgan narsaga qanday aylantiradi?

Eng yaxshi moda namoyishi g‘oyani kuchaytiradi, uning yo‘qligini yashirmaydi. E’tibor uchun kurash tobora kuchayib borayotgan industriyada asosiy vazifa shunchaki odamlarni qarashga majbur qilish emas. Namoyish tugaganidan keyin ham ular sizni kuzatishda davom etishi uchun sabab berish kerak.

Chiroyli kolleksiya yarata oladigan inson bilan kuchli brend qura oladigan inson o‘rtasida farq bormi? Kiyimdan tashqari yana nimalarga e’tibor berasiz?

Albatta. Kuchli kolleksiya e’tiborni jalb qilishi mumkin. Kuchli brend esa qiziqishni saqlab qolishi va izchil rivojlanishi kerak.

Kiyimdan tashqari men aniqlikni izlayman. Dizayner o‘zining kimligini, uning potensial xaridori kimligini va nima uchun bu xaridor yana qaytib kelishni istashini tushunadimi? Keyin biznesning unchalik jozibali bo‘lmagan tomoni boshlanadi: narx belgilash, ishlab chiqarish, pul oqimlari, yetkazib berish, biznes aloqalari va keyingi mavsumdan ham uzoqroqqa qaray olish qobiliyati.

Men uchun tadbirkorlik energiyasi ham muhim. Oldinga siljiydigan dizaynerlar odatda qiziquvchan, hamkorlikka tayyor va yangi imkoniyatlarga ochiq bo‘ladi. Shu bilan birga, ular har bir kelib tushgan taklifga chalg‘ib ketmaydi.

Iste’dod eshikni ochishi mumkin. Uni doimiy oldinga harakatga aylantirish esa mutlaqo boshqa mahorat.

New Inn Yard, London 19th September 2026. A model walks at the Fashion Scout - Ones to Watch Runway Show. ©Chris Yates/ Chris Yates Media

Sizning kuzatuvlaringizga ko‘ra, yosh dizaynerlar qayta-qayta qanday xatoga yo‘l qo‘yadi?

Ular o‘zlarini boshqalardan nima ajratib turishini tushunib ulgurmasdan, allaqachon shakllangan brenddek ko‘rinishga harakat qilishadi.

Bosim juda katta bo‘lishi mumkin: go‘yo darhol mukammal reklama kampaniyasi, benuqson ijtimoiy tarmoqlar, hamkor do‘konlar, kollaboratsiyalar va muvaffaqiyatli brendning barcha tashqi belgilariga ega bo‘lish kerakdek tuyuladi. Bu obrazni yaratishga shu qadar berilib ketish mumkinki, oxir-oqibat eng asosiy poydevor qurilmay qoladi.

Men uchun o‘n xil auditoriyaga mo‘ljallangan o‘nta g‘oyani ko‘rishdan ko‘ra, bitta g‘ayrioddiy g‘oyani ishonch bilan rivojlantirayotgan yosh dizaynerni kuzatish ancha qiziq. Avval kimligingizni tushunishingiz, keyin esa butun tizimni shu asosda qurishingiz kerak.

Bu mavsumda ko‘plab dizaynerlar o‘z madaniyati, hunarmandchiligi va shaxsiy tarixiga murojaat qildi. Sizningcha, yangi avlod o‘z ildizlariga tobora ko‘proq qiziqyaptimi?

Ha. Bugungi eng qiziqarli ishlarning ayrimlarini xalqaro moda sanoatining bir qismi bo‘lish uchun o‘z individualligini yumshatish kerak deb hisoblamaydigan dizaynerlar yaratmoqda.

Ammo madaniy havolaning o‘zi hali ishni qiziqarli qilmaydi. Muhimi, siz u bilan nima qilishingiz.

Meros kostyum emas, tirik material bo‘lishi kerak. Dizaynerlar an’anani qayta talqin qilganda, hunarmandlar bilan hamkorlik qilganda, uning kontekstini o‘zgartirganda yoki u orqali zamonaviy hayot haqida gapirganda, bu men uchun qiziq.

Bu mas’uliyatni ham anglatadi. Agar siz an’anaviy hunarmandchilik bilan ishlayotgan bo‘lsangiz, bu bilimlarni saqlab kelayotgan insonlar, undan foydalanish natijasida kim iqtisodiy manfaat ko‘rayotgani va kelajak avlodlar ham shu mehnat orqali daromad topa olishi haqida o‘ylashingiz kerak.

Hunarmandchilikni saqlab qolish muhim, ammo uning tirik qolishi uchun rivojlanishiga ham imkon berish kerak.

Bu mavzu menga ayniqsa yaqin, chunki men O‘zbekiston bilan ishlayman. Markaziy Osiyo nihoyatda boy to‘qimachilik va hunarmandchilik tarixiga ega, biroq mintaqaning ko‘plab zamonaviy dizaynerlari uning tashqarisida hali kam tanilgan. O‘zbekistonlik dizaynerda nimani ko‘rsangiz, unga e’tibor qaratgan bo‘lardingiz?

Men o‘zbekistonlik dizaynerning London, Milan yoki Parij O‘zbekistonni qanday ko‘rishni xohlaydi, deb tasavvur qilib, shunga mos obraz yaratishini istamasdim. Men O‘zbekistonni dizaynerning o‘z nigohi bilan ko‘rishni istardim.

Markaziy Osiyoda nihoyatda boy to‘qimachilik va hunarmandchilik an’analari mavjud. Ammo xalqaro auditoriya uchun qiziqarli bo‘lish uchun an’anaviy texnikalarni shunchaki zamonaviy kiyimga ko‘chirishning o‘zi yetarli emas. Men bu merosni shu qadar chuqur tushunadigan dizaynerni izlagan bo‘lardimki, u bu merosga savollar bera olsin, uni qayta talqin qilsin va chinakam zamonaviy fikrning bir qismiga aylantirsin.

Men uchun kiyim ustidagi ish qanday tashkil etilgani ham muhim: uni kim yaratadi, an’anaviy bilimlar qanday saqlanadi, hunarmandlar qanday haq oladi va biznes o‘ziga xosligini ta’minlaydigan narsalarni yo‘qotmasdan rivojlana oladimi?

Eng qiziqarli ta’rif «bu O‘zbekistondan chiqqan moda» emas, balki «bu xalqaro moda sanoati bilishi kerak bo‘lgan va faqat O‘zbekistonda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan dizayner».

Yigirma yil davomida yangi iste’dodlar bilan ishlaganingizdan so‘ng ham keyingi dizaynerni izlashga sizni nima ilhomlantiradi?

Keyingi g‘ayrioddiy g‘oya qayerdan kelishini hech qachon bilmasligingiz.

Yigirma yil davomida bunday ish bilan shug‘ullangach, kimni izlayotganingizni tobora aniqroq tushuna boshlaysiz, deb o‘ylash mumkin. Menda esa, qaysidir ma’noda, buning aksi yuz berdi. Qanchalik ko‘p dizaynerlar bilan uchrashsam va qancha ko‘p mamlakatlarda ishlasak, hayratlanish istagim shunchalik kuchaydi.

Bu mavsum buning ajoyib isboti bo‘ldi. Bizning Beyond Limits: Polish Visionaries ko‘rgazmamiz Londonda polshalik dizaynerlar va ijodkorlarning yangi avlodini namoyish etdi. Ularning ko‘pchiligining qarashlari o‘z madaniyati, hamjamiyatlari va ijodiy muhiti ta’sirida shakllangan. So‘nggi besh yil davomida biz Fashion Scout Armenia doirasida dizaynerlar bilan ham ishlab kelmoqdamiz, yaqinda esa Creative DNA dasturi bilan Efiopiya va Zimbabveda bo‘ldik.

Bu tajriba menga doimo bir narsani eslatadi: iste’dod hech qachon faqat tan olingan moda poytaxtlarining imtiyozi bo‘lmagan. Shunchaki imkoniyatlar va e’tibor aynan o‘sha joylarda jamlangan edi. G‘ayrioddiy ijodkor insonlar esa hamma joyda bor. Ularni katta moda sanoatiga tanishtirish imkoniyati meni hamon hayajonlantiradi.

Hali ham shunday lahzalar bo‘ladiki, kimningdir ishini ilk bor ko‘rasiz va unda o‘zgacha bir narsani darhol taniysiz. Balki g‘oya hali to‘liq shakllanmagandir, balki biznes hali oxirigacha yo‘lga qo‘yilmagandir, ammo bir narsa mutlaqo ravshan: bu aynan shu insonga tegishli.

Moda kimdir dunyoni shu qadar o‘ziga xos tarzda ko‘ra olganida o‘zgaradiki, natijada u boshqalarga boshqa yo‘lni taklif qila oladi. Yigirma yil o‘tib ham, bu sodir bo‘layotgan paytda men o‘sha yerda bo‘lishni istayman.

Maqolani baham ko'ring

Related articles