Sharqda choy anʼanalari

21-may – xalqaro choy kuni. O‘zbekiston, Yaponiya va Xitoydagi anʼanaviy choy marosimlari haqida so‘zlab beramiz.

Sharq davlatlarida choy marosimlari sirli va juda nozik jarayon hisoblanadi. Meditasiya kabi choy tayyorlash jarayoni va choyxo‘rlikning o‘zi turli xalqlarda chuqur maʼnoga ega. Har qanday choy marosimi o‘ziga xos hordiq va anʼanalarning go‘zalligi muhitida o‘tkaziladi. Ichimlik choyning maxsus navidan tayyorlanadi, to‘g‘ri damlash esa inson tanasiga foydali taʼsir ko‘rsatadi.

“Gun Fu Cha” – Xitoy choy marosimi

Xitoy – qadimgi Osiyo choy marosimlari paydo bo‘lgan mamlakatdir. Choy tayyorlash jarayonining asosida odam, keyin esa choyning o‘zi turadi. Kung Fu Cha (Kung Fu Cha) nomi “mashaqqatli mehnat / choy mahorati” deb tarjima qilinadi.

Ushbu choy marosimi Sun sulolasi davri – choyning oltin davriga borib taqaladi. 

Avvaliga mos idish va choyni tayyorlab olish kerak, so‘ngra qaynayotgan suvni ilitilgan termosga quyish lozim. Keyin qaynagan suv choy idishiga isitish uchun quyiladi. 

Choy barglari birinchi navbatda mehmonlarga ko‘rsatiladi va faqat keyin choynakka solinadi. Shundan so‘ng, barglar ustiga qaynoq suv quyiladi va choynak qopqoq bilan yopiladi. Birinchi damlangan choy mehmonlarga quyilmaydi va to‘kib tashlanadi. 

Shundan keyin choyni qayta damlashadi va choy idishlariga quyishadi (uzunchoq chashka va piyolaga). Uzunchoq chashka piyola bilan yopiladi. So‘ngra choy ustasi ikkita idishni ham to‘nkarib, maxsus taxtacha ustiga qo‘yadi. Mehmonlar ichimlik iforini bo‘yi baland idishdan tuyishlari mumkin, so‘ngra piyoladan tatib ko‘rishadi.

Shundan so‘ng usta yana choynakni ochadi va qopqoq orqali mehmonlarga yoyilgan choy barglari hidini hidlab ko‘rishga beradi. Keyin choy damlash jarayoni takrorlanadi va ifor to‘liq ketmaguncha damlanib turaveradi. Choyning boy taʼmini uchinchi damlash ochib beradi, uning ta’mini ana endi ko‘ring!  

Choy butun iforini bergandan keyin choy barglari choynakdan olinadi va yana mehmonlarga ko‘rsatiladi. Maqsad marosim ishtirokchilariga barglarning yoyilishini ko‘rsatish. Oxirida barcha choy idishlari yuviladi va maxsus stolda quritiladi. 

Ko‘pincha Gun Fu ustalari ulun, puer, shuningdek, choyning qora va ko‘k navlarini damlashadi. 


Yapon choy marosimi

Xitoydan keyin choy marosimlarini o‘tkazish anʼanasini yaponiyalik choy ustalari o‘rganib olishdi va uni nozik urflar bilan to‘ldirishdi. Yapon tilida choy marosimi “sado” (tyado) deyiladi va choy yo‘li deya tarjima qilinadi. Ushbu mamlakatda maxsus choy ayvonlarni qurishadi, u yerga muqaddas marosim o‘tkazish uchun mehmonlar yig‘iladilar. Choyni uy egasi tayyorlaydi, bunda uning o‘zi choy ichmaydi, balki jarayonni nazorat qiladi. Yaponlar ayvonlarni bezashga va u joylashgan bog‘ni alohida jihozlashga eʼtibor qaratishadi. Taʼkidlash kerak, kunchiqar mamlakatda marosimni boshlashdan oldin katta chashkada achchiq choy beriladi, barcha mehmonlar undan bir qultumdan ichishadi. Choyga qo‘shib “namagasi” pirojenoyelari tortiladi, so‘ngra yangi damlangan choyni piyolalarga quyishadi. Choy marosimlari orqali qizlar oilaviy hayotga tayyorlanishadi. 


Aytishlaricha, yapon choyxo‘rlik marosimlarini 1500-yillarda yashagan Sen Rikyu yaratgan. Uni ikki nafar syogun choy ustasi deya Nobunaga va Xideyosi  tan olishan. Rikyu marosimi falsafasi quyidagi to‘rt qoidaga asoslangan:

  • Tozalik
  • Uyg‘unlik
  • Hurmat
  • Xotirjamlik

Shuningdek, Sen Rikyu taʼlimotiga ko‘ra yaponcha choy ichish marosimini o‘tkazishning yettita qoidasi mavjud:

  • ranglar kombinatsiyasi uchun tabiatga taqlid qilish kerak;
  • Suv ko‘mirda past olovda qaynashi lozim;
  • mehmonlar soniga qarab choy tortiladi;
  • yozgi davrda choy marosimini salqin joyda, qishda esa issiq binoda o‘tkazish zarur;
  • marosim faqat to‘g‘ri vaqtda o‘tkaziladi;
  • yaxshi havoda ham yomg‘ir boshlanishi mumkinligini hisobga olish kerak;
  • marosimda mehmonlarni kutib olayotganda doim hurmat ko‘rsating.

Marosimni o‘tkazishda yana bir qoidani taʼkidlab o‘tish joiz, u ajralmas anʼanaga aylangan. Idishlar, aksessuarlar va bino interyeri, hatto mehmonlar va mezbonlar kimonosi ham mavsumga mos bo‘lishi kerak. Choy ichish bir necha soat davom etishi mumkin

Bu kabi choy marosimlari Toshkentda Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvonsaroyida o‘tkaziladi. 

Choyxo‘rlikning o‘zbekcha anʼanalari

O‘zbekistonga choy madaniyati XIX asrda kirib kelgan, o‘sha payt xitoylik savdogarlar mamlakatga birinchi choy barglari va iforli o‘tlardan iborat to‘plamlarni olib kirishgan. 

O‘zbeklar ko‘proq ko‘k choyni qadrlashadi, bu choy qadimda nafis mis ko‘zalar ya’ni  qumg‘onlarda tayyorlangan. 

O‘zbeklarda shuningdek, ertalab shirchoy damlash odati ham bor – bu anʼanaviy ichimlik osiyolik ko‘chmanchilardan meros bo‘lib  qolgan. Bu ichimlikning ichiga choydan tashqari sut, tuz va ziravorlar solinadi. U nonushtaning o‘rnini bosa oladi. 


O‘zbekcha choy ichishning o‘ziga xos tomoni shundaki, birinchi uch bora piyolaga choy quyilib, choynakka qaytib solinadi. Faqat to‘rtinchi piyola mehmonga uzatiladi. Bu mehmonga ko‘rsatilgan hurmat va samimiy munosabatni aks ettiradi. Choyni yarim piyola qilib quyishlari ham muhim sanaladi. Anʼanalarga ko‘ra, uy egasi mehmonga qancha ko‘p choy quyib bersa, o‘sha insonning bu xonadonda hurmati shunchalik baland hisoblanadi.

Sharqdagi choy marosimi – bu urf-odatlarga bo‘lgan hurmat va do‘stlar yoki qarindoshlar bilan iliq munosabatlarni saqlash kabi odatlarning yig‘indisi, shuningdek, yoshi ulug‘ insonlarga nisbatan alohida ehtiromning belgisidir.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin