Astrogid: Oyga qarab dam olishni tanlaymiz
Munajjimlar bashoratidagi Oy holatiga qarab, o‘zingiz uchun eng qulay va xotirjam dam olish turini aniqlab olishingiz mumkin.
Bilasizmi, nima uchun rejalashtirilgan milliardlab ishlarning ozgina qismigina amalga oshadi? Nima uchun "g‘ildirakdagi olmaxon" sindromi tez orada asab buzilishiga va klinik jihatdan xotirjam bo‘la olmaslikka olib keladi?
Biz insonlar tabiatimiz jihatidan juda davriylik xususiyatiga egamiz. Bu davrlar qat’iy emas, balki to‘lqinsimon. Ko‘tarilishlar va pasayishlarga yoki aksincha holatlarda tepaga sakrab ketishlar yuzaga keladi. Ammo agar har doim o‘zingizdan faqat ko‘tarilish va doimiy jangovar holatda bo‘lishni talab qilsangiz, bu bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Bu holatda katta ishlarni amalga oshirishga yaramay qolasiz.
Nega? Bu oddiy. Agar siz muvozanat tabiatini hurmat qilmasangiz va o‘zingizni ongli ravishda tanazzul holatida bo‘lishga yo‘l qo‘ymasangiz, siz o‘z ichki quvvat zahirangizni to‘liq tiklay olmaysiz. Axir “nafas chiqarish uchun” chuqurroq nafas olish ham kerak.
Agar siz o‘zingizga munosib dam bera olsangiz, demak, ichki zahirangiz quvvatini ham tiklay olasiz. Uni tashqariga chiqara olsangiz, siz bu quvvatni pul va minnatdorchilik shaklida qaytishiga hamda tan olinishiga erishasiz.
Siz uchun aynan qaysi hordiq turi foydali bo‘lishini qanday aniqlash mumkin? Buning uchun sizning Oy burjingiz qaysi holatda turganini tushunish muhimdir. Chunki aynan Vedik astrologiyasi bo‘yicha Oy ichki energiya, ruhiyat va his-tuyg‘ularning asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Sizning shaxsiy munajjimlar bashoratingizda Oy qaysi holatda joylashganligini bilish uchun bizning qo‘llanmamizdan foydalanib, natal (tug‘ilish) xaritangizni tuzishingiz mumkin. Oy jadvaldagi uchinchi qatorda. Aniqlab oldingizmi? Endi qiziqarli qism boshlanadi.
Olovli oy (Qo‘y, Arslon, O‘qotar)
Olovli Oy vakillari uchun eng yaxshi dam olish turi quyosh va olovning eng yuqori cho‘qqisidir. Agar sog‘lom va energiyaga to‘la bo‘lishni istasangiz, tongda uyg‘onib, faol sport bilan shug‘ullaning, raqsga tushing, hayotingizni maksimal jismoniy faollik bilan boyiting. Tez-tez sham yoqib turing. Bayramlar tashkil qiling va ularda ishtirok eting, kuling, qo‘shiq ayting, hazil qiling – hayotingizga maksimal olov va drayv bag‘ishlang.
Yerdagi oy (Buzoq, Parizod, Tog‘ echkisi)
Sizning Oy burjingiz Yer holatida bo‘lsa, ochiq havoda dam olish juda muhimdir. Kundalik tartibni diqqat bilan kuzatib borish ham darkor. Tanangiz uchun cho‘zilish, yoga, o‘zingizni massaj qilish kabi parvarishlar ham doimo kerak. Hayvonlar yoki o‘simliklarga g‘amxo‘rlik qilish ham Yerdagi Oy vakillariga osudalik va quvvat baxsh etadi.
Havodagi oy (Egizaklar, Tarozi, Qovg‘a)
Toza havoda sayr qilish va nafas olish mashqlari sizni hayotiy quvvat bilan ta’minlaydi. Siz uchun dam olishning asosiy turi – bu informatsion detoks. Hayotingizni shunday rejalashtiringki, unda, albatta, haftada bir kun barcha ijtimoiy tarmoqlar va har qanday ma’lumot manbalaridan butunlay uzilishning iloji bo‘lsin. Boshqa kunlar ham, iloji boricha, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishni sizni ilhomlantiradigan sevimli mualliflaringizning kitoblarini mutoala qilish bilan almashtirgan yaxshiroqdir.
Suvdagi oy (Qisqichbaqa, Chayon, Baliq)
Oyning suv vakillari uchun suv havzalari yaqinida dam olish turi ayni muddao. Dengiz va Maldiv orollari siz uchun yaxshi tanlov bo‘ladi. To‘g‘ri tanlangan xobbi energiyangizni oshirishga yordam beradi. Biroq, vaqti-vaqti bilan emas, balki muntazam ravishda shug‘ullangan ma’qul. Musiqa darslari, rasm chizish, haykaltaroshlik, raqsga tushish va suzish siz uchun juda mos keladi. Agar uyqu va ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, ularni hal qilish darkor. O‘z his-tuyg‘ularingizni ifoda etishni o‘rganing, ularni ichki dialog shaklida o‘zingiz bilan olib yurmang.
Dam olishga vaqt yo‘q bo‘lsa, qanday qilib o‘zingizga dam olishga ruxsat berasiz? Ishlar, vaziyatlar, "shunday bo‘lib qoldi" qabilidagi gap-so‘zlar – bular doim bo‘ladi, lekin ko‘pincha bular hech narsani o‘zgartirmaslik uchun bahonalardir.
Hammaga maslahat shuki, dam olishni ham ishingiz va mehnatingiz kabi rejalashtiring – bunga ongli ravishda vaqt ajrating. O‘zingiz va tabiatingizni hurmat qiling.